Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

 

Qadri  bilinadi  menga endi goh,

Olis maktabimning o’sha behasham…

Navoiy-ku  bizga  ustozdir, biroq

Kimdir o’qitgan-ku Navoiyni ham.

Shunday buyuk zodga harf o’rgatgan kim?…

Oddiy muallim-da, oddiy muallim.

 

     Xalqimizning erkatoy shoiri, Andijon farzandi Muhammad Yusuf, ustozlarga mana shu satrlar bilan eng go’zal ta’rifni bergan edilar. Ustoz degan so’z yangraganda shoir ta’riflaganidek ko’z oldimizda u qadar qimmat bo’lmasa ham toza va bejirim libosda, qo’lida bir dunyo darslikni ko’tarib, sinf xonaga oshiqayotgan kamtarin, oddiy bir inson gavdalanadi. O’z shogirtlariga qo’ldan kelgancha ilm ziyosini taratish maqsadida tinmay izlanishda bo’lgan bu fidoiy insonlarda kibr va mutakkabbirlik uchun vaqt ham yo’q. Tunday qaro sochlari-yu, ko’z nurini bizni yetuk va bilimli bo’lib ulg’ayishimizga sarf eta oladigan, erishgan yutuqlarimiz ularga hech qanday manfaat keltirmasada yurakdan quvonadigan yagona kasb egalari ham aynan ustozlar.

     2019-yilning 28-sentabr kuni sharafli kasb egalarining bayrami bo’lgan 1-oktabr “Ustoz va murabbiylar kuni” institutning asosiy binosida ham keng nishonlandi. Erta tongdan institutning kirish yo’lagiga to’shalgan qizil gilamning ikki chetida saf tortgan yoshlar ustozlarni gullar bilan munosib tarzda kutib oldilar. Bayram tadbirini institut rektori Turdialiyev Umid Muxtaraliyevich bayram tabrigi bilan ochib berdi. Barcha professor-o’qituvchilar jamosini ushbu bayram bilan muborakbod etar ekan, kelgusidagi faoliyatlarida omad va kuch quvvat tiladi.

                

     Shundan so’ng tadbirning badiiy qismidan o’rin olgan konsert dasturi namoyish qilindi. Institutning iqtidorli talabalari tomonidan tashkil qilingan dasturdan, ustozlarni ulug’lovchi qo’shiq va she’rlar, raqslar, bayram shukuhiga mos teatrlashtirilgan sahna ko’rinishlari, Quvnoq va zukko yoshlarning chiqishlari o’rin oldi hamda har bir chiqish talabalar tomonidan mahorat bilan ijro qilindi. Tayyorlangan bayram dasturi barchaga birdek manzur bo’ldi.

Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti 4-bosqich talabasi Anvarjon Qosimov ustozlarga o’z musiqiy tabrigini yo’lladi.

Institutning «Lola» talabalar teatr studiyasi sahnalashtirilgan teatr ko’rinishlarini manoyish qildilar.

Institutning Quvnoq va zukko yoshlari «Beklar» jamoasining chiqishlari tadbir qatnashchilariga ko’tarinki kayfiyat ulashdi.

  

Avtomatika va elektrotexnika fakulteti 1-bosqich talabasi Xolmurodov Zoirbek ustozlar davrasida Xorazm lazgisi raqsiga raqsga tushmoqda.

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi