Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page

Talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi

Oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘zlashtirishini
baholash tizimi to‘g‘risida
Nizom

Umumiy qoidalar

1.Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi
va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”giqonunlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgustdagi 343-son “Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari talabalari bilimini baholash tizimini tartibga soladi 
hamda 2018/2019 va undan keyingi o‘quv yillarida o‘qishga qabul qilingan talabalarga qo‘llaniladi.
Qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv jarayoni o‘qitishning modul tizimiga asoslangan oliy ta’lim muassasalariga mazkur Nizom tatbiq etilmaydi.
2. Nizomning maqsadi talabalarning fanlarni o‘zlashtirishini xolis (obyektiv) va aniq baholanishini ta’minlashdan iborat.
3. Nizomning asosiy vazifalari:
talabalar o‘zlashtirishini baholash tizimini soddalashtirish;
talabalar o‘zlashtirishini baholash tizimini xalqaro tajribalarga uyg‘unlashtirish;
fanlarni o‘zlashtirishi bo‘yicha talabalar bilimini aniqlash va semestr (o‘quv yili) yakunlari bo‘yicha e’lon qilish orqali ularning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish;
professor-o‘qituvchilarning fan bo‘yicha talabalar o‘zlashtirishini baholash shakllarini belgilashdagi vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish.
4. Talabalar bilimi, ko‘nikma va malakalarini baholashning asosiy tamoyillari:
Davlat ta’lim standartlariga asoslanganlik, aniqlik, haqqoniylik, ishonchlilik, bilimlarni baholashda shaffoflikni ta’minlash;
baholash tartibi, mezonlari va muddatlarini oldindan e’lon kilish;
talabalar bilimini xolis va adolatli baholash hamda uning natijalarini o‘z vaqtida ma’lum qilish;
talabalarda mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Baholash turlari va shakllari

