Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     O’quv yilining dastlabki kunlari Andijon mashinasozlik institutida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusga bag’ishlangan Yoshlar sayli bilan davom etmoqda. O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Jonajon O’zbekistonim mangu bo’l omon shiori ostida tashkil etilgan megasaylda qariyb 2500ga yaqin talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

     Erta tongdan institutning asosiy binosi kirish qismida saf tortgan institut talabalari saylga tashrif buyurgan mehmonlarni munosib kutib oldilar. Mehmonlarga mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan tabrik ramzi sifatida bayram tasmalari ulashildi. Bayram sayliga viloyat hokimligi vakillari, viloyat Xotin-qizlar qo’mitasi vakillari, Andijondagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Farg’ona politexnika instituti rektori boshchiligidagi professor-o’qituvchilar jamoasi, faxriy ustozlar ham tashrif buyurdilar.

     

 

     Bayram saylini institut rektori Umid Muxtaralievich Turdialiev o’z tabrik so’zi bilan ochib berdi va bugungi saylda 5 ta tashabbusda aks etgan yo’nalishlar bo’yicha bellashuvga kirishayotgan talaba-yoshlarga omad tiladi.

     Shundan so’ng bellashuv ishtirokchilari 5 ta muhim tashabbusda aks ettirilgan yo’nalishlar bo’yicha baxsga kirishdilar.

     Institutning ochiq maydonida mustaqillikni madh etuvchi rasmlarni chizish hamda o’qituvchilar va talabalar tomonidan yaratilgan texnik ishlanmalar ko’rgazmasi tashkil etilgan bo’lsa, yopiq sport binosida shaxmat, shashka, stol tennis kabi sport turlaridan bellashuvlarga start berildi. Andijoncha, Namangancha, Farg’onacha va Samarqandcha osh sayliga mezbonlik qilgan Yoshlar bog’i qo’ynida talabalarimiz o’zlarining oshpazlik mahoratlarini sinovdan o’tkazdilar. Bog’ yonidagi Axborot resurs markazi yosh kitobxonlar bilan gavjum bo’ldi. Shu kuni ular o’rtasida “Zukko kitobxon” tanlovi o’tkazildi. Bayram saylining kontsert dasturlari o’tkaziladigan badiiy maydonida tashkil etilgan modalar yo’lakchasida talaba-qizlar ishtirokidagi Milliy va zamonaviy liboslar ko’rgazmasi namoyish etildi. Osh tayyor bo’lgunga qadar esa boshqa hududda talaba-qizlar milliy va zamonaviy salat tayyorlashdagi  mohir ekanliklarini namoyon etishga kirishdilar.

 

     Kun davomida badiiy maydon san’atkorlar, QVZ jamoalarining chiqishlari, institut qoshidagi akademik litseyning harbiy guruhi talabalarining jangavor tayyorgarlik mashg’ulotlaridan lavhalar, ustoz va shogirtlarning birgalikdagi raqs san’ati bo’yicha mahoratlari olqishlarga sazovor bo’ldi.  Muxtasar qilib aytganda bugungi kun institut yoshlari uchun unutilmas lahzalarga boy bo’lib, yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

 

     Kunning ikkinchi yarmida yo’nalishlar bo’yicha o’tkazilgan turli tanlovlarda, sport musobaqalarida g’olib bo’lgan ishtirokchilar aniqlanib, hakamlar hay’ati tomonidan munosib taqdirlandilar. Ularga institut rektorining Diplomlari, Tashakkurnomalari va esdalik sovg’alari topshirildi.

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi