Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Bugun 4-sentabr yurtimizning barcha ta’lim muassasalarida 2019/2020 o’quv yilining birinchi o’qish kuni. Shu munosabat bilan maktablar, oliy ta’lim muassasalarida “Bilimlar kuni” tadbirlari keng ko’lamda o’tkazilmoqda. Yozgi ta’tildan so’ng o’z bilim dargohlarini sog’ingan, yoki bu yil ilk bor talabalik baxtiga muyassar bo’lgan har bir talaba nigohida yangi o’quv yiliga yangi rejalar va ulkan maqsadlarni ko’rish mumkin. Cheksiz hayajon-u, bir olam quvonch bilan ta’lim dargohiga qadam qo’yayotgan talabalarni munosib kutib olish maqsadida yurtimizning barcha ta’lim muassasalarida alohida tayyorgarlik ko’rildi.

     Andijon mashinasozlik institut ham bu borada jonbozlik ko’rsatib kelmoqda. Erta tongdan institut hududi bayramona tarzda bezatildi. Ovoz uskunalari sozlanib tadbirni yuqori saviyada o’tkazish uchun tayyor holga keltirildi. “Bilimlar kuni” tadbiri O’zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi sadolari ostida, davlat bayrog’ini ko’tarish bilan boshlandi. Bayrog’imizni  O’zbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasi sohibi, institutimizning 4-bosqich talabasi Abdulhamid Akbarov ko’tardi. Tadbirni Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i Muxtaram Xoliqova olib bordi va tadbirni ochib berish uchun so’zni institut rektori Umid Muxtaraliyevich Turdialiyev berdi.

     Oliygohimiz rahbari nutqi avvalida barcha talabalarni ushbu maqomga erishganliklari hamda yangi o’quv yilining birinchi o’qish kuni boshlanganligi bilan tabrikladi. Rektor nutqi davomida Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida institutda talabalarni bilim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, boyitilgan moddiy texnikasi bazasi, talabalar turar joyidagi qulayliklar haqida gapirar ekan, bularning barchasi faqatgina sifatli bilim olish, qunt bilan o’qish uchun qilingan islohotlar ekanligini alohida ta’kidlab o’tdi. Yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, bunga a’lo darajadagi bilim va ko’nikmalar orqali javob qaytarish maqsadga muvofiq ekanligini uqtirdi.  Barchaning o’qish va ishlariga omad va zafarlar tiladi.

     Shundan so’ng “Uzavtomotors” qo’shma korxonasi vakili Shavkatbek Yuldashev so’z olib, hozirgi zamon talabidan kelib chiqqan holda har sohada bo’lganidek mashinasozlik sohasida ham xorijiy kompaniyalar bilan raqobatga kirishilmoqda. Ushbu jarayonni jadallashtirish, raqobatbardoshlikni oshirishda mashinasozlik sohasi bo’yicha Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan ushbu oliygoh talabalarining o’rni katta ekanligini aytib o’tdi. Bilim dargohiga qadam qo’yar ekansiz, har bir daqiqangizni qadriga yetgan holda undan unumli foydalanib qoling deya ta’kidladi Shavkatbek Yuldashev.

     Tadbir davomida institutning faxriy professor-o’qituvchilari, talabalarning ota-onalari hamda institutga eng yuqori ballar bilan qabul qilingan bir qator talabalarning tabriklari tinglandi va tadbir so’nggida institut rektori ramziy “Bilimlar kaliti”, “Reyting daftarchasi” hamda “Talabalik guvohnomasi” ni talabalarga topshirdi.

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi