Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

Barchamizga yaxshi ma’lumki, Andijon mashinasozlik instituti viloyatdagi bir qator umumta’lim maktablari bilan ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha «Oila, mahalla, maktab, oliy ta’lim muassasasi» hamkorlik dasturini imzolagan.

         Hamkorlik dasturini ijrosini ta’minlash, yoshlarda vatanparvarlik ruxini yanada yuksaltirish maqsadida kuni kecha Qo‘rg‘ontepa tumani 5- Davlat ixtisoslashtirilgan maktabi pedagoglari va bir gurux o‘quvchi yoshlari institutimizga tashrif buyurishdi.

         Tashrif davomida o‘quvchilar Andijon mashinasozlik institutida talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv auditoriyalari, kompyuter va  laboratoriya xonalari bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, o‘quvchilarda “Avtomobilsozlik va traktorsozlik” kafedrasi tomonidan tayyorlangan o‘quv laboratoriya jixozlari katta ta’surot qoldirdi.

Shuningdek, o‘quvchilar “Avtomobilsozlik” fakulteti dekan o‘rinbosari Q.To‘xtanazarov boshchiligida institutning xalqaro bo‘limiga tashrif buyurishdi. U yerdagi yaratilgan sharoitlar, ingliz tilida o‘tilayotgan darslar, laboratoriya jixozlarini ko‘rgan maktab pedagoglari va o‘quvchilari o‘zlarining quvonchlarini yashira olmadilar.

Institutning katta o‘qituvchilari I.Saydaliyev, X.Vasiyevlar mexmonlarga institut tarixi, o‘quv jarayoni, professor-o‘qituvchilar tarkibi, qo‘shma dasturlar, institutning xalqaro faoliyatiga oid bir qator qiziqarli ma’lumotlarni yetkazishdi.

            Andijon mashinasozlik institutida talaba bo‘lganimdan so‘ng, ko‘plab yutuqlarga erishdim – deydi, o‘quvchilarga yuzlanib, Avtomobilsozlik va traktorsozlik yo‘nalishi 4-kurs talabasi Nigora Abdumo‘minova. Aynan shu dargoxda ustozlarimdan olgan bilimlarim sababli, Beruniy nomidagi Davlat stipendianti bo‘ldim, bir qator horijiy davlatlarda bo‘lib qaytdim. Erishgan yutuqlarimni barchasi ustozlarim bergan saboqlar hamda institutda yaratilgan sharoitlar sababli deb o‘ylayman. O‘z navbatida barchangizni ushbu institutda o‘qishga chorlab qolaman.

         Tashrif so‘nggida Qo‘rg‘ontepa tumani 5- Davlat ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchisi M.Qodirqulov, yaratilgan bunday sharoitlar uchun institut raxbariyatiga o‘zining minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.

         Talaba bo‘lishni juda ham xoxlayman, ayniqsa, bugungi tashrifdan so‘ng, qiziqishim yanada oshdi – deydi, 5- Davlat ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jumaboyeva Maftuna. Andijon mashinasozlik instituti haqida eshitgan bo‘lsamda, lekin birinchi bor kelishim. Ta’surotlarim bir dunyo, bunday sharoitlar bo‘lishini kutmagandim. Chiroyli xonalar, laboratoriya jixozlari, ingliz tilida o‘qitilayotgan darslar menda katta ta’surot qoldirdi. Maktabni tamomlab, albatta bu dargoxga xujjatlarimni topshiraman.

Xayrullo VASIYEV – Andijon mashinasozlik instituti   “Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti» kafedrasi katta o‘qituvchisi