Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Har tong uyqudan ko‘z ochib, yaxshi niyatlar bilan ishga yoki o‘qishga otlangan inson borki bugunidan qandaydir yaxshi manfaat ko‘rish, boshqalarga nafi tegishini niyat qiladi. O‘z o‘rnida shunga yarasha mehnat va mashaqqatni kun davomida yengib o‘tadi. Tinimsiz izlanishlardan iborat kunlar oylarga, oylar esa o‘z o‘rnini yillarga bo‘shatib beraveraveradi. Izlanishlar, o‘qib-o‘rganishlar albatta o‘z samarasini beradi va unga yarasha mukofot ham o‘z egasini ko‘p kuttirmaydi. Bugun yurtimizdagi tinchlik va ososyishtalik asosida yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘zlari istagan marralarni qisqa muddatlarda zabt etayotgan yoshlarimiz talaygina.

     Ana shunday yoshlardan biri Andijon mashinasozlik instituti talabasi Nigora Abdumo‘minova. 2020-yil talabamiz uchun juda ham omadli va shu bilan birgalikda mas’uliyatli keldi. Yil boshida viloyat hokimi tashabbusi bilan respublikamizda ilk bor tajriba sifatida 10 kunlik rahbar lavozimlariga Andijondagi oliy ta’lim muassasalari talabalari tayinlangan va ular safida Nigora Abdumo‘minova Xotin qizlar masalalari bo’yicha viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (v.v.b) lavozimida ish olib bordi. Talabamizning 10 kunlik ish faoliyati viloyat aholisi, xususan rahbariyat tomonidan ma’qullandi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek qilingan mehnatlar o‘z sohibasini uzoq kuttirmadi.

     2020-yilning 7-mart kuni Xalqaro Xotin-qizlar kuni bayramiga bag‘ishlangan bayram tantanasida talabamiz faolligi va tashabbuskorligi uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

     2020-yilning 13-mart kuni institutning barcha prorektorlari, professor-o’qituvchilari, ishchi-xodimlari hamda talaba-qizlari jamoasi talabamizni qutlash maqsadida institutning katta anjumanlar zaliga yig‘ildilar. Yig‘ilishni institut rektori Umid Muxtaraliyevich Turdialiyev ochib, mazkur yutuq bilan barchani muborakbod etdi. Institut jamoasi nomidan Nigora Abdumo‘minovani qutlab kelgusi ishlarida omad va zafarlar, shaxsiy hayotida baxt va saodat tiladi. O‘z o‘rnida Zulfiya mukofoti sovrindori ham ushbu yutuqni qo‘lga kiritishda yaqindan ko‘mak begani, qo‘llab-quvvatlagani uchun barcha ustozlarga tashakkur izhor etdi.   

 

Odilov Otabek

Institut matbuot kotibi