Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Assalomu alaykum xurmatli institutimiz jamoasi!

     Ayni shu kunlarda pandemiyaga qarshi kurashishning navbatdagi bosqichini boshdan kechirmoqdamiz. So‘nggi kunlarda yurtimizdagi koronovirus kasalligiga chalingan insonlar soni keskin ortib ketganligi, yana bir bor karantin e’lon qilinishiga sabab bo‘ldi. Tabiiyki bir qator sohalar faoliyatiga cheklovlar qo‘yildi. Ammo ayni shu kunlarda yurtimizdagi barcha ilmga chanqoq yoshlar, kechalarni bedor o‘tkazib, yaqinlashib kelayotgan davlat imtixonlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdalar. Bu esa ta’lim sohasi vakillariga ikki karra mas’uliyat yuklaydi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir tomondan virus xavfi chang solib turgan bo‘lsada, imkon qadar onlayn qabul jarayonlari, masofaviy ta’limni sifatli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qilayotgan sa’y-harakatlaringizni qadrlayman hamda ushbu pandemiya davrini barcha oila-a’zolaringiz bilan birgalikda qat’iy intizom bilan o‘tkazib, sog‘-salomat yaxshi kunlarga yetib borishingizga tilakdoshman!

     Aziz talabalar!

     Hozirda butun dunyo mamlakatlarida birgina tahlika, virus tahlikasi kezib yurmoqda. Hozirda odatiy hayot tarziga qaytgan davlatlar nomlari, ommaviy axborot vositalari, internet manbaalarida yangramoqda. Natijaga esa faqatgina belgilangan tartibga amal qilgan holda erishilganligi hech birimizga sir emas. Pandemiya qaysidir ma’noda, bir vaqtlar ma’daniyat va ma’rifatdan butun dunyo ahliga dars bergan buyuk zotlar yetishib chiqqan ushbu yurt farzandlaridan, ayni paytda yana bir bor barchaga o‘rnak ko‘rsatish vazifasi qo‘ydi desam to‘g‘ri bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan tartiblarga amal qilishda yetakchilikni qo‘lga olasiz degan umiddaman.

     Qardli ilmga chanqoq yoshlar!

     Ushbu karantin davrini “Imtixon davri” deyishdan ko‘ra, ko‘proq “Imkon davri” deb atashni istagan bo‘lar edim. Sababi ayni pandemiya sharoitida ko‘plab ta’lim resurlaridan foydalanish uchun keng imkoniyat yaratilmoqda. Bo‘sh vaqtingizdan unumli foydalanib o‘z ustingizda ishlashda davom eting. Vaqtdan samarali foydalanib, yangi g‘oyalarni o‘ylashda Sizlarga kuch-quvvat tilayman!

Xurmat va ehtirom ila,

Turdialiyev Umid Muxtaraliyevich