Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     2019-yilning 23-may kuni Andijon mashinasozlik institutiga O’zbekiston qahramoni, senator Mamatqulov Shukurillo Abdullayevich tashrif buyurdi. Tashrif davomida O’zbekiston qahramoni hamda institut talabalari o’rtasida uchrashuv tashkil etildi. Bundan maqsad esa zamonamizning yetuk shaxslari bilan bugunning yoshlarini yuzma-yuz kelishlari va ulardan andoza olgan holda ular boshlagan yo’lni davom ettirishlari uchun motivatsiya uyg’otish desak xato bo’lmaydi. Tashkil etilgan uchrashuvda 200 ga yaqin talabalar va professor-o’qituvchilar ishtirok etdilar.  

 

     Uchrashuv davomida O’zbekiston qahramoni, senator Mamatqulov Shukurillo Abdullayevich institut yoshlariga bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat bu ularning ertangi kuni uchun tikilgan sarmoya yani investitsiya ekanligi, ertangi kunda ushbu ishonch va sarmoyadan oqilona foydalangan holda albatta bunga munosib javob qaytarish har bir yoshning burchi ekanligini alohida ta’kidlab o’tdi. “Qahramon bo’lish uchun insonning yoshi bir joyga borib, sochlariga oq tushishi shart emas.To’g’ri hayotiy tajriba ham bu borada muhim rol o’ynaydi, ammo jadallik bilan odimlab borayotgan zamonda tez va to’g’ri fikrlash orqali maqsadga erishilmasa, ertaga bu maqsad boshqa birovning kariyerasini bezashi ehtimoldan holi emas. Men ishonamanki ushbu oliygohdan kelajakda Eng yosh O’zbekiston qahramoni unvoniga munosib nomzodlar yetishib chiqadi”-shunday so’zlar bilan talabalarning ko’zlarini alanga olishiga turtki bo’lgan Mamatqulov Shukurillo Abdullayevich bugungi uchrashuvdan juda baxtiyor ekanligi ta’kidlab, barcha talabalarning o’qish va ishlarida zafarlar tiladi.

 

     Uchrashuv so’ngida joriy yilning 17-18-may kunlari  Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat institutida «Mashina va mexanizmlar nazariyasi» fanidan o’tkazilgan talabalar 2-bosqich Respublika fan olimpiadasida faol ishtirok etib, faxrli o’rinni qo’lga kiritgan institutning MTMICHJA yo’nalishi 2-bosqich 233-guruh talabalasi Davron Jo’raboyev O’zbekiston qahramoni qo’lidan faxriy yorliqni hamda samimiy tabrikni qabul qilib oldi.

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi