Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Xabaringiz bor joriy yilning iyun oyidan boshlab Andijon shahrida yoshlar texnoparkini bunyod etish harakatlari boshlangan edi. Ayni damda texnopark Andijon mashinasozlik instituti avtomobilsozlik fakulteti binosi hududida qad rostlamoqda. Bugun qurilish jarayonlari bilan tanishish maqsadida texnoparkka uning yosh direktori Abdulaziz Yakubov tashrif buyurdi. Albatta bu eng birinchi va eng so‘nggi tashrif emas, ahamiyatlisi shundaki unga bu safar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Ilxamov Azizbek hamroxlik qildi. Tashrif davomida yoshlar tomonidan, qizg‘in davom etayotgan ish suratini yanada oshirish masalasi muhokama qilindi.Texnoparkdagi qulayliklar, xonalarning o‘lchami borasida qurilish loyihasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar o‘rtaga tashlandi.

 

     Tashrif davomida yosh innovatorlar institutning yosh olim va tadqiqotchilari tomonidan ishlab chiqilgan, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik kabi sohalarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan innovatsion ishlanmalar bilan tanishtirildi. Agar yuqori tashkilotlar tomonidan ushbu loyihalar moliyalashtirilsa,  kutilgan samarani berishi mumkinligini aytib o‘tdi institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Ulug‘bek Madrahimov.

     Yoshlar o‘zlarining yaqin kelajakda faoliyat olib boradigan maskanga tashrifi insonni quvontiradi. Demak ularga berilgan imkoniyatlardan mas’uliyat bilan foydalanishmoqda. Ahamiyatlisi shundaki, texnoparkning loyihasi ham aynan yosh muhandis tomonidan ishlab chiqilgan. Bu haqda boshqa batafsil axborot beramiz. Muxtasar qilib aytganda yoshlar o‘z kelajagi bilan birgalikda mamlakatning ertasini ham o‘z bilimi asosida bunyod etmoqda.  

 

Institut matbuot kotibi 

Otabek Odilov