Ishonch raqami: 0(374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page

Bu yil test varaqasida 30 ta savol bo’ladi. Kirish imtihonidagi asosiy o’zgarish va yangiliklar

Bu yil test varaqasida 30 ta savol bo’ladi. Kirish imtihonidagi asosiy o’zgarish va yangiliklar

«Oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to’g’risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o’qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlari o’tkazish tartibi to’g’risidagi nizom tasdiqlangan.

Mazkur nizomga asosan, o’qishga qabul qilish to’g’risidagi arizalar har yili 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi (bungacha qabul jarayoni 20 iyundan 20 iyulga qadar edi).

Endilikda test sinovlari har yili 1 avgustdan 15 avgustga qadar, kuniga ikki smenada o’tkaziladi. Bunda birinchi smena soat 8:00da, ikkinchi smena 15:00 da boshlanadi.

Abituriyent test sinovlari o’tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 13:30) gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kirishi lozim, u test sinovlari boshlanganidan so’ng binoga tegishli hududga kira olmaydi. Abituriyent ruxsatnomasida ko’rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etishi mumkin, ushbu sana va vaqt qat’iy hisoblanib, abituriyent boshqa vaqtda va sanada test sinovlarida ishtirok etishi mumkin emas.

Test topshiriqlari umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o’quv dasturlariga muvofiq tuziladi.

Abituriyentlar tanlagan ta’lim yo’nalishlariga qarab tegishli ravishda, bir, ikki yoki uch fan majmuasi bo’yicha test sinovi topshiradi.

Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig’ini o’z ichiga oladi (avvalgidek 36 tadan emas). Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to’ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig’iga 1 soat, 60 ta test topshirig’iga 2 soat, 90 ta test topshirigiga 3 soat vaqt beriladi.

Abituriyentlar talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani to’g’risida belgilangan tartibda tasdiqlangan test sinovlari natijalari test sinovi o’tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy saytida e’lon qilinadi hamda oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.

Test sinovlari natijasidan norozi bo’lgan abituriyentlar 20 avgustdan 30 avgustgacha bo’lgan muddatda O’zbekiston ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish bo’yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega bo’ladi.

Test sinovlari Toshkent shahridagi «O’zekspomarkaz» milliy ko’rgazmalar majmuasi pavilonlarida va uning hududida o’rnatiladigan qo’shimcha yig’ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig’imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa — olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig’imdagi binolarida o’tkaziladi.

Binoda test sinovlari jarayonini to’liq nazorat qilish maqsadida qoida tariqasida, 30 nafar abituriyent uchun bitta videokuzatuv tizimi o’rnatilishi, jarayonni abituriyentlarning ota-onalari onlayn tarzda kuzatishi uchun zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishi shart. Binoda bir nafar abituriyentga qoida tariqasida 2 metr kvadratdan kam bo’lmagan joy tayyorlanadi.

Hududlar bo’yicha test sinovlari o’tkaziladigan bino va guruhlarning alohida tartib raqami takrorlanmaydigan ketma-ketlikda raqamlangan bo’lishi lozim.

Har bir guruh alohida o’tirish o’rniga ega bo’lgan 30tadan stol bilan ta’minlanib, stollar birdan o’ttizgacha raqamlanishi lozim. Guruh nazoratchisi uchun test materiallarini tarqatish va qabul qilishga alohida stol va stul ajratilib, stol uzluksiz videokuzatuv bilan ta’minlanadi.

Test o’tkaziladigan bino joylashgan hududda, binoga kirish joylarida test jarayoni uchun zarur axborot, texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratilgan bo’lishi lozim.