5. Har bir ishchi fan dasturi mashg‘ulot va baholash turlari, ularning shakllari va mezonlari ko‘rsatilgan holda kafedra mudiri tavsiyasi bilan oliy ta’lim muassasasi (fakultet)ning o‘quv-uslubiy kengashida muhokama etiladi va oliy ta’lim muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori (o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi.
6. Fan bo‘yicha baholash turlari, shakllari, tartibi, soni hamda mezonlari haqidagi ma’lumotlar talabalarga professor-o‘qituvchilar tomonidan dastlabki mashg‘ulotlarda e’lon qilinadi.
7. Talabalarning fan bo‘yicha o‘zlashtirishi oraliq va yakuniy baholash turlari orqali aniqlanadi.
Fan xususiyatidan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi (fakultet)ning o‘quv-uslubiy kengashi qarori bilan ushbu fandan oraliq baholash o‘tkazilmasligi mumkin.
8. Oraliq baholash (OB) – semestr davomida ishchi fan dasturining tegishli (fanning bir necha mavzularini o‘z ichiga olgan) bo‘limi tugagandan keyin talabaning bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash turi hisoblanadi.
OB talaba tomonidan ishchi fan dasturining tegishli bo‘limlari mazmunini o‘zlashtirish darajasi, talabaning adabiyotlar bilan ishlash amaliy ko‘nikmalari, muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), tahlil, mantiqiy fikrlash, o‘z fikrlarini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatini aniqlashga qaratiladi.
Har bir fan bo‘yicha OB soni (bir semestrda 2 tadan oshmasligi lozim) va shakli (yozma ish, og‘zaki, test, kollokvium, hisob-grafika ishi, ijodiy topshiriq va hokazo) fan xususiyati va unga ajratilgan umumiy soatlar hajmidan kelib chiqqan holda kafedra tomonidan belgilanadi.
OBishchi fan dasturiga asosan dekanat tomonidan belgilangan jadval asosida o‘kaziladi. Talaba OBni belgilangan muddatlarda topshirishi shart.
Hajmi (umumiy auditoriya soati) semestr davomida haftasiga to‘liq 2 akademik soatdan (tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida 4 akademik soatdan) kam bo‘lgan fanlardan OB o‘tkazilmaydi.
Amaliy (seminar), laboratoriya mashg‘ulotlari va mustaqil ta’lim topshiriqlarining natijalari OBda inobatga olinadi.
OB asosan o‘quv mashg‘ulotlari davomida amalga oshiriladi.
Talabaning OBdan olgan ijobiy baholari asosida unga yakuniy baholashni topshirishga ruxsat beriladi.
9. Yakuniy baholash (YAB) – semestr yakunida (tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida fan yakunida) muayyan fan bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarning talaba tomonidan o‘zlashtirish darajasini aniqlash turi hisoblanadi.
YAB talaba tomonidan ishchi fan dasturining semestrga (tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida fan yakuniga) mo‘ljallangan bo‘limlari mazmunini o‘zlashtirish darajasi, uning mantiqiy fikrlashi, amaliy ko‘nikmalari, muammoli vaziyatlarni hal etish (keys-stadi), tizimli va tanqidiy tahlil qila olishi, o‘z fikrlarini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatini aniqlashgaqaratiladi.
YAB tayanch tushuncha va iboralarga asoslangan yozma ish, og‘zaki so‘rov, test, ijodiy ish va kafedra tomonidan belgilangan boshqa shakllarda o‘tkaziladi.
YABni o‘tkazish jadvali o‘quv jarayoni grafigiga muvofiq fakultet dekani 
yoki o‘quv-uslubiy bo‘lim(boshqarma) tomonidan tayyorlangan oliy ta’lim muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori tomonidan tasdiqlanagan YAB jadvali asosida o‘tkaziladi. Talaba YABni belgilangan muddatlarda topshirishi shart.
10. Talabalar o‘zlashtirishini baholash yozma ish shaklida o‘tkazilganda:
yozma ishning mazmuni mantiqiy bayon etilganligi;
savol va topshiriqlarning yechimiga yangicha uslubda yondashilganligi;
yozma ishni xato va nuqsonsiz bajarilganligi e’tiborga olinadi.
Yozma ishlarni tekshirish jarayoni dekanat (o‘quv-uslubiy bo‘lim (boshqarma)) tuzgan ishchi guruh tomonidan identifikatsiya raqamlari berish orqali amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasasining Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi tomonidan nazorat qilinadi.
Yozma ish talaba tomonidan mustaqil ravishda yoziladi. Mualliflikni o‘zlashtirish (plagiat)ga yo‘l qo‘yilmaydi.Yozma ishni tekshirishda plagiat holatlari aniqlanishi, shuningdek ikki yoki undan ortiq yozma ishning mustaqil yozilganligiga shubha uyg‘otadigan darajada o‘xshash bo‘lishi ushbu barcha yozma ishlarga 
2 (qoniqarsiz) baho qo‘yish yoki ularga qo‘yilgan ijobiy bahoni bekor qilishga asos bo‘ladi.
Baholashlar bo‘yicha o‘tkazilgan yozma ishlar fakultetda (yoki kafedrada) 6 oy saqlanadi va ushbu muddat o‘tganidan so‘ng o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinadi.
11. Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari uchun OB va YAB klinik fanlar bo‘yicha – OSCE (obyektiv tizimlashtirilgan klinik sinov) yoki nazariy fanlar bo‘yicha – 
OSE (obyektiv tizimlashtirilgan imtihon), yozma, og‘zaki, test yoki ularning kombinatsiyalangan shakllarida o‘tkaziladi.
12. OB jarayonlari fakultet dekani va kafedra mudiri tomonidan tuzilgan komissiya hamda ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi ishtirokida davriy ravishda o‘rganib boriladi va uni o‘tkazish tartiblari buzilgan hollarda, komissiya xulosasi asosida OB natijalari bekor qilinadi hamda OB qayta o‘tkaziladi.
13. Oliy ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi yoki o‘quv-uslubiy boshqarma (bo‘lim, bo‘linma) boshlig‘i rahbarligida tuzilgan komissiya ishtirokida YAB ni o‘tkazish jarayoni davriy ravishda o‘rganib boriladi va uni o‘tkazish tartiblari buzilgan hollarda, komissiya xulosasi asosida YAB natijalar bekor qilinadi hamda YAB qayta o‘tkaziladi.

Baholash tartibi va mezonlari

14. Talabalarning har bir semestrda fanlarni o‘zlashtirishi har bir baholash turlari bo‘yicha: 5 (a’lo), 4 (yaxshi), 3 (qoniqarli) va 2 (qoniqarsiz) ko‘rinishida baholanadi. 5, 4 va 3 baholar ijobiy hisoblanadi. Baholashda raqam va matn bir xil talqin etiladi.
Malakaviy amaliyot, kurs ishi (loyihasi), fan (fanlararo) davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi, shuningdek magistraturada ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik ishlar hamda magistrlik dissertatsiyasi bo‘yicha talabalar o‘zlashtirishi ham yuqoridagi baholash turlari bo‘yicha baholanadi.
15. Talabaning fan bo‘yicha o‘zlashtirishini baholashda quyidagi namunaviy mezonlar tavsiya etiladi:
5 (a’lo) baho:
xulosa va qaror qabul qilish;
ijodiy fikrlay olish;
mustaqil mushohada yurita olish;
olgan bilimlarini amalda qo‘llay olish;
mohiyatini tushunish;
bilish, ifodalash, aytib berish;
fan bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lish.
4 (yaxshi) baho:
mustaqil mushohada yurita olish;
olgan bilimlarini amalda qo‘llay olish;
mohiyatini tushunish;
bilish, ifodalash, aytib berish;
fan bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lish.
3 (qoniqarli) baho:
mohiyatini tushunish;
bilish, ifodalash, aytib berish;
tasavvurga ega bo‘lish.
2 (qoniqarsiz) baho:
fan dasturni o‘zlashtirmaganlik;
fanning mohiyatini bilmaslik;
aniq tasavvurga ega bo‘lmaslik;
mustaqil fikrlay olmaslik.
16. Namunaviy mezonlar asosida kafedra tomonidan har bir fanning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda baholash mezonlari ishlab chiqiladi.
17. Baholash turlari bo‘yicha tuzilgan savollar (topshiriqlar) mazmuni (oddiydan murakkabgacha) baholash mezonlariga muvofiq talabaning o‘zlashtirishini xolis (obyektiv) va aniq baholash imkoniyatini berishi kerak.
Savollar (topshiriqlar)ning talab darajasida tuzilishi bo‘yicha mas’uliyat fan professor-o‘qituvchilari hamda kafedra mudiriga yuklatiladi. Savollar (topshiriqlar) tarkibiga ishchi fan dasturida ko‘rsatilgan barcha materiallar, xususan nazariy materiallar bilan birga mustaqil ish, laboratoriya va hisob-grafika ishlari, amaliy 
va seminar mashg‘ulotlari va boshqa materiallar ham kiritiladi.

Baholashlarni o‘tkazish muddati

18. Baholashlarni ushbu fandan o‘quv mashg‘ulotlarini olib borganprofessor-o‘qituvchilar o‘tkazadi (tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida OB va YABlar kafedrada tashkil etilgan komissiya tomonidan o‘tkaziladi).
Mazkur nizomning 12-13 va 24-bandlarga muvofiq tuzilgan komissiya xulosasi asosida kurs ishlari (loyihalari), yozma nazorat ishlarini natijalari bekor qilingan taqdirda, mazkur komissiya ko‘rsatmasi bilan baholashni o‘tkazish boshqa professor-o‘qituvchilarga yuklatilishi mumkin.
19. Hisob-grafika ishi, nazorat ishi, kurs ishi, kurs loyihasi, ijodiy topshiriqlar himoyasi, amaliy (seminar), laboratoriya mashg‘ulotlari vamustaqil ta’lim topshiriqlari va OB 5 baho (bal)lik tizimda ushbu fandan o‘tkaziladigan YABga qadar bo‘lgan muddatda topshirilishi shart. Ushbu muddatda ularni ijobiy bahoga topshirmagan talaba bu fandano‘tkaziladigan YABga kiritilmaydi va akademik qarzdor hisoblanadi.
20. Uzrli sabablarga (talabaning kasal bo‘lishi, yaqin qarindoshlari oilasida favqulodda holatlar, yashash joyi bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar, respublika 
va xalqaro miqyosdagi tadbirlarda ishtirok etish) ko‘ra baholashlarda ishtirok etmagan talabaga, o‘qishini boshlab asoslovchi hujjatlarni taqdim etgan taqdirda, fakultet dekani farmoyishi bilan baholashlarni muddatlari ko‘rsatilgan (o‘quv yili semestri davomida) shaxsiy grafik asosida topshirishga ruxsat beriladi.
21. Bir kunda faqat bitta fandan YAB o‘tkaziladi, YAB orasidagi farq kamda ikki kun bo‘lishi kerak.
22. Kuzgi semestr natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi 3 tagacha bo‘lgan talabalarga bir oygacha, bahorgi semestr natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi 3 tagacha bo‘lgan talabalarga, bitiruvchi kursdan boshqa kurs talabalariga yangi o‘quv yili boshidan qayta topshirishga qo‘shimcha bir oy muddat beriladi. Akademik qarzdorligi 4 ta va undan yuqori bo‘lgan talabalarga qayta topshirishga ro‘xsat berilmaydi va rektor (direktor)ning buyrug‘i bilan kursdan qoldiriladi. Bahorgi semestr natijalari bo‘yicha bitiruvchi kurs talabalariga o‘zlashtirmagan fanlarini (akademik qarzdorlikni) qayta topshirish uchun yakuniy davlat attestatsiyasigacha bo‘lgan muddat beriladi.
Berilgan muddatda akademik qarzdorlikni qayta topshirishlar soni 2 martadan oshmasligi kerak. Ikkinchi qayta topshirish fakultet dekani tasdiqlagan komissiya tomonidan qabul qilinadi.
Qo‘shimcha muddatlarda ham akademik qarzdorlikni bartaraf etmagan talaba fakultet dekani tavsiyasiga ko‘ra belgilangan tartibda rektor (direktor)ning buyrug‘i bilan kursdan qoldiriladi.
Malakaviy amaliyot yakunlari bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan yoki uzrli sabablarsiz malakaviy amaliyotga qatnashmagan talaba akademik qarzdor sifatida kursdan qoldiriladi.
23. Talaba baholash natijalaridan norozi bo‘lsa, fan bo‘yicha baholash turi natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat mobaynida fakultet dekaniga ariza bilan murojaat etishi mumkin. Bunday holda fakultet dekani taqdimnomasiga muvofiq rektor buyrug‘i bilan 3 (uch) a’zodan kam bo‘lmagan tarkibda apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi talabalarning arizalarini ko‘rib chiqib, 2 kungacha bo‘lgan muddatda o‘z xulosasini bildiradi. Fan o‘qituvchisining qo‘ygan bahoni asoslovchiqisqa ma’lumotini oladi.
Apellyatsiya komissiyasi o‘z xulosasida baholash jarayoni mazkur Nizom asosida o‘tkazilganligi yoki Nizom talablari buzilganligi yoxud baholash to‘g‘riligi (noto‘g‘riligi) to‘g‘risida xulosa beradi.
Apellyatsiya komissiyasi xulosasiga ko‘ra Nizom talablari buzilgan yoki baholash noto‘g‘ri bo‘lgan deb topilgan taqdirda, mazkur komissiya qarori bilan baholash qayta o‘tkaziladi.
24. Kursda qoldirilgan talaba fan(lar)ni o‘zlashtirmagan semestr boshidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini davom ettiradi va mazkur semestr bo‘yicha o‘quv rejada belgilangan ammo o‘zlashtirilmagan barcha fanlarni qayta o‘zlashtirishi hamda baholanishi talab etiladi.

Baholash natijalarini qayd qilish va tahlil etish tartibi

25. Professor-o‘qituvchilar Talabalar o‘zlashtirishini hisobga olish elektron tizimi (Elektron tizim)ga hamda kafedrada saqlanadigan qaydnomaga talabaning 
yozma nazorat ishlari, OBnishu kunning o‘zida (baholash yozma ish shaklida o‘tkazilgan bo‘lsa, uch kun muddat ichida) qayd etib boradi.
26. Talaba yozma nazorat ishlaridan OBdan 3, 4 yoki 5 baho olgan taqdirda, ya’ni ijobiy baholanganda uni qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar talaba yozma nazorat ishlarini OB yoki YAB topshirmagan bo‘lsa, u holda qaydnoma (Elektron tizim)ning ushbu talabaga mos keluvchi qatordagi tegishli katakda “0”(nol) deb yoziladi.
27. Baholash qaydnomasi fan bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini olib borgan (baholashlarni o‘tkazgan) professor-o‘qituvchilar, kafedra mudiri va fakultet dekani tomonidan imzolangandan so‘ng, dekanatda saqlanadi va talabaning stipendiyasi miqdorini aniqlashga asos hisoblanadi.
Baholash qaydnomasi rasmiylashtirilgan kun talabalarning baholash daftarlari to‘ldiriladi.
28. Baholash qaydnomasidagi 2 (qoniqarsiz) baho talabaning baholash daftariga qayd etilmaydi.
29. Oliy ta’lim muassasasining fakultet dekani Elektron tizim yuritilishi va shaffofligini ta’minlash hamda o‘zgartirilmasligi uchun mas’ul hisoblanadi.
30. Oliy ta’lim muassasasi dekanati Elektron tizim orqali semestr oxirida o‘qitish natijalari bo‘yicha alohida fanlarni,semestrdagi barcha fanlarni vabir necha semestr davomida o‘tilgan fanlarni talabalarning guruh, kurs va fakultet miqyosidagibaholarini hisoblaydi.
31. O‘quv yili yakuni bo‘yicha barcha fanlardan ijobiy bahoga o‘zlashtirgan talaba rektor buyrug‘i bilan keyingi kursga o‘tkaziladi.
Kurs yakuni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan talaba “Fakultet (kurs)ning eng yaxshi talabalari ro‘yxati”ga kiritiladi hamda fakultet dekani tavsiyasi asosida oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan rag‘batlantirishlarga, xususan talabani tanlovlarga ishtirok etishi uchun nomzodini ko‘rsatishga asos bo‘ladi.
Ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talabalar haqidagi ma’lumot oliy ta’lim muassasasi (fakulteti) e’lonlar taxtasi va saytlarida yoritiladi.
32. Ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha o‘quv rejasiga kiritilgan (har bir semestr yakunidagi fanlar bo‘yicha (tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida yakunlangan fan bo‘yicha) o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda) fanlarning 3/4 qismini hamda yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarini va bitiruv malakaviy ishi (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasini 5(a’lo) baholarga topshirgan (boshqa fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 4 (yaxshi) bahodan kam bo‘lmagan) talabaga “imtiyozli” diplom beriladi.
Diplom ilovasi yoki akademik ma’lumotnomani dekanat tomonidan rasmiylashtirishda fan bir necha semestr davom etgan bo‘lsa, fan bo‘yicha baho har bir semestrdagi baholar yig‘indisining o‘rtacha arifmetik miqdori yaxlitlab olinadi.
Talabaga imtiyozli diplom belgilashda hamda stipendiya miqdorini tayinlashda uning har bir semestr yakunidagi fanlar bo‘yicha dekanatlarda saqlanayotgan reyting qaydnomalaridagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichi hisobga olinadi.
33. Baholash natijalari kafedra yig‘ilishlari, fakultet va oliy ta’lim muassasasi Kengashlarida muntazam ravishda muhokama etib boriladi va tegishli qarorlar qabul qilinadi.
34. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘zlashtirishini baholash tizimini 5 baho yoki 100 ballik tizim va ilg‘or xorijiy davlatlar oliy ta’lim tizimida qo‘llaniladigan baholash tizimiga qiyosiy taqqoslash hamda ularga o‘tkazish mazkur Nizom ilovasida keltirilgan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi.

Yakuniy qoidalar

35. Oliy ta’lim muassasasi talabalarining fanlarni o‘zlashtirishini baholash 
va reyting nazorati tizimi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi faoliyatidan norozi bo‘lganlar belgilangan tartibda, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
36. Oliy ta’lim muassasasi Kengashi qarori bilan muassasa xususiyatidan kelib chiqib, mazkur Nizom tartiblariga qo‘shimcha tartib-qoidalar kiritish mumkin.
37. Ushbu Nizomda belgilangan masalalar bo‘yicha kelib chiqqan nizolar qonun hujjatlari asosida hal qilinadi.
Oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘zlashtirishini baholash va reyting nazorati tizimi to‘g‘risida nizomga ilova

1-jadval

Baholashni 5 baholik shkaladan 100 ballik shkalaga o‘tkazish jadvali

5 baholik shkala 100-ballik shkala   5 baholik shkala 100-ballik shkala   5 baholik shkala 100-ballik shkala
5,00-4,96 100 4,30-4,26 86 3,60-3,56 72
4,95-4,91 99 4,25-4,21 85 3,55-3,51 71
4,90-4,86 98 4,20-4,16 84 3,50-3,46 70
4,85-4,81 97 4,15-4,11 83 3,45-3,41 69
4,80-4,76 96 4,10-4,06 82 3,40-3,36 68
4,75-4,71 95 4,05-4,01 81 3,35-3,31 67
4,70-4,66 94 4,00-3,96 80 3,30-3,26 66
4,65-4,61 93 3,95-3,91 79 3,25-3,21 65
4,60-4,56 92 3,90-3,86 78 3,20-3,16 64
4,55-4,51 91 3,85-3,81 77 3,15-3,11 63
4,50-4,46 90 3,80-3,76 76 3,10-3,06 62
4,45-4,41 89 3,75-3,71 75 3,05-3,01 61
4,40-4,36 88 3,70-3,66 74 3,00 60
4,35-4,31 87 3,65-3,61 73 3,0dan kam 60 dan kam

2-jadval

Oliy ta’limda talabalar o‘zlashtirishini baholash tizimlarini qiyosiy taqqoslash jadvali

Taklif etilayotgan O‘zbekiston tizimi Rossiya tizimi

(MDU)*

Yevropa kredit transfer tizimi (ECTS – European Credit Transfer System) Amerika tizimi

(A- F)

Britaniyatizimi

(%)

Yaponiya tizimi

(%)

Koreya
tizimi

(%)

“5” “5” “A” “A+” 70-100 80-100 90-100
“A”
“A-” 65-69
“4” “4” “B” “B+” 60-64 70-79 80-89
“C” “B” 50-59
“B-”
“3” “3” “D” “C+” 45-49 60-69 70-79
“E” “C” 40-44
“C-”
“D+” 60-69
“D”
“D-”
“2” “2” “FX” “F” 0-39 0-59 0-59
“F”