Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Xabaringiz bor joriy yilning 26-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan viloyat hokimi huzuridagi navbatdagi Hokimlik soati Andijonning bir qator yoshlari hayotida tub burilishga sabab bo‘lgan, ular joylardagi tumanlarga hokim va uning o‘rinbosarlari lavozimlariga vaqtincha tayinlangan edi. Ushbu loyiha ishtirokchisi, Andijon mashinasozlik instituti talabasi Shahrixon tumani 10 kunlik hokimi Abdulhamid Akbarovning shu 10 kunlikdagi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida intervyu tashkil qildik. Quyida buni sizga havola etamiz.

     -Assalomu alaykum Abdulhamid aka avvalo qimmatli vaqtingizni ajratganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman va sizga birinchi savol bilan yuzlansam. 10 kun oldin talaba bo‘lgan inson birdaniga hokimga aylanib qolganda insonda har-xil kechinmalar bo‘ladi. Sizda bu holat qanday kechdi?

      -Avvalambor Assalomu Alaykum. Albatta bu jarayon juda qiziq kechdi, chunki 27-yanvar kuni bu lavozimga tavsiya qilishgan bo‘lsa, 1 kun oldin hokimlik vakillari biz bilan bog‘lanib ertaga soat 07:00 da rasmiy kiyimda yig‘ilishimizni so‘radi. Biz u yerda nima bo‘lishini bilmagan edik. Ertasi kuni hokimlik soat boshlanishidan yarim soat oldin shu lavozimga tayinlanganligimizni eshittik. Nafaqat men balki o‘sha 16 ta tuman hokimi, 7 ta o‘rinbosarlari va deputatlar u yerda qanday hodisa ro‘y berayotganini bilmadi, sirli hodisa bo‘ldi ular uchun ham. Muhtaram Shuhratbek Qo‘shaqbayevich bizni lavozimlarga e’lon qilganda, ta’bir joiz bo‘lsa ko‘pchilik oz muddatga “Shok” holatiga tushdik. Darslarda 10 ta 20 ta o‘quvchini yoki shuncha odamni boshqarish qanchalik qiyini aholisi 350 mingdan ortiq bo‘lgan Shahrixon tumanini boshqarish qanaqa ma’suliyat ekanligini anglash qiyin emasdi. To‘g‘risi bu ishonchdan biz ham xursanda ham hayron bo‘lib kutib oldik. Shahrixon tumani hokimiyat binosiga kelib bu yerdagi chiroyli do‘stona muhitni ko‘rib, hokimlik ishchilari bilan tanishganimdan keyin o‘zim ishga tushishga shoshilib kettim. To‘g‘risini aytaman asli Shahrixonlik bo‘lsam ham hokimiyat binosiga 27-yanvar kuni viloyat hokimi majlisidan keyin kelib ko‘rdim. Oldin hokimlik ishini bunaqa tasavvur qilmasdim, hokimlar ichkarida o‘tirib biror ish qiladi deb o‘ylardim lekin ularga ham oson emas ekan. Ancha ma’suliyatni ham ishonchni ham sezib, hudo xohlasa shu ishonchni oqlashga mana 10 kun davomida harakat qilmoqdaman.

     -Javob uchun rahmat. Mana bugun vaqtinchalik hokimlik faoliyatingizning 9-kuni ham o‘z nihoyasiga yetib bormoqda. Sizda qanday rejalar bor edi va qaysilarini bajara oldingiz?

     -Avvalo bu yerga kelganimdan keyin o‘zimda 10 kunlik strategik yo‘l xaritani tuzib oldim. Albatta bu yerda o‘z rejamni bajarishim faqat o‘zimga bog‘liq emasdi. Haqiqiy tuman hokimining o‘rinbosarlari hozir shu yerda. Undan tashqari menga yana yosh hokim o‘rinbosarlari ham biriktirilgan. Shularni yordami bilan qo‘shimcha takliflarini inobatga olgan holda 10 kunlik strategiyani qayta ishlab chiqdik. Bu strategiyamiz shunday ko‘rinishdaki biz har bir kunni ma’lum bir tarmoq uchun bo‘lib oldik. Masalan tuman hokimining 6 ta o‘rinbosari bor va birinchi ularning yo‘nalishi bo‘yicha yana 3 kunni tumandagi 3 sektor uchun qolgan 1 kunni xulosa uchun belgiladik. Dushanba kuni kelishimiz bilan hokimiyat xodimlari bilan tanishib olgandan keyin aholi murojaatlari bilan ishlashni boshladim. Har kuni eng kamida 1 ta murojaat yoki uyushmagan yosh bilan ishlab kelyapmiz. Seshanba kunni esa eng katta kompleks iqtisodiy kompleksga belgiladim. Shu kuni iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosarimni olib tumandagi iqtisodiy ahvolni ko‘rib chiqdim. Shunday qilib 1-kuni ijtimoiy, 2-kuni iqtisodiy qolgan kunlari agrar, investitsiya va xotin-qizlar bilan ishlab buyog‘i rejali davom etdi. Biz yoshlarga ishonch bilidirilganini yana bir sababi deb shunday o‘ylayman biz tumandagi yoshlar bilan ishlash siyosatida yangi qon bo‘la olamiz va bundan maqsad ham shu sohaga yangi qon yugurtirish bo‘lsa ajab emas. Uyushmagan yoshlar bilan ishlashda, o‘zimiz ham hali yoshmiz, o‘zimiz kabi yoshlarni muammolarini va qiyinchiliklarini ko‘proq tushunsam kerak deb o‘ylayman. Menga uyushmagan yoshlar deyishdan ko‘ra “mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlar” deya aytgim keladi. Uyushmagan yoshlarni ish bilan ta’minlash ularni chet davlatlarga ketib qolishdan qaytarish yoki ular uchun munosib ish sharoitlarini yaratish, yaratishga ko‘maklashish, umuman xalq dardlari bilan ishlash, aholini qiynab kelayotgan muammolarga qo‘ldan kelgancha, tumandagi sektor rahbarlari bilan birgalikda yechim topish ishlarini bajarib kelmoqdamiz.

 

     -Qiziq savollardan biri, viloyatimiz rahbari Shuhratbek Qo‘shaqbayevich bir kunda 3 soatgina uxlashini bilamiz, sizda uyqu bilan ishlar qanday ketmoqda?

-To‘g‘risi bunchalik kam uxlab o‘rganmagandim. Erta tong soat 06:00, 06:30 larda ishga chiqaman, kechqurun 24:00, 24:30 uzog‘i 01:00 da bu yerdan chiqib ketaman. Kunduz vaqtida faqat ko‘chada aholi murojaati va qo‘yilgan rejalar bilan yuraman. Bugun  9-kun bo‘lsa hali hokim kabinetiga kirishga vaqtim bo‘lgani yo‘q. Hattoki qanaqaligini ko‘rganim ham yo‘q. Bu yerda yordamchi xonasi va murojaatlar bilan ishlaydigan o‘rinbosaralr xonasiga tongda kunlik rejani olish uchun, kechki vaqtda rejalar qanday bajarilganligi haqida tahlil uchun kiraman. Har kungi ertalabki vaqtimni bozorlarda va markaziy ko‘chalarda tozalikni tekshirish bilan o‘tkazaman. Viloyatimiz hokimidan qaysidir ma’noda bir namuna olib, kabinetga kirmasdan ishlashga harakat qilyapman.. To‘g‘risi bunday ma’suliyat va ishonchdan keyin o‘zimni ham uxlagim kelmay qoldi.

      -Tumanga yangi qo‘yilgan yosh hokimni aholi qanday kutib oldi?

     -O‘zim ham Shahrixonlikman, bu yerda hokimiyat tizimida ham, ko‘cha-ko‘yda ham tanishadi. O‘qishga kirishdan oldin tuman markazida savdogarchilik bilan shug‘ullanganman. Endi aholi bilan ishalashda o‘zim Shahrixonlikman deganimda yoki o‘zlari bilishganida yaxshi kutib olishdi. Sababi  bu yerda oldindan tizim bor edi, tumanimiz hokimi Hikmatilla Vaxobovich boshchiligidagi jamoa bor edi bu yerda. Xalq hokimiyatga ishonadi. Masalan Juma kuni Xalq qabulxonasida 65-70 ga yaqin aholini qabul qilgan bo‘lsam, shulardan 50 nafari yoki 70% iga o‘sha yerda yechim topdik, xalq ham bundan xursand bo‘ldi.  Qolgan 30%i ma’lum muddatda hal bo‘ladigan muammolar edi ular ustida hali ham ishlamoqdamiz. Ma’lumot uchun aytib ketsam o‘sha kuni bir notinch oilani yarashtirish bo‘yicha va’da bergandim. Seshanba kuni 16:00 ga belgilangan edi. Mana bugun sabrim chidamay 15:00 da tumandagi sektor rahbarlari tuman prokurori, tuman IIB boshqarmasi boshlig‘i, mahalla imomi bilan birgalikda borib ularni yarashtirishga muvaffaq bo‘ldik va juma kungi rejamizni 70% dan 72% ga ko‘tarishga erishdik.

     -Abdulhamid aka siz Andijon Mashinasozlik Instituti talabasisiz tumandagi maktablar bilan institutimiz yoki boshqa OTM bilan hamkorligi uchun qandaydir ishlar amalga oshiryapsizmi?

     -Meni bu yerga kelganimdagi eng katta g‘oyalarimdan ham loyihalarimdan ham biri shu narsa edi. Kechagina institutimiz yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori A.Ermatov, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Muhtaram Xoliqova, ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti Nargiza opa Qurbonova,  ADTI, Toshkent davlat agrar universiteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari va tumandagi maktab direktorlari bilan birgalikda bo‘lgan yig‘ililishda ishtirok etdik. Tuman maktablaridagi ta’lim sifatini oshirish, viloyat hokimi topshiriqlaridan biri umumta’lim maktabi bitiruvchilarini Oliy ta’lim tizimiga qamrab olish bo‘yicha tushuntirish ishlari bundan tashqari direktorlar ham o‘z taklif mulohazalarini bildirib o‘tdi. Yig‘ilish davomida yangi bir loyihani amalga oshirishga kelishib oldik, viloyatimiz OTM lari bilan sherikchilikni yo‘lga qo‘ydik. Yangi loyihani esa viloyat hokimimiz tomonidan bo‘lgan tashabbusga hamohang xolatda “Bir kunlik talaba” deya nomlab yo‘lga qo‘yishni rejalashtirdik. Ertaga ertalab Hudo xohlasa tumanimizdagi 72 maktabning har biridan bir o‘quvchi jalb etilib, bir kunlik talaba vazifasini bajarib, talaba hayotini, talaba qanday bo‘lishi haqida tushunchalarga ega bo‘lishadi. O‘ylaymanki loyiha natijasida tuman yoshlari o‘rtasida oliy ta’limga bo‘lgan qiziqish ortadi.

      -Loyihaga omad tilagan holda so‘ngi savolga o‘tamiz. 10 kun ichida xalq dardi bilan yashash, muammolarga mustaqil yechim topish oson emas. Ichki kechinmalaringiz esa faqat o’zingizga ayon. Bir kun kelib sizga yana hokimlik lavozimi taklif etilsa qabul qilarmidingiz?

     -Bu juda qiyin savol bo‘ldi, to‘g‘risi bu lavozimni egallash uchun haqiqiy hokim darajasida bo‘lish uchun baribir tajriba, dunyoqarash yoki umuman hayot bilan tanishish, hamma jabxada , aholi bilan ishlash kerak deb o‘ylayman. Viloyatimiz hokimi Shuhrat Qo‘shaqboyevich aytganlaridek hokimlikning instituti yo‘q. Bunday salohityatga faqat yillar davomidagi tajriba asosida erishish mumkin. Tajriba orttirib, sekin-sekin, pog‘onama-pog‘ona, zinapoyalardan chiqqanimda, agar munosib topishsa uyalmayman rozi bo‘lgan bo‘lardim.

     Suhbat uchun raxmat. Kelgusi faoliyatingizda zafarlar tilaymiz.

 

AndMI muxbiri – Bekzod Yusufaliyev