Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Har bir kunni yangiliklar, yangilanishlar bilan kutib olayotgan, bugunidan ko‘ngli to‘q, ertasiga esa katta umid va ishonchlar bilan qarayotgan  yurtdoshlarimiz eng ulug‘, eng aziz bayramimiz xisoblanmish mustaqillik  bayramini ko‘zlarida quvonch bilan kutib olishmoqda.

     O‘z taraqqiyot yo‘lini yangi bosqichiga dadil qadam qo‘yayotgan, mustaqil davlatimiz, muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev boshchiligida O‘zbekistonning yangi, ochiq, demokratik va insonparvar qiyofasini yaratmoqda. Jonajon xalqimizning ertaga emas, bugun baxtli yashashi uchun amalga oshirilayotgan mazkur islohotlarning ta’sirini har bir yurtdoshimiz qatori oliy ta’lim tizimida mehnat qilayotgan ziyolilar, ta’lim tizimidagi ulkan o‘zgarishlar misolida ko‘rib, sezib turibdi.

     Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ta’biri bilan aytganda, oyning o‘n beshi yorug‘ bo‘lsa, o‘n beshi qorong‘u bo‘lganidek, hayot ham turli sinov va qiyinchiliklardan iborat ekanligini bugun barchamiz guvohi bo‘lmoqdamiz. Buni biz butun yer yuzi aholisini jiddiy tashvishga solayotgan xavf koronavirus pandemiyasi misolida ko‘rishimiz mumkin.

     Afsuski, bu o‘tkinchi sinovlar bizga ham yetib keldi. Kutilmaganda hayot tarzimizni, odatlarimizni, bir maromda ketayotgan jarayonlarni o‘zgartirishimizga, yangi talab va shartlar asosida yashashga, mehnat qilishga va o‘qishga o‘rganishimizga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, bu xolat ta’lim tizimiga ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatmay qo‘ymadi.

     Xalqimiz va butun insoniyat boshidan kechirayotgan bugungi sinovli kunlarda yoshlarning uzluksiz ta’lim olishi muhim ahamiyatga ega. Shu bois hukumatimiz va davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan karantin davrining boshidanoq mamlakatimiz yoshlari ta’lim olish jarayonlaridan uzilib qolmasliklari uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirildi.

     Barcha oliy ta’lim muassasalari qatori Andijon mashinasozlik instituti ham talabalarga to‘liq masofaviy ta’lim berish jarayoniga o‘tdi.

     Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan fanlar bo‘yicha tayyorlangan 100 dan ortiq videodarslarni Youtube.com ijtimoiy tarmog‘idagi institutning rasmiy sahifasiga hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ochilgan masofaviy ta’lim portal tizimi education_online guruhiga joylashtirildi.

     Professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan elektron ta’lim resurslari (o‘quv-uslubiy majmua, o‘quv-uslubiy ko‘rsatma, mahruzalar kursi, bitiruv-malakaviy ishlar va hokazolar) ZiyoNET ta’lim ‘ortali (http://library.ziyonet.uz/uz)  ga ham muntazam ravishda joylanib kelinmoqda.

     Institutda bir necha yildan buyon MOODLE masofaviy ta’lim platformasi http://moodle.andmbi.uz., o‘quv jarayonida  muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda. Yangi o‘quv yilidan esa, ushbu platforma, yangicha ko‘rinish va qo‘shimcha imkoniyatlar bilan o‘zgartirildi.

     O‘z o‘rnida, bu yilgi abiturientlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ham alohida e’tirof etish joiz. Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda davlat grantining ko‘paytirilishi, tegishli imtiyozga ega xotin-qizlar uchun alohida o‘rinlarining ajratilishi va boshqa bir qator yangiliklar abiturientlar uchun Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi desam so‘zim mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

     Bugun biz ta’lim tizimida mehnat qilayotgan ziyolilar, xalqni o‘tayotgan har bir kunidan rozi bo‘lib, ko‘ngli to‘q yashashlari uchun jon kuydirayotgan Muhtaram yurtboshimizning yonlarida turib, bugungi sinovli damlarda mas’uliyatni yanada teran his qilgan holda, eng ulug‘, eng aziz bayram — Mustaqilligimizni oilaviy bayram sifatida uyda, yaqinlari davrasida nishonlashga chaqirib qolamiz. Bu orqali qadriyatlari qadr topgan mustaqil yurtimiz aholisi salomatligini, osoyishtaligi va oydin kelajagini ta’minlagan bo‘lamiz.

     O‘z navbatida yurt taraqqiyoti va ravnaqiga xissa qo‘shib, o‘z oldilariga yetuk kadrlar tayyorlashni maqsad qilib olgan Andijon mashinasozlik instituti jamoasi nomidan barcha yurtdoshlarimizni eng ulug‘, eng aziz bayram — Mustaqillik ayyomi bilan muborakbod etib qolaman.

      O‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling!

     Mustaqillik ayyomingiz muborak bo‘lsin!

 

     Umid Muxtaralievich Turdialiev – Andijon mashinasozlik instituti rektori