Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qo’shimcha kontrakt (xalq tilida «super kontrakt») haqida savollar ko’paydi. SHularni inobatga olib, qo’shimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berishga harakat qilaman.

  • Qo’shimcha kontrakda o’qish uchun necha ball olish kerak?

Farqi yo’q. Testga kirgan bo’lsa, kifoya. 1 ball olgan bo’lsa ham, qo’shimcha kontraktda o’qishi mumkin. Faqat narxi baliga qarab farq qiladi.

  • Qo’shimcha kontrakda o’qishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak?

O’qishga kira olmagan abituriyentlar qo’shimcha kontraktda o’qish uchun 26 sentyabr – bugundan boshlab ariza bersa bo’ladi. Lekin maslahatim, bugun-erta (shanba-yakshanba) borib o’tirmang. Dam olish kuni. Dushanba kunidan borsangiz ma’qulroq. Arizani 1 oy ichida bersangiz bo’laveradi, shoshilish shartmas. Kim birinchi ariza bersa, o’sha birinchi qabul qilinadi degan qoida yo’q. To’plangan ballga qarab tartibga solinadi.

  • Ariza qaerga beriladi?

Qo’shimcha kontraktda o’qish istagida bo’lganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.

  • Beshta yo’nalishdan qaysi birida o’qish mumkin?

O’tgan yili istalgan 3 ta yo’nalishdan birida super-kontraktda o’qishga ruxsat berilgandi. Olingan ma’lumotlarga ko’ra, joriy yilda ham istalgan beshta yo’nalishdan birida (xohlasa birinchi, xohlasa beshinchi) o’qishga ruxsat beriladi.

  • O’qishga kirganlar boshqa yo’nalishga super-kontraktni tanlay oladimi?

Masalan, birinchi yo’nalishga bali yetmadi, lekin ikkinchi yo’nalishga o’qishga kirdi. Abituriyent ikkinchida o’qishni istamay, birinchi yo’nalishda super-kontraktda o’qiy oladimi? Yo’q, o’qiy olmaydi. Agar abituriyent beshta yo’nalishdan qaysidir biriga xoh grant, xoh kontraktga kirgan bo’lsa, unda boshqa yo’nalishlarda super-kontrakt qilolmaydi.

  • Qo’shimcha kontraktning narxi qancha?

Qo’shimcha to’lov-kontrakt miqdori amalda o’rnatilgan to’lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

1-toifa

Kirish chizig’iga 4 ball yetmaganlar nisbatan ancha arzon kontrakt to’laydi. Jumladan:

1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – 1,5 barobar;

1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,0 barobar;

2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,5 barobar;

3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun – 3,0 barobar.

Masalan, kirish bali 140 bo’lgan deylik. 139 ball to’plagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini to’laydi. Masalan, asli 10 mln so’m kontrakt bo’lsa, 15 mln so’m to’lasa kifoya.

138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini to’laydi, ya’ni 20 mln so’m. Va h.k.

2-toifa

56,7 balldan ko’p to’plagan, lekin kirish chizig’iga 4 balldan ko’proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan oshiq miqdorda to’laydi.

Masalan, yana o’sha kirish 140 ball bo’lgan yo’nalishni misol olsak, 135,9 balldan kam 56,7 balldan ko’p to’plaganlar 2-toifaga tushadi.

Joriy yilda 2-toifa uchun narxlar hali tasdiqlanmadi. O’tgan yildagi narxlarni quyidagi manzildan (t.me/xushnudbek/3180) ko’rib olishingiz mumkin. SHuningdek, joriy yildan super-kontrakt narxlarini OTMlar o’zlari belgilashadi.

3-toifa

56,7 balldan kam to’plaganlar (masalan, 1 ball bo’lsa ham) 2-toifadagi super-kontrakt miqdorining 2 barobarini to’lab o’qishlari mumkin. Masalan, oddiy super-kontrakt 15 barobar bo’lsa, 56,7 balldan kam to’plaganlar 30 barobar to’lab, super-muper kontraktda o’qishi mumkin.

  • Qo’shimcha kontrakt har yili to’lanadimi yoki bir marta?

Bir marta to’lanadi. 1-o’quv yilini tugatgandan so’ng keyingi yillarda el qatori oddiy kontraktni to’lab o’qishadi.

  • Magistraturada ham qo’shimcha qabul bormi?

Ha, bor. Faqat magistraturada bakalavrga o’xshab tabaqalashtirilgan qimmat kontrakt to’lanmaydi, oddiy kontrakt narxi qancha bo’lsa, qo’shimcha qabul qilingan magistrlar ham shuncha to’lashadi.

  • Super-kontraktni bo’lib-bo’lib to’lasa bo’ladimi?

O’tgan yili super-kontraktni yil davomida ikkiga bo’lib yoki hattoki oylarga bo’lib to’lash imkoniyati ham berilgan edi. Joriy yilda ham berilsa kerak.

  • Super-kontrakt uchun ta’lim krediti olsa bo’ladimi?

Yo’q, super-kontrakt uchun ta’lim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan. Lekin banklar bozor narxlarida o’z kreditlarini taklif etishi mumkin.

 

Manba: 👉 @xushnudbek (https://t.me/joinchat/AAAAAEe1KDBvEJXcI9H2RQ) 👈