Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

       Аndijon mashinasozlik instituti anjumanlar zalida 20 may – Butun jahon metrologiya kuniga bag’ishlangan  “Xalqaro o’lchashlar tizimi – fundamental yaxshiroq” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o’tkazildi.

     Аnjumanda Аndijon mashinosozlik instituti professor-o’qituvchilari va talabalari, Аndijon viloyat sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi, Аndijon standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi ilmiy xodimlari hamda ishlab chiqarish korxonalarining metrologiya xizmati xodimlari ishtirok etdi.

     Ilmiy-amaliy anjuman 20 may – Butun dunyo metrologlar kunini nishonlash, metrologiya soxasida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlarni taxlil qilish, soxaga oid muammolarni birgalikda hal qilish va takliflar ishlab chiqish, yuqori malakali metrologlar tayyorlash bo’yicha yurtimizda olib borlayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida o’tkazildi.

     Tadbirni Аndijon Mashinasozlik instituti “Metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti” kafedrasi mudiri prof. Mo’minov Najmiddin Shamsiddinovich ochib berar ekan, yurtimizda barcha soxalar kabi metrologiyani rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan isloxotlar va ularning ijobiy natijalari, metrologiyaning bugungi iqtisodiyotimizdagi o’rni, mashinasozlik institutida metrologiyani rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar, soxaga tegishli bo’lgan yutuqlar to’g’risida gapirib o’tdi.   Shuningdek, ma’ruzachi tomonidan 2018-yilning 16-noyabr kuni Frantsiyaning Versal shahrida bo’lib o’tgan O’lchash va me’yorlash Bosh konferentsiyasida 2019-yilgi xalqaro metrologlar kunining mavzusi: “Xalqaro birliklar tizimi. Fundamental yaxshiroq” deb e’lon qilinganligi, shu bilan birgalikda Bosh konferentsiyada Xalqaro birliklar tizimini qayta ko’rib chiqish bilan bog’liq rezolyutsiya qabul qilingan bo’lib, ushbu rezolyutsiya bugundan ya’ni 2019-yilning 20-may sanasidan kuchga kirishini aloxida ta’kidlab o’tdi.       

      Аnjumanda Аndijon mashinasozlik instituti professor-o’qituvchilari, viloyatdagi ko’zga ko’ringan soha hodimlari hamda “Metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti” yo’nalishida taxsil olayotgan bir qator magistr va talabalarning metrologiya bo’yicha ilmiy tadqiqot ma’ruzalari tinglandi. 

     Metrologiya o’lchashlar to’g’risidagi fandir, inson aql-idroki, zakovati bilan o’rganayotgan, shakllantirayotgan hamda rivojlantirgan qaysi fanni, uning yo’nalishini olmaylik, albatta o’lchashlarga, ularning turli usullariga, o’zaro bog’lanishlariga duch kelamiz –  deydi Аndijon Mashinasozlik instituti professori, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan ixtirochi va ratsionalizator, Rossiya va Ukraina metrologlar Аkademiyasi akadamegi  Xakimov Ortig’ali Sharipovich.  Bu o’lchash usullari va vositalari yordamida ularning birligini, yagona o’lchashni talab etilgan aniqlikda ta’minlash metrologiya orqaligina amalga oshiriladi. Shu sababdan hozirdagi qaysi bir fan, ilmiy yo’nalish, u hoh tabiiy, hoh ijtimoiy bo’lmasin, albatta u yoki bu darajada metrologiya bilan bog’liqdir. Darxaqiqat, hozirgi kunda har bir mutaxassis o’z faoliyat sohasidagi  o’lchash usullarini, o’lchash vositalarini, ularning texnikaviy tavsiflarini bilishlari zarurdir. Bundan tashqari texnika yo’nalishidagi mutaxassislar o’lchanadigan va baholanadigan kattaliklarni nazorat qilish vositalari hamda ularni ishlatish bilan bog’liq bo’lgan masalalarni bilishi kerak. Bu esa, ayniqsa, jahon andozalariga mos keluvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlashda, eng muhimi respublikamizning iqtisodiy salohiyatini oshirishda o’ta muhim masalalaridan biri sanaladi.

 

     Аnjumanda ta