Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida” gi qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon mashinasozlik institutiga joriy yilning 29-30 iyun kunlari AQSH va Janubiy Koreya Respublikasidan UNESCO loyixasi doirasida Xandong xalqaro universiteti professorlari  Beomxa Li (Dr. Beomha Jee), Jinvon An (Dr. Jinwon Ahn), Jungva Li (Dr. Jungwha Lee),  Konkuk universiteti professori Yongjae Kim (Dr. Yongjae Kim) va Sokmyung universiteti professori Myongxi Kim (Dr. Myonghee Kim)lar tashrif buyurdilar.

     30-iyun kuni mehmonlar Andijon mashinasozlik institutida bo’ldilar. Tashrifdan maqsad Andijon mashinasozlik instituti va Janubiy Koreya OTMlari o’rtasida xalqaro hamkorlikni o’rnatish va kelgusida xalqaro loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

     Tashrif davomida institut rektori U.M.Turdialiyev boshchiligidagi institut jamoasi chet ellik mutaxassislar bilan muzokaralarga kirishdi. Faol investitsiya va ijtimoiy rivojlanish yilida ta’lim sohasiga sarmoya kiritish muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda vakillarimiz tomonidan kelgusida har uchchala oliygoh bilan qo’shma dasturlar tuzish bo’yicha hamkorlik aloqalarini o’rnatish taklifi berildi. Mehmonlar berilgan barcha takliflarni o’rganib chiqish hamda ma’qul bo’lsa tez orada yo’lga qo’yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Mehmonlarni qiziqtirgan mavzu esa yurtimizda tadbirkorlik va kichik korxonalarni rivojlantirish orqali mamlakatdagi iqtisodiy muammolarni hal etish bo’ldi. Bu mavzuda ham o’zaro fikr almashildi.

     Shu kuni haftaning yakshanba dam olish kuni bo’lishiga qaramasdan tashabbus ko’rsatib, professorlar tajribasi bilan o’rtoqlashish istagini bildirgan institutning ko’plab yoshlari bilan mehmonlar o’rtasida uchrashuv tashkil etildi.

 

     Xandong xalqaro universiteti professorlari  Beomxa Li (Dr. Beomha Jee) (uchrashuv avvalida):

     -“O’zbekiston hamda Janubiy Koreya o’rtasidagi do’stona aloqalar qadimdan yo’lga qo’yilgan. O’tgan ikkinchi jahon urushi vaqtida O’zbeklar tomonidan bizning millat vakillariga ko’rsatilgan yordamni hech qachon unutmaymiz va buning uchun men bugun sizlarga ta’zim qilaman”.

     Mana shunday xotiralar bilan boshlanib qariyb ikki soatga yaqin vaqt davom etgan uchrashuvda professorlar Janubiy Koreyaning rivojlanish tarixi, turli sohalarda mamlakatning dunyo hamjamiyatidagi tutgan o’rni va nufuzi, bugungi Janubiy Koreyaning shu mavqega yetishishida eng avvalo ta’limga bo’lgan e’tiborni kuchaytirish orqali erishilganligi to’g’risida nutq so’zladilar. Muloqot davomida talabalar tomonidan berilgan savollarga mehmonlar atroflicha javob berdilar.  

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi