Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

(Bishkek shahri, Qirg’iziston Respublikasi, 2019-yil 14-iyun)

Muhtaram Sooronbay Sharipovich!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qirg’iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Sharipovich Jeenbekovga yana bir bor samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilmoqchiman.

Zamonaviy xalqaro munosabatlar tub o’zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda.

Bir tomondan, dunyoda yangi axborot-texnologiya tartiblari shakllanmoqda.

Ilmiy-texnikaviy taraqqiyot innovatsion rivojlanish uchun noyob imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Boshqa tomondan, yirik davlatlar o’rtasidagi manfaatlar kurashi kuchayib, jahon bozorida raqobat keskinlashmoqda. Demografik va ekologik nomuvozanatlilik kuchayib, oziq-ovqat va suv xavfsizligi bilan bog’liq muammolar jiddiy tus olmoqda.

Bularning barchasi terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik va qurolli nizolar sharoitida sodir bo’lmoqda.

Bugungi kunda biz uchun:

– xavfsizlikni tahminlashda kelishilgan siyosatni yuritish;

– davlatlarimiz barqaror taraqqiyoti va ravnaqi uchun qulay sharoitlar shakllantirish muhim.

ShHT roli va mavqeini yanada mustahkamlash bizning«Shanxay ruhi» hamda tashkilot tamoyil va qadriyatlariga nechog’li amal qilishimizga bog’liq bo’ladi.

Yaqinda Pekinda «Bir makon, bir yo’l» forumi muvaffaqiyatli o’tkazildi. Ertaga Dushanbeda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengashning sammiti bo’lib o’tadi.

ShHT bilan bir qatorda bu muloqot maydonlari barchamiz uchun umumiy sheriklik makonini shakllantiradi.

Bu mintaqamizda zamonaviy taraqqiyotning eng muhim masalalari bo’yicha yondashuvlarni moslashtirishga xizmat qiladi.

Hurmatli yig’ilish ishtirokchilari!

Bizning fikrimizcha, Markaziy Osiyo bundan keyin ham ShHTning ustuvor yo’nalishlaridan biri bo’lib qolishi zarur.

Bugungi kunda mintaqamiz nisbatan barqaror, ishonchli va iqtisodiy jihatdan mustahkam bo’lib bormoqda.

Bu keng miqyosli hamkorlik, muhim mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun qulay sharoit va noyob imkoniyatlar yaratadi.

Xitoy – Qirg’iziston – O’zbekiston temir yo’li qurilishi shular jumlasidan. Bu o’zaro savdoni rivojlantirish va mamlakatlarimizga investitsiyalar oqimini oshirishga kuchli turtki berishi shubhasiz.

Shu bilan birga, mintaqa barqarorligi ko’p jihatdan Afg’onistondagi vaziyat bilan belgilanadi. O’zbekiston afg’on muammosini tinch yo’l bilan hal etish jarayonini to’liq qo’llab-quvvatlaydi.

Bugun qabul qilinayotgan “ShHT – Afg’oniston” Muloqot guruhining harakatlariga doir «Yo’l xaritasi», shuningdek, ushbu mamlakatni ustuvor infratuzilma loyihalarini ilgari surish orqali mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, biz global tus olgan va millionlab insonlar hayoti, Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekologik farovonligi va iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatayotgan Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish tarafdorimiz.

Mazkur muammoni hal etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafehligidagi Orolbo’yi mintaqasi uchun ko’p sheriklik Trast fondi tashkil etildi.

Bu yerda Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi yaratish bo’yicha yaqin hamkorlik qilish niyatidamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

ShHT doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga oid takliflarim bilan o’rtoqlashmoqchiman.

Birinchi. Hamkorlikning ustuvor yo’nalishlari bo’yicha quyidagi muhim hujjatlarni ishlab chiqishni taklif qilamiz:

– O’zaro aloqalar, samarali iqtisodiy va transport yo’laklarini rivojlantirish bo’yicha ShHT Hamkorlik strategiyasi;

– «Aqlli» qishloq xo’jaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasida o’zaro hamkorlik kontseptsiyasi.

Ikkinchi. Mamlakatlarimizda zamonaviy resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida ShHTning «Yashil belbog’» dasturini qabul qilish dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Uchinchi. Axborot texnologiyalari rivojlanishiga mashul idoralar rahbarlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini joriy etish, shuningdek, kiberxavfsizlik masalalari bo’yicha o’zaro hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qilamiz.

To’rtinchi. Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o’rtasidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida ShHTning Iqtisodiy forumini muntazam o’tkazish tarafdorimiz. Ilk forumni Samarqand shahrida o’tkazishga tayyormiz.

Beshinchi. ShHT doirasida parlamentlararo muloqotni tiklashga doir tashabbuslarni qo’llab-quvvatlaymiz. Ushbu yangi mexanizm Tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, faoliyatimizga parlamentariylar, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish imkonini beradi.

Oltinchi. ShHT shahar va mintaqalarining tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish va turistik salohiyatini yanada to’liq namoyon etish muhim, deb hisoblaymiz.

Yana bir yaxshi anhanaga asos solishni taklif qilamiz: har yili Tashkilotda raislik qiluvchi mamlakatdagi shaharlardan birini ShHT sayyohlik va madaniy poytaxti, deb e’lon qilish.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Yana bir bor muhtaram Sooronbay Sharipovichga mehmondo’stlik va Sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram Vladimir Vladimirovichga Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishda chin ko’ngildan muvaffaqiyatlar tilayman.

Ehtiboringiz uchun rahmat!

 

MANBA: Uza.uz rasmiy sayti                                                                            

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi