Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-sentabrdagi “Kam uchraydigan (Orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to`g’risida”gi PQ-4440-sonli Qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-yil 24-oktabr kuni, institutning Yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori Akmaljon Ermatov tashabbusi bilan, Axborot-murabbiylik soati tadbirlari doirasida Avtomatika va elektrotexnika fakulteti talaba-yoshlari ishtirokida o`quv seminari tashkil etildi.

     Seminarda institutning Yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektori Akmaljon Ermatov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo`limi boshlig’i Muxtaram Xaliqova, Xotin-qizlar qo`mitasi institut boshlang’ich tashkiloti raisi Ra’noxon Yusupova, Innovatsion sog’liqni saqlash milliy palatasi Andijon viloyati hududiy bo`linmasi “Tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qilish” bo`limi mudiri Abdumajid Darvishev, Andijon davlat tibbiyot instituti “Nevrologiya” kafedrasi assistenti Gulsanam Ketmonova, Innovatsion sog’liqni saqlash milliy palatasi Andijon viloyati hududiy bo`linmasi xodimi Gulnoza Mamajonova va Sohibaxon Sohibova, Shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 6-oilaviy poliklinika nevropotologi Nasibaxon Nabiyevalar ishtirok etdilar.

     Tadbirni Muxtaram Xaliqova olib bordi va dastlabki so`zni Yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektor Akmaljon Ermatovga berdi. Akmaljon Ermatov o`z so`zida bugungi o`tkazilayotgan uchrashuvda beriladigan ma’lumotlarni tinglash kelajakda oila qurishga taraddud ko`rayotgan har bir yigit va qiz uchun juda katta tajriba va saboq bo`lishini ta’kidlab o`tdi. Sog’lom jamiyatni qurish uchun eng avvalo uning tarkibidagi oilalarni ham ma’nan, ham jismonan sihatligini ta’minlashdan boshlash kerak ekanligi, bugungi tadbirdan olingan ma’lumotlarni shu jamiyatning faol a’zosi sifatida yon-atrofdagilarga ham yetkazish kerakligini uqtirdi.

     Shundan so`ng mutaxassislar tomonidan irsiy-genetik kasalliklarni kelib chiqish sabablari, uni oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Asosan yaqin qarndoshlar o`rtasida tuzilgan nikoh natijasida tug’ilgan bolalarni tug’ma nuqson bilan nosog’lom tug’ilishi holatlari birinchi avloddan keyingilarida ham kuzatilishi mumkin ekanligi aytildi. Uchrashuv davomida talabalar o`zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar oldilar.

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi