Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

    Avval habar berganimizdek Andijon mashinasozlik institutida Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan “O`zbekistonda oliy ta`lim va ishlab chiqarishning sinergetik integratsiyasini yaratish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida bir qator rivojlangan xorijiy davlatlarning (jumladan Gretsiya, Latviya va Rossiya) mazkur sohadagi tajribalarini o`rganish ham ko`zda tutilgan bo`lib, joriy yilning 1 – 10 avgust kunlari institutimizdan va hamkor ishlab chiqarish korxonalaridan vakillar (Yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektor – A.A.Ermatov, “Avtomobilsozlik” kafedrasi professori T.O.Almataev, “Avtomobilsozlik” kafedrasi assistenti O.A.Tursunov “Uz-Koram Co” qo`shma korxonasi Ishlab chiqarish jarayoni menejeri – E.Valiev) Gretsiyaning G`arbiy Attika Universitetida oliy ta`lim va ishlab chiqarish hamkorligining Yevropa tajribasi bo`yicha seminar-trening kursida ishtirok etib qaytdilar.

     Treningning davomida G`arbiy Attika Universitetining Korxonalar bilan aloqalar bo`limi koordinatori Maria Kaltsogianni, Ta`lim sifati bo`limi boshlig`i Marisa Sigala, Laboratoriya mudiri va ma`ruzachi Ioannis Chronislar tomonidan seminar va mahorat darslari o`tildi, shuningdek universitet prorektori – Georgios Priniotakis, universitet Erasmus+ koordinatori – Konstantinos Stefanos Nikas, va Sanoat dizayni va ishlab chiqarishi kafedrasi mudiri – Dimitrios Tseles bilan uchrashuvlar bo`lib o`tdi. Uchrashuvlar natijalariga ko`ra, G`arbiy Attika Universiteti va Andijon mashinasozlik instituti o`rtasida uzoq muddatli hamkorlik Memorandumi imzolash, hamkorlikda o`quv va ilmiy loyihalarini amalga oshirish, jumladan Erasmus+ dasturi doirasida Kredit mobilligi (KA1), Oliy ta`lim salohiyatini oshirish (KA2) bo`yicha loyihalar tayyorlash va ishtirok etish; talabalar, magistrlar va doktorantlar almashinuvini yo`lga qo`yish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish; hammualliflikda maqola va tezislar chop etish; qo`shma konferensiya va seminarlar tashkil etish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

    Safar davomida O`zbekistonning Gretsiyadagi Bosh Konsulligi vakillari (bosh konsul – O.S.Qosimov, konsul – S.A.Nizomov, administrator – A.Sh.Ibrohimov) bilan rasmiy uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuv davomida Andijon mashinasozlik institute va Gretsiya OTMlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish bo`yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi hamda kelgusida hamkorlikni davom ettirish bo’yicha kelishib olindi. Tashrif davomida ko’rsatgan amaliy ko’maklari uchun Andijon mashinasozlik instituti Ma’muriyati O`zbekistonning Gretsiyadagi Bosh Konsulligiga o’z minnatdorligini bildiradi.

 

 

Odilov Otabek 

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi