Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Andijon mashinasozlik institutining anjumanlar zalida “Salbiy-illatlarga qarshimiz, Sog‘lom avlod – baxtli oila garovidir” mavzusida talabalar turar joyida yashovchi yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Bu muloqotni o‘tkazilishidan maqsad yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ular o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirishdir.

     Tadbirda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Qaynonalar maktabi” rahbari Z.Tillayeva, Viloyat bosh otinoyisi Sh.Qosimova, Sharifboyguzar masjidi imom xatibi U.Nazirov, Viloyat kengashi deputati, Andijon shahar 3-oilaviy poliklinika bosh shifokori M.Rahmonova, Andijon shahar FXDYo bo‘limi mudiri I.Jalilova, “Oila” markazi Andijon shahar bo‘limi rahbari v.b. Z.Xolbekova, Andijon mashinasozlik instituti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifiy ishlar bo‘limi boshlig‘i M.Xaliqova, institutning Muxandislik pedagogikasi va psixologiyasi kafedrasi mudiri X.Jo‘rabekova  va Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari hamda 150 dan ziyod 1 va 2-Talabalar turar joyining talaba-yoshlari ishtirok etdilar.

     Tadbirni institutning boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi raisi R.Yusupova olib bordi. Tashrif buyurgan mehmonlarni tanishtirish barobarida bugungi tadbirning mazmun-mohiyati, undan ko‘zlangan maqsad haqida qisqacha so‘z yuritdi. Talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi barcha talablar bir oila ekanini e’tirof etib, inson tarbiyasida oilaning o‘rni yuqori ekanini ta’kidlab o‘tdi.

     Uchrashuv davomida U.Nazirov so‘zga chiqib, oiladagi tarbiya, ota-onaning oiladagi o‘rni, amallarning eng solihi ota-onaga hurmat ko‘rsatish hamda ularni ishonchini oqlash ekanini har bir yoshga eslatib o‘tdi. Oiladagi baraka tushunchasi, uni yuzaga keltiruvchi amallar haqida so‘z yuritib, xonadon barakali bo‘lishida eng avvalo uning tinchligi va osoyishtaligini saqlash muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Nutqi davomida yoshlik bebaho ne’mat ekanini ta’kidlab, uning qadriga yetish, ota-onalarimiz bizni bilim olishimiz uchun sarflagan vaqtini, mablag‘ini, bizga bildirilgan ishonchni oqlashimizni tushuntirib o‘tdi. Axborot asrida yoshlarni yo‘ldan adashtirayotgan asosiy omillar haqida to‘xtalib o‘tar ekan, bugungi texnologiyalardan faqatgina ezgu maqsad yo‘lida, ilm-ma’rifat yo‘lida foydalanish maqsadga muvofiq amallardan ekanligini uqtirdi. Diniy ma’lumotlarni faqatgina rasmiy saytlardan olish kerakligi, ijtimoiy tarmoqlarda tarqayotgan har xil asossiz ma’lumotlardan yiroq bo‘lishga va imkon qadar mutassadi tashkilotlatlar, xalq tanigan va davlatimiz tomonidan tan olingan imom-xatiblardan javob olish o‘rinli ekanligini aytib o‘tdi. Talabalarni o‘z vaqtida ilm olishga chorlab, Allohni sevuvchi, ota-onasiga rahmatlar keltiradigan, vatanga nafi tegadigan yoshlar bo‘lishlarini niyat qilib, hozirgi kunda yoshlarga e’tibor va imkoniyat katta ekanini chuqur anglagan holda, undan unumli foydalanish kerakligini aytib, kelgusidagi faoliyatlarida omad tiladi va o‘z nutqini yakunladi.

    Tadbir davomida Z.Tillayeva so‘zga chiqdi. O‘z so‘zini yaqin tarixda, institutimizga o‘z hissalarini qo‘shgan shaxslar  haqqiga iliq fikrlar bildirib, ularni xotirlash bilan boshladi. Buyuk shajaralarimiz haqida so‘z yuritib, yoshlarni unga munosib bo‘lishga va shu ulug‘ ajdodlarni davomchisi bo‘lishga undadi. Achinarli bo‘lsa ham ajrimlar haqida gapirib o‘tdi. Bunga sabab oiladagi nosog‘lom muhit, o‘zaro hurmatning pastligi, e’tiborsizlik kabi sabablarni keltirib, oila, nikoh muqaddas tushunchalar ekanini ta’kidladi. Barcha yoshlarga ota-onaga alohida e’tiborli hamda mehribon bo‘lishlikni hamda ularni duosini olib yurishlikni tiladi, zero ota-ona duosi har narsaga qodir ekanligi uqtirdi.    

    Uchrashuv asosan diniy bilimlar, diniy tushunchalar haqida so‘z borarkan Sh.Qosimova ham o‘z so‘zini ibodat haqidagi tushunchalar bilan boshlab berdi. Ibodat deganda har bir bajarayotgan yaxshi amallarimiz, musulmonga xos hislatlarimizni tushunushimizni e’tirof etdi. Alloh bizni nima uchun yaratgan, bu hayotga nima maqsadda kelganmiz kabi bir qator savollar javobini keltirib o‘tdi. Mana shu nuqtai-nazardan “Ilm ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da umrimizni ilmu-ma’rifatga uyg‘unlashtirishimiz hamda bu uyg‘unlikni bardavom bo‘lishi uchun astoydil mehnat va izlanishda bo‘lishimiz joiz ekanligini ta’kidladi.   

Tadbir davomida talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildilar va atroflicha javoblar oldilar.

 

Omadbek Rayimjonov, Bekzod Yusufaliyev

AndMI Muxbirlari