Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

Prezident SHavkat Mirziyoev O’zMUda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda soha vakillari oldiga qator vazifalarni belgilab bergan edilar. Davlatimiz rahbari tomonidan qo’yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo’yicha OTM rahbarlari o’z fikrlarini bildirishdi.

 Kadrlar tayyorlashda mehnat bozori talablarini hisobga olishimiz kerak

Joriy yilning 24 may kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O’zMUda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’lim muassasalari oldiga ulkan vazifalar belgilab berildi.

Ulardan biri oliy ta’lim muassasalarida mehnat bozori talablariga javob beruvchi kadrlar tayyorlash. Ushbu vazifani ham o’z o’rnida uchta yo’nalishga bo’lgan holda tahlil qiladigan bo’lsak, bularning birinchisi mavjudlik talabi.

Mehnat bozoridagi o’zgarishlar ayrim kasblarga ehtiyoj yo’qolganligi va aksincha yangi dolzarb yo’nalishlar bo’yicha mutaxassislar tayyorlash yo’lga qo’yilmaganligini ko’rsatmoqda. Qisqacha tahlil, iqtisodiyotimiz uchun zarur bo’lgan 70 dan ortiq mutaxassisliklar mavjud. Davlatimiz rahbari ma’ruzalarida “sun’iy intellekt, mexatronika va robototexnika” yo’nalishlarini e’tirof etib o’tdilar. Ushbu vazifani bajarish maqsadida, Andijon mashinasozlik instituti qoshida Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti hamkorligida yangi o’quv yilidan tashkil etiladigan Zamonaviy muhandislik fakultetida Mexatronika va robototexnika yo’nalishlari qatori Sun’iy intellekt yo’nalishi va mutaxassisligini ochishni rejalashtirmoqdamiz.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu universitet Xitoyda sohaning eng yetakchi ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. Yana bir dolzarb yo’nalish – biotibbiyot muhandisligi, Andijon Davlat tibbiyot instituti hamda Janubiy Koreyaning Tegu universiteti bilan hamkorlikda, birinchi bosqichda, biotibbiyot muhandisligi bo’yicha magistrlar 1+1 tizimda tayyorlash ko’zda tutilmoqda. Hozirda 8 nafar magistr ushbu tizimda tahsil olmoqda. Kelgusida esa ushbu dastur doirasida tayyorlangan magistrlarni jalb etgan holda bakalavrlar o’qitiladi.

Mehnat bozorining ikkinchi talabi bu mavjud yo’nalishga ehtiyoj ko’pligi. Soha ishlab chiqarish korxonalari bilan muzokaralar tahlili korxonalarda bir nechta yo’nalish bo’yicha mutaxassislar yetishmasligi hamda bitiruvchi kadrlar malakasi talabga javob bermasligini ko’rsatmoqda. Shularni hisobga olib, polimer materiallar texnologiyasi, sanoat va ishlab chiqarish menejmenti mutaxassisliklarini tayyorlash yevropaning yetakchi texnika universiteti hisoblanadigan Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda 1 yillik maxsus magistratura qo’shma dasturi ishlab chiqilmoqda.

Talabning uchinchi ko’rinishi bu tayyorlangan mutaxassislar sifati talabi. Institutimizda bu talablarga javob sifatida ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi ishlab chiqildi.Ushbu konseptsiya bo’yicha o’quv dasturlari, malaka talablari “Uzavtosanoat” korxonalari bilan kelishilgan holda qayta ishlab chiqilmoqda hamda innovatsion ta’lim modellari, bakalavr uchun “5+1”, magistrlar uchun “4+1+1” modellari qo’llanilmoqda.

Ishonamanki, Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlar mamlakat iqtisodiyoti talabalariga to’laqonli javob bera oladigan, uning istiqbollarini belgilaydigan, o’zgarishlarga tezda moslash oladigan dinamik oliy ta’lim tizimini yaratishga imkon beradi. Natijada, nafaqat iqtisodiyot va kadrlar buyurtmachilari uchun yuqori malakali mutaxassislar, balki ishchi o’rinlarini o’zi yarata oladigan, innovatsion fikrlaydigan, yetuk kadrlar yetishtirish tizimli yo’lga qo’yiladi.

O’ktam SALOMOV, Andijon mashinasozlik instituti rektori

Manba: Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati