Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page

Kadrlar bo’limi

Kadrlar bo’limi boshlig’i

MIRZAYEV QAXRAMONJON SULTONOVICH

  Telefon: (0374) 223-44-45

  E-mail: kadr@andmiedu.uz

 Kadrlar bo’limi haqida

Kadrlar bo‘limi o‘z ish faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunlari Farmon va farmoyilari, Oliy Majlisi qarorlari, Mehnat kodeksi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyruqlari, institut Kadrlar bo‘limi Nizomi va har yili institut rektori tomonidan tasdiqlangan Kadrlar bo‘limining yillik ish rejasiga muvofiq yuritadi.

Kadrlar bo‘limi institutning yagona kadrlar siyosati shakllantirilishi va amalga oshirilishini ta’minlovchi mustaqil tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Bo‘lim o‘z faoliyatini tarkibiy bo‘limlar rahbarlari va kafedralar mudirlari bilan hamjihatlikda amalga oshiradi, inson resurslarini boshqarishning asosiy vazifasi – ulardan foydalanish samaradorligini oshirish masalasi hal etilishi uchun javob beradi. 
Bo‘limning asosiy vazifalari kadrlar ta’minoti, institut xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning professional darajasini oshirish sohasida yagona siyosat ishlab chiqish va uni amalga oshirish, rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish uchun kadrlar zahirasini shakllantirish va tayyorlash, institut tuzilishi va shtatini maqbullashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda qatnashish, xodimlar bilan ishlashda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash, institut xodimlarining ish qobiliyatini oshirish maqsadida ishlash uchun normal shart-sharoit yaratish va jamoada sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni saqlab turish, kadrlar ishiga oid yangi usullar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, kadrlarga doir hujjatlarni standartlash va unifikatsiyalash, axborot-texnologik vositalarni qo‘llash asosida xodimlarni boshqarish jarayonlarini takomillashtirishdan iborat.

Institut kadrlar bo‘limi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • institut rahbariyati va bo‘lim boshliqlari bilan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ga muvofiq zamonaviy talablarga javob beruvchi kadrlar tayyorlash jarayoni uchun layoqatli, yuqori malakali, chuqur kasbiy bilimga ega, ilmiy yutuqlarga erishgan ijodiy-ilmiy salohiyatli, yuqori idrok va axloqli xodimlarni tanlash-saralash, ishga qabul qilish;
  • professor-o‘qituvchi, o‘quv-yordamchi va ma’muriy-xo‘jalik xodimlarni mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilish, boshqa lavozimga o‘tkazish va ishdan ozod qilish to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtiradi;
  • mehnat daftarchalarini saqlash, to‘ldirish, kadrlar bo‘yicha belgilangan xujjatlarni rasmiylashtirish;
  • ta’tilga chiqish grafiklarini tuzish va uning bajarilishini nazorat qilish;
  • mehnatga layoqatsizlik varaqalarini rasmiylashtirish va ruyxatga olish;
  • rag‘batlantirish va mukofotlash buyicha ma’lumotlarni hisobga olish;
  • xodimlarga nafaka belgilash buyicha xujjatlarni tayyorlash;
  • xizmat safarlarini rasmiylashtirish va xizmat safarlari buyicha buyruqlarni tayyorlash;
  • institut xodimlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shaklantirish va diomiy yangilab borish;
  • ta’limning barcha shakllari bo‘yicha institut talabalarining shaxsiy hujjatlarini qabul qilish, yuritish va saqlash;
  • talabalar bo‘yicha buyruqlarni qayd etish va tekshirish (qabul qilinganligi, boshqa joyga o‘tkazilganligi, tiklanganligi, talabalar safidan chiqarilganligi, rag‘batlantirilganligi va boshqalar);
  • bitiruvchilar va talabalar safidan chiqarilgan talabalar shaxsiy hujjatlarini belgilangan tartibda yuritish va arxivga topshirish;
  • bitiruvchi talabalarga diplomlarni rasmiylashtirish, qayd etish va topshirish;
  • Har oyda tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlarni topshirish.

 

NIZOMI

I. Umumiy qoidalar.

1. Kadrlar bo‘limi
Bo‘lim bevosita Institut rektoriga bo‘ysunadi.
2. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga, yo‘riqnomalarga, shuningdek Institut Ustaviga, Institut rektorining buyruqlari va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga tayanadi.
3. Bo‘lim o‘z faoliyatini tarkibiy bo‘limlar rahbarlari va kafedralar mudirlari bilan hamjihatlikda amalga oshiradi, inson resurslarini boshqarishning asosiy vazifasi – ulardan foydalanish samaradorligini oshirish masalasi hal etilishi uchun javob beradi.

II. Asosiy vazifalar

4. Bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • kadrlar ta’minoti, Institut xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning professional darajasini oshirish sohasida yagona siyosat ishlab chiqish va uni amalga oshirish;
  • rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish uchun kadrlar zahirasini shakllantirish va tayyorlash;
  • Institut tuzilishi va shtatini maqbullashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda qatnashish;
  • xodimlar bilan ishlashda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash;
  • Institut xodimlarining ish qobiliyatini oshirish maqsadida ishlash uchun normal shart-sharoit yaratish va jamoada sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni saqlab turish;
  • kadrlar ishiga oid yangi usullar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, kadrlarga doir hujjatlarni standartlash va unifikatsiyalash, axborot-texnologik vositalarni qo‘llash asosida xodimlarni boshqarish jarayonlarini takomillashtirish.

III. Bo‘limning funksiyalari

5. Bo‘lim o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq, quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  • amaldagi konun hujjatlariga muvofiq, Institut xodimlari tanlanishi va joy-joyiga qo‘yilishini ta’minlash;
  • Institut bo‘limlari va kafedralardagi kadrlar bilan bog‘liq vaziyat dinamikasini muntazam tahlil qilib borish, undagi o‘zgarishlarni prognozlash;
  • xodimlarning amaliy va professional sifatlarini o‘rganish, ularning professional va lavozim pog‘onalarida o‘sishini rejalashtirish;
  • boshqaruvning barcha darajalari uchun ta’sirchan kadrlar rezervini yaratish va uni aniq maqsadli tayyorlab borish; 
  • kadrlar rezervi rahbarlik lavozimlariga o‘tishga tayyorligini davriy ravishda baholash;
  • xodimlar attestatsiyadan o‘tkazilishini tashkil etish, attestatsiya yakunlarini tahlil qilish, tegishli hujjatlar hamda buyruqlarni tayyorlash va rasmiylashtirish;
  • Institut xodimlarini ishga qabul qilish, boshqa ishga o‘tkazish va ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida takliflar tayyorlab, ko‘rib chiqish uchun rahbariyatga takdim etish;
  • xodimlarning zarur malaka darajasini saqlab turish, kadrlarni o‘qitish hamda malakasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratish va u samarali ishlashini ta’minlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish va rahbariyatga takdim etish;
  • Institut uchun kadrlar tayyorlash maqsadida, oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik qilishini ta’minlash;
  • ishga yangi qabul qilingan xodimlar umumiy va professional ko‘nikishi borasidagi ishlarni olib borish, kadrlar qo‘nimsizligi sabablarini o‘rganish, kadrlarni barqarorlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
  • moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning amaldagi chora-tadbirlari samaradorligini tahlil qilish, ular xodimlarning mehnat va ijtimoiy faolligini oshirishga ta’sirini kuchaytirish yuzasidan takliflar hamda tavsiyalar kiritish, rag‘batlantirishning yangi turlarini ishlab chiqish;
  • zamonaviy axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalangan holda kadrlarni boshqarish usullarini joriy etish;
  • kadrlar shaxsiy tarkibining shaxsiy va statistik hisobini yuritish hamda belgilangan hisobotlarni tayyorlash;
  • xodimlarning mehnat daftarchalari, shaxsiy yig‘majildlari, kartoteka va boshqa hisobga olish materiallarini yuritish hamda saqlash;
  • kadrlarga oid va ijtimoiy masalalarni hal etishda Institutning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlariga va kafedra mudirlariga maslahatlar hamda metodik yordam berish;
  • Institut bo‘linmalarida va kafedralarida kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash masalalarida O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish;
  • Institut bo‘linmalarining rahbarlari va kafedra mudirlari bilan birgalikda chet elga xizmat safarlariga yuborish uchun nomzodlarni tanlash va bu xodimlarni rasmiylashtirish, xizmat safariga yuboriladigan mutaxassislar hisobini yuritish;
  • xodimlarning xizmat safarlari bo‘yicha buyruqlar tayyorlash, xizmat safari guvohnomalarini rasmiylashtirish va berish;
  • mehnat ta’tillaridan o‘z vaqtida foydalanilishini nazorat qilish, belgilangan tartibda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish;
  • amaliy ishda alohida o‘rnakk o‘rsatgan xodimlar, shuningdek yubilyarlarni davlat mukofotlari, faxriy yorliqlar, mukofotlar bilan takdirlash hamda ular uchun rag‘batlantirishning boshqa turlarini qo‘llash yuzasidan materiallarni belgilangan tartibda tayyorlash;
  • Institut xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishga, mehnat uchun qulay shart-sharoit yaratish, dam olishni tashkil etish va ular salomatligini himoyalashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish; belgilangan tartibda kasallik varakalarini rasmiylashtirish, Institut xodimlariga pensiyalar tayinlanishi munosabati bilan hujjatlarni tayyorlash;
  • Institut bo‘linmalarida mehnat intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etish, Institut xodimlarining intizomiy javobgarligi masalalari bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun takliflar tayyorlash;
  • tasdiqlangan tartibga muvofiq, Institut xodimlariga xizmat guvohnomalari va ruxsatnomalar rasmiylashtirilishi hamda berilishini tashkil etish;
  • xodimlarning xozirgi va avvalgi mehnat faoliyati to‘g‘risida ma’lumotnomalar berish; 
  • Institut xodimlariga va ishga kirayotgan shaxslarga maslahatlar berish, Bo‘lim vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan fuqarolarning xatlari va murojaatlarini ko‘rib chiqish.

IV. Huquqlar

6. Kadrlar bo‘limi xodimlari Bo‘lim zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish davomida quyidagi huquklardan foydalanishlari mumkin:

  • kadrlar bilan ishlash bo‘yicha rejalar va dasturlarni ishlab chiqish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda Institutning tarkibiy bo‘linmalari va kafedralaridan so‘rash va olish;
  • Institut bo‘linmalari va kafedrlari mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hamda kadrlar ta’minoti masalalari bilan bog‘liq me’yoriy-huquqiy hujjatlarga qanday rioya etayotganligini nazorat qilish va tekshirish;
  • qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish, amaldagi mehnat qonunchiligi talablari bajarilishini ta’minlamagan yoki ular buzilishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlar va boshqa xodimlarni javobgarlikka tortish yuzasidan Institut rahbariyatiga takliflar berish;
  • kadrlar bilan ishlash hamda Institut tuzilishi va shtatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan belgilangan tartibda rahbariyatga takliflar kiritish;
  • Institut rahbariyati o‘tkazadigan yig‘ilishlar va kengashlar ishida qatnashish;
  • Bo‘lim ishi bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun Institutning boshqa tarkibiy bo‘linmalari va kafedralari mutaxassislarini jalb etish (tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari bilan kelishgan holda).

V. Ishlarni tashkil etish

7. Bo‘lim o‘z ishini Institut rahbariyati tasdiqlaydigan, istiqbol uchun ishlab chiqilgan hamda joriy rejalar asosida tashkil etadi.
8. Bo‘limga Institut rektori tayinlaydigan boshliq rahbarlik qiladi. 
9. Bo‘lim boshlig‘i:

  • Bo‘lim zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish ishlari puxta tashkil etilishini ta’minlaydi;
  • Bo‘lim zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi, shuningdek Bo‘limda olib borilayotgan ishlarning tijorat sirini saqlash ta’minlanishi uchun shaxsan javob beradi;
  • Institut xodimlarini ishga qabul qilish, boshqa ishga o‘tkazish va ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va kafedralar mudirlari bilan kelishilgan takliflar kiritadi;
  • Institutning tarkibiy bo‘linmalari va kafedralari nomiga yuboriladigan, rahbariyat qarorlarini talab qilmaydigan xatlarni imzolaydi.
  1. Bo‘limning tuzilishi va shtatlari soni belgilangan tartibda tasdiqlanadi.