Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Bugungi kunda har qanday soha bilan mashg’ul bo’lmaylik u tadbirkorlik, san’at, sport, ta’lim sohasi bo’lsin, umuman barcha yo’nalishlar bo’yicha dunyo tajribasini o’rganmasdan, uni amalda tadbiq etmasdan biror yutuqqa erishish mushkul. Har holda dunyo hamjamiyatidagi davlatlar qatoridan mustahkam o’rin egallab borayotgan mamlakatimizdagi islohotlar jahon tajribasi asosida qilinayotgani bejizga emas. Ta’lim sohasida ham so’nggi yillarda o’sha tajribani amalga tadbiq etish orqali, ko’plab bilimli yoshlarni ta’lim tizimiga qamrab olayotganimiz quvonarli holat. Endilikda keyingi masala ularni yanada raqobatbardosh kadr etib tayyorlash, dunyoning istalgan nuqtasida o’z bilimi va tajribasi bilan chet ellik yoshlar bilan bemalol kurashga kirisha oladigan mutaxassis qilib shakllantirishdan iborat.

     2019-yilning 20-sentabr kuni Andijon mashinasozlik institutida tashkil etilgan davra suhbati ham aynan shu maqsadda talabalarni bir joyga jamladi desak mubolag’a bo’lmaydi. Avstraliyaning nufuzli universitetlaridan hisoblangan Kyortin  universiteti professori Alisher Qodirov institutga  tashrif buyurdi hamda o’z tajribasini talabalar hamda yosh tadqiqotchilarga ulashdi. Asli Andijonning Buloqboshi tumanida tug’ilgan taniqli professor hozirgi yuksak natijalarga erishish kaliti haqida so’zlab berdi.

Alisher Qodirov:

«Meni bolaligim huddi sizlar kabi shu zaminda o’tgan. Yoshligimdan aniq fanlarga bo’lgan qiziqishim meni tinmay kitob o’qishga, izlanishga undadi va bu mening hayotimning bir bo’lagiga aylandi. Men hech qachon repetitorga bormaganman. Tug’ilib o’sgan joyim qishloq hududiga to’g’ri kelganligi sababli, sharoitdan kelib chiqqan holda uydagi chorva xayvonlarini dalalarda boqishga otlangan mahalim har doim yonimda kitob olib, uni qunt bilan o’qishni kanda qilmaganman. Hozirga kelib esa, yurtimizda ta’lim olaman degan har qanday yoshga barcha imkoniyatlar to’la-to’kis yaratilganligiga guvoh bo’lib turibman. Uzoq vaqt chet mamlakatda yurib, O’zbekistonga tashrif buyurgan insonga buni anglash unchalik qiyinchilik tug’dirmaydi. Har bir rag’batga albatta javob bo’lishi kerak deb o’ylayman va sizlarga berilgan ushbu imkoniyatdan maksimal darajada foydalanishni maslahat beraman».

Davra suhbati davomida olim institut talabalarini o’z hayot tajribasi orqali ruhlantirish bilan birgalikda, zamonaviy fizika sohasi amalga oshirilayotgan katta ko’lamdagi loyihalar, fandagi eng so’nggi yangiliklar haqida so’zlab berdi. Uchrashuv qatnashchilari o’zlarini qiziqtirgan, fan va ta’limga oid savollarga atroflicha javob oldilar.  

Uchrashuv so’nggida institut rektori Turdialiyev Umid Muxtaraliyevich mehmonga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, institut yoshlar orasida ilm fanni o’rganishga layoqati kuchli talabalar soni ko’pligi, kelajakda ulardan ham dunyo tan oladigan olimu, olimalar chiqishiga ishonishi hamda bu yo’lda ularni imkon qadar qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidlab o’tdi. 

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi