Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     2020-yilning 12-fevral kuni institutning asosiy binosi katta anjumanlar zalida «Yoshlar orasida giyohvand vositalarning tarqalishiga qarshi kurash” mavzusida ochiq suhbat o‘tkazildi. 

    Suhbatda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yaxyobek Abdulhaqov, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Mirzohid Mamirjonov, viloyat hokimligi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish mintaqaviy komissiyasi ma’sul kotibi Jamoliddin Mansurov, viloyat IIB boshqarmasi xodimi Qahramonjon Abdurahimov, Sud narkologiya eskpertiza boshlig‘i Shuhratbek To‘raqulov, Andijon shahar «Uyg‘ur» jome masjidi imom xatibi Abdurahmon Ortiqovlar hamda 200 dan ziyod talabalar ishtirok etishdi.

     Suhbatni institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Muhtaram Xoliqova ochib berdi.

     Birinchi bo‘lib so‘zga Yaxyobek Abdulhaqov chiqdi va yoshlar o‘rtasidagi turli-xil jinoyatlar soni oshayotgani, bunga qarshi kurashda hech birimiz befarq bo‘lmasdan qo‘limizdan kelgancha yordam berishimiz haqida gapirib o‘tdi. Firibgarlik, zo‘ravonlik kabi salbiy holatlarning ko‘pi aynan yoshlar qatlami ishtirokida sodir etilayotganligi, soha hodimlarini yanada ko‘proq profilaktik tadbirlar tashkil etishlari zarurligini anglatishidan dalolat berishi haqida so‘z yuritar ekan, bu borada oliy ta’lim tizimi yoshlaridan ko‘mak so‘radi. Hozirgi internet zamonida har bir inson o‘z fikrini ijtimoiy tarmoqlar orqali bildira olishi haqida lekin bu so‘z erkinligi tufayli ba’zi bir fuqarolar tanqid bilan tuhmatni farqiga bormay qolayotgani va bu jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka sababchi bo‘lishidan ogohlantirdi. So‘zini ohirida bir qancha talabalar savollariga javoblar berib o‘tdi.

     Keyin so‘zga chiqqanlardan Shuhratbek To‘raqulov hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida turli xil sarhush qiluvchi ta’qiqlangan giyohvand va psixatrop tabletkalar qabul qilish holatlari ko‘payib borayotgani va bu holat keyinchalik bu moddalar ta’sirida insonning ba’zi bir a’zolarining kasallanishi, buning oqibatida nogironlik hamda o‘lim holatlari kelib chiqayotganligi haqida aytib o‘tdi. Bu vositalarni tarqatish-sotish kabi jirkach illatlar keyinchalik o‘zining kelajak hayotiga salbiy ta’sir o‘tkazishi, jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida tushunchalar berdi.

     Viloyat hokimligi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish mintaqaviy komissiyasi ma’sul kotibi Jamoliddin Mansurov esa mintaqamizda eng katta narkotik yetishtiruvchi Afg‘oniston respublikasiga qo’shni ekanligimiz va bu moddalar tarqatilishida muhim geosiyosiy hududda ekanligimiz sababli respublikamiz hududidan giyohvand moddalarning Yevropa davlatlariga tarqalishi uchun olib o’tilishi va olib o’tilayotgan moddalarning yurtimiz hududida qolib ketishi ehtimoli borligi va bunday illatlardan uzoqroq yurish haqida o’z fikrlarini aytib o’tdi.

     Abdurahmon Ortiqov esa islom dini insonning moliga va joniga qasd qilishni qoralovchi din ekanligi haqida gapirar ekan, bunday psixatrop va giyohvand moddalarni iste’mol qilish orqali inson o‘ziga omonat qilib berilgan joniga zarar yetkazishi tayin ekanligi, agar tafakkur qilinsa arzimagan mol davlat ilinjida o’zgalar jonini xatarga qo‘yayotgan og‘ufurushlarning  bu “kasbi” va undan topayotgan mablag‘lari xarom ekanligini uqtirdi. Bunday moddalarni nafaqat iste’mol qilish, balki, ularni tashilishi, sotilishida ishtirok etish, ham bu dunyoda ham u dunyoda javobi og‘ir bo’lishini talabalarga tushuntirib berdi va so‘zining ohirida talabalar savollariga diniy nuqtai nazardan javoblar berdi.

 

Odilov Otabek

Institut matbuot kotibi