Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Shiddat bilan odimlayotgan davrni kunlik yangiliklar va o’zgarishlarsiz tasavvur etib bo’lmaydi. Har bir kunimizni reja asosida o’tkazish negizida, turmush tarzimizni yaxshilash, hayotimizni yanada farovon bo’lishi yotadi. Tabiiyki kunlik, haftalik, oylik, yillik natijaga qarab bazida eski rejalar o’zini oqlamaydi va ularni o’zgartirish fursati keladi.

     Ta’lim sohasi ham so’nggi vaqtlarda tubdan yangilanish, o’zgarishlar davrini  boshdan kechirdi. Avvaliga kirish imtihonlarini shaffof tarzda bo’lib o’tishi ta’minlangan bo’lsa, hozirga kelib esa talabalikka tavsiya etilgan, kelajakda chuqur bilim va salohiyatga ega bo’lishi ko’zlanayotgan yoshlarni tarbiyalashga e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim to’g’risidagi qonunlarga kiritilgan o’zgartirish esa, faqatgina yuqori darajada bilim o’zlashtirilishi uchun xizmat qiladi.

     2019-yilning 14-sentyabr kuni institutning asosiy binosi anjumanlar zalida aynan ta’lim tizimiga kiritilgan o’zgartirishlar bilan yoshlarni tanishtirish, bu borada ularni fikr va mulohazalarini tinglash maqsadida institute rektori Turdialiyev Umid Muxtaraliyevich yo’nalishlar kesimidagi guruh sardorlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida rektor kelgusi o’quv yillarida to’lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar uchun to’lovlar, stipendiyali va stipendiyasiz ta’lim olish, stipendiyaning tabaqalashtirilgan shaklidan voz kechilib, barcha uchun birdek miqdorda belgilangan stipendiyani olish tartibi, shu va shunga o’xshash yangi o’zgarishlar haqida axborot berdi.

     U.M.Turdialiyev:

     Talabalarimiz stipendiya uchun emas, balki bilim uchun o’qishlari kerak. Oliy ta’lim ularga ish unumiga qarab oylik beradigan korxona emas. Sizlarni oldingizda turgan eng asosiy va muhim vazifa faqatgina bilim olish. Boshqa majburiyatlar esa keyingi o’rinlarda turadi. Stipendiya uchun o’qish, go’yoki faqat bugun uchun yashashga o’xshaydi. Bugun yaxshi stipendiya uchun fanlarni sun’iy bahoga o’zlashtirib, noqonuniy harakatlarga zamin yaratayotgan talaba ertaga katta hayot yo’liga tushganda bilimsizligi unga juda katta pand bermasligiga kim kafolat beradi? “Bu semestrni 4 ga yopdim”, “5 ga yopdim” kabi iborani o’zi noto’g’ri. Aslida “5 ga yopish emas”, balki 5 ga o’zlashtirish kerak. Bu ikkalasi umuman boshqa-boshqa tushunchalar va sizlardan guruh yetakchisi, sardori, tengdoshlarini to’g’ri yo’lga boshlash salohiyatiga ega bo’lgan kichik rahbarlar sifatida avvalo o’zingiz anglab yetgan holda, tengdoshlaringizga ham uqtirishingizni iltimos qilaman.      

     Uchrashuv davomida talabalar tomonidan yangi tizim bo’yicha ko’plab savollar bilan murojaatlar bo’ldi va ularga atroflicha javoblar olindi.

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi