Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020-yil 16-iyuldagi 87-06-599-sonli xatida belgilangan vazifalar ijrosini hamda Andijon mashinasozlik institutida 10-iyuldan 1-avgustga qadar bo‘lgan davrda institut professor-o‘qituvchilari va talabalari orasida amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejasining ijrosini ta’minlash maqsadida institutda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar va talabalar orasida korruptsiyaning oldini olish maqsadida “Korruptsiya va poraxo‘rlikka qarshi birgalikda kurashamiz!” mavzusida “ZOOM” platformasida onlayn muloqot tashkil etildi.  

   

Onlayn muloqotda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasi xodimlari I.G‘oziboev, N.Abdusattorov va Andijon shahar qozisi M.Rojiddinovlar ishtirok etdilar.

     Muloqotni institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori A.Ermatov kirish so‘zi bilan ochib, so‘z navbatini Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasi xodimi I.G‘oziboevga berdi.

     I.G‘oziev o‘z so‘zida oliy ta’lim tizimida uchrayotgan korruptsion holatlar xususida alohida to‘htalib, tizimda bunday salbiy holatlarni oldini olish bo‘yicha Respublikamiz Prezidenti tomonidan korruptsiyani oldini olish borasida olib borayotgan islohotlari xususan, O‘zbekistonda tashkil etilgan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi va ushbu agentlikka berilgan huquqlar va ularning vazifalari xususida gapirdi.

 

     Shundan so‘ng so‘z navbati Andijon shahar qozisi M.Rojiddinovga berildi.

    M.Rojiddinov muloqotda so‘z olib, jamiyatimizda uchrayotgan korruptsiya illatining salbiy oqibatlari, korruptsiya va poraxo‘rlikning yetishib chiqayotgan yosh avlod hamda jamiyat kelajagiga yetkazadigan salbiy oqibatlari to‘g‘risida so‘z yuritib, ushbu illatning dinimizda qanchalik og‘ir gunohligi, bu illatning jamiyatga yetkazadigan katta zararlari xususida Qur’oni karim oyatlaridan, xadislardan va zamonamiz ulamolarining fikrlaridan misollar keltirib o‘tdi.

     Muloqotda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon viloyat boshqarmasi xodimi N.Abdusattorov so‘z olib, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan 2020-yil 6 oyi davomida korruptsiya holatlarini fosh etish borasida olib borilgan tadbirlar davomida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilganligi, bu borada ko‘rilgan chora-tadbirlar yetarli samara bermayotgani, bundan tashqari, ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarining shaffof, xolisona va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash borasida ta’lim muassasalarida tashkil etilgan qabul komissiyalarining mas’uliyatini oshirish lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

 

     Shuningdek, onlayn muloqotda respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalaridan ishtirok etayotgan qatnashchilarning fikr mulohozalari tinglandi.

 

Otabek Odilov 

Institut matbuot kotibi