Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

18 yanvar kuni Bosh prokuraturada Bosh prokuror N.Yo’ldoshev raisligida Korruptsiyaga qarshi kurashish bo’yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Videoselektor tarzida o’tkazilgan yig’ilishda oliy ta’lim sohasida korruptsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvaxitov, Prezident maslahatchisining o’rinbosari U.Ismailov, Bosh vazir o’rinbosari A.Abduhakimov qatnashdi.

SHuningdek, yig’ilishda komissiya a’zolari, Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasasi bo’lgan vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy o’quv yurtlari rektorlari, Bosh prokuratura mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Joylardan viloyat hokimlarining sohaga mas’ul o’rinbosarlari, prokurorlar, oliy o’quv yurtlari prorektorlari, dekan va kafedra mudirlari va tegishli idoralar vakillari qatnashishdi.

Komissiya yig’ilishida Bosh prokuror N.Yo’ldoshev kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qildi.

Ma’lumki, Prezidentimiz SHavkat Miromonovich Mirziyoev tashabbusi bilan oliy ta’lim sohasini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda.

So’nggi uch yilda bu masala davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo’nalishi darajasiga ko’tarilib, oliy ta’lim sohasiga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Qisqa davrda yurtimizda 6 ta oliy ta’lim muassasasi, 17 ta filiallar, 14 ta xorijiy oliy o’quv yurtlari yangidan tashkil etildi. YUzdan ortiq bakalavriat hamda 94 ta magistratura yo’nalishlari bo’yicha kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yildi.

2019 – 2020 o’quv yilidan boshlab, 59 ta oliy o’quv yurtida sirtqi, 10 tasida kechki ta’lim joriy qilindi.

Bunday chora – tadbirlar natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi uch yil oldingi 9 foizdan 20 foizga ko’paydi.

Sohaga byudjetdan ajratilayotgan mablag’lar hajmi ham yildan-yilga ortmoqda. Agar sohaga 2018 yilda 879 mlrd. so’m ajratilgan bo’lsa, 2019 yilda bu ko’rsatkich 1 trln. 288 mlrd. so’mni, joriy yilda 1 trln. 888 mlrd. so’mni tashkil etgan.

Soha xodimlarining ijtimoiy himoyasi va ularni har tomonlama qo’llab – quvvatlash masalalari ham shaxsan Davlatimiz rahbari nazoratida ekanligi ta’kidlab o’tildi.

Birgina professor – o’qituvchilarning maoshi 2018 yilda o’rtacha 25 foizga oshirilgan bo’lsa, 2019 yil 1 yanvardan yana 20  foizga, 1 iyuldan esa 25 foizga oshirildi.

Bosh prokuror N.Yo’ldoshev ma’ruzasida, ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniyning “tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so’zlaridan iqtibos keltirib, bu purma’no so’zlar oradan yuz yil o’tsa-da, dolzarbligini yo’qotmaganligini ta’kidladi.

Zero, har qanday millat va mamlakat taraqqiyoti hamda farovonligi yosh avlodning ta’lim – tarbiyasi bilan chambarchas bog’liqdir.

Lekin, oliy ta’lim sohasida kuzatilayotgan ayrim kamchilik va nuqsonlar, tizimda korruptsiya holatlari, ba’zi “ziyoli”larimiz sodir etayotgan qing’ir ishlar sohadagi islohotlarga soya solmoqda.

SHu sababli oliy ta’lim sohasida korruptsiyaga qarshi kurash bo’yicha amaliy ishlar oqsayotganligi, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotganligi yig’ilishda tanqidiy muhokama etildi.

Bosh prokuror o’z ma’ruzasida, oliy ta’lim sohasida korruptsiya tarqalgan yo’nalishlarni sanab o’tdi.

Jumladan, korruptsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, o’qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o’qish joyini ko’chirish, o’qish yo’nalishini o’zgartirish hamda o’qishga qayta tiklashda korruptsiya holatlari kuzatilayotganligi ko’rsatildi.

Yig’ilishda so’nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog’liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o’quv yurtlariga to’g’ri kelishi tanqid ostiga olindi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o’rinbosarlari, 62 nafarini o’qituvchilar tashkil etadi.

Kollej va litseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o’rinbosari, 94 nafar o’qituvchi jinoyatga qo’l urgan.

Sohada korruptsiyaning oldini olish va unga chek qo’yish borasidagi choralar yetarli samara bermayotganligini keng jamoatchilik fikri tasdiqlamoqda.

2018 yilda «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik Markazi o’tkazgan so’rovda ishtirok etganlarning 29 foizi oliy ta’lim tizimida korruptsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan bo’lsa, 2019 yilda bu salbiy ko’rsatkich 35 foizni tashkil etgan.

O’tgan yilning avgust oyida Internet orqali o’tkazilgan so’rovda YUridik, Iqtisodiyot, Milliy, Axborot texnologiyalari universitetlari hamda Tibbiyot akademiyasi korruptsiya eng ko’p tarqalgan oliy o’quv yurtlari sifatida ko’rsatilgan.

Komissiya raisi talabalik safiga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish zarurligini ko’rsatib o’tdi.

Jumladan, o’qishga kiritish vaji bilan 115 nafar, jumladan, 58 nafar oliy va 57 nafar o’rta maxsus ta’lim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o’qituvchisi K. fuqaro D.ni institutning buxgalteriya fakulteti sirtqi yo’nalishiga o’qishga kiritish uchun 10 ming AQSH dollari olganda ushlangan.

Qarshi davlat universitetining prorektori N. maxsus sirtqi bo’limga kirish imtihonlaridan o’ta olmagan O.ni o’qishga kirishida yordam berish vaji bilan 3 ming AQSH dollari olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ijodiy imtihon jarayonlari xolis va adolat bilan o’tkazilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Xususan, Farg’ona davlat universiteti o’qituvchisi S., qabul komissiya a’zosi ekanligidan foydalanib, fuqaro A.ni ijodiy imtihondan yuqori ball olishida yordam berish evaziga 6 ming AQSH dollari olganda ushlangan.

So’nggi ikki yilda 21 nafar talabaning bunday jinoyatlarga aralashib javobgarlikka tortilganligi tizimdagi korruptsiya oqibati sifatida keskin tanqidga olindi.

Bosh prokuror ma’ruzasida, mutasaddilarga oliy o’quv yurtlarining ta’lim tilidagi zamonaviy darslik va o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash zarurligini ko’rsatdi.

Tahlillar, oliy ta’lim muassasalarida o’quv rejalaridagi fanlarning 24 foizi bo’yicha darslik va o’quv qo’llanmalar mavjud emasligini ko’rsatmoqda.

Masalan, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida 1.552 nafar talaba tahsil olsa-da, bor – yo’g’i 15 nomdagi 45 dona darslik mavjud.

Ayrim oliy o’quv yurtlarida darslik va o’quv qo’llanmalari ma’nan eskirib, hozirgi zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Masalan, to’qimachilik sohasidagi oliy o’quv yurtlaridagi 429 ta darslik va qo’llanmaning har to’rtinchisi 10 yildan 30 yilgacha, har uchinchisi 30 yildan 50 yilgacha bo’lgan vaqt oralig’ida nashr etilgan.

Oliy ta’lim muassasalarida axborot resurs markazlari, ayniqsa, kutubxonalardan foydalanishda yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar ham ro’y-rost ko’rsatilib, axborot – kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayonlariga keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Magistratura yo’nalishida yo’l qo’yilgan ayrim suiiste’molchilik holatlari keskin tanqid qilindi.

O’zbekiston Milliy universitetida dekan lavozimiida ishlagan A. va o’rinbosari YU. fuqaro R.ni magistratura yo’nalishiga kiritish evaziga undan 2 ming AQSH dollari olganligi uchun unga nisbatan sud hukmi bilan jazo tayinlangan.

Nukus davlat pedagogika instituti sobiq rektori va prorektori magistratura bosqichiga sinovdan o’tgan 55 nafar talabgorning imtihon natijalarini soxtalashtirgan. Mazkur holat bo’yicha aybdor shaxslarning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilingan.

Talabalar o’qish joyini ko’chirish, o’qish yo’nalishini o’zgartirish hamda o’qishga qayta tiklashda korruptsiyaga duch kelayotganligi, bunga oliy o’quv yurti va vazirlik ayrim mutsasaddilari bosh qo’shganligi keskin tanqid ostiga olindi.

Muqaddam oliy ta’lim sohasida ishlab, ta’lim bilan bog’liq poraxo’rlik va firibgarlik jinoyatlari uchun 4 marotaba sudlangan U. Oliy ta’lim vazirligida mas’ul lavozimda ishlab, ta’lim bilan bog’liq qator jinoyatlarga qo’l urgan.

Jumladan, U. Rossiya va Ukraina tibbiyot oliygohlarida ta’lim olayotgan ikki nafar talabaning o’qishini Toshkentdagi oliygohlarga ko’chirish uchun 4 ming AQSH dollari olganligi fosh etilgan. Bundan tashqari, tergovda, U. yana 6 ta holatda o’qishga kiritish, talabalarning o’qishini tiklash va ko’chirish masalasini hal qilishga va’da berib, 14 ming AQSH dollarini pora tariqasida olganligi aniqlangan.

Yig’ilishda komissiya raisi, korruptsiya holatlariga ta’lim jarayonlarning ochiq va shaffof tashkil etilmaganligi sabab bo’lganligini ko’rsatib, bundan sohadagi har bir rahbar xodim o’ziga tegishli xulosa chiqarishi lozimligini ta’kidladi.

Oliy ta’lim muassasalari ilmiy – tadqiqot faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar ham yig’ilish a’zolari tomonidan muhokama etilib, ilmiy daraja berish tartib – taomillaridagi murakkabliklar, o’rinsiz talab va korruptsiyaviy omillar ta’lim sifatiga ta’sir ko’rsatayotganligi qayd etildi.

Byudjet mablag’larini sarflash jarayonidagi talon-torojliklar sohadagi asosiy korruptsiyaviy omillardan biri bo’lib qolayotganligi, o’tgan yilda Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan tekshirilgan 1.107 ta vazirlik muassasalarining 1.035 tasi yoki 93 foizida 16,7 mlrd. so’mlik moliyaviy qonunbuzarliklarga yo’l qo’yilganligi ko’rsatib o’tildi.

Oliy ta’lim sohasida yo’l qo’yilgan korruptsiya holatlarining asosiy sabablaridan biri – ijro intizomi, yuridik xizmat faoliyati yetarli yo’lga qo’yilmagani, deb ko’rsatdi komissiya raisi.

Ma’ruza yakunida Bosh prokuror N.Yo’ldoshev, oliy ta’lim masalasiga e’tiborsiz qaralgan vaziyatlarda yuzaga keladigan mudhish oqibatlar haqida so’z yuritib, Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qo’yilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirdi.

“Har qanday millatni yo’q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning o’zi kifoyadir.

Bu tarzda ta’lim olgan shifokorlar qo’lidan bemorlar o’lim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron bo’ladi, iqtisodchi va hisobchilar qo’lida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qo’lida zavol topadi.

Ta’limning inqirozi – bu millat inqirozidir”.

Komissiya yig’ilishi qizg’in muhokamalar bilan kechdi. So’zga chiqqan Prezidentning maslahatchisi A.Abduvaxitov, Bosh vazir o’rinbosari A.Abduhakimov, Sudyalar Oliy Kengashi raisi U.Mingboyev, Qonunchilik palatasi deputatlari D.Aripov, SH.Bafaev, Senat a’zolari B.Matmuratov, Z.Nizomxodjaev, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi direktori R.Kamilov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, Adliya vaziri o’rinbosari X.Meliyev, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori SH.Qudratxodjaev, Respublika Oliy ta’lim Kengashi raisi O’.Umurzakovlar oliy ta’lim sohasida korruptsiyani oldini olish bo’yicha vazifalar borasida o’z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri I.Madjidov, vazir o’rinbosari U.Begimqulov, vazirlik bosh boshqarma boshlig’i A.Xoliqov, Farg’ona davlat universiteti rektori R.Maksudov, Toshkent avtomobil yo’llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti rektori A.Riskulov, Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat instituti rektori vazifasini bajaruvchi B.Onorboyev, YUridik universitet rektori R.Hakimov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori K.SHaripov, Farmatsevtika instituti rektori I.Alimdjanov, Stomatologiya instituti prorektori A.Xaydarovlarning tushuntirish va izohlari eshitildi.

Yig’ilish yakuni bo’yicha oliy ta’lim sohasini “korruptsiyasiz soha”ga aylashtirish, qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

 

  

   

 

Manba: O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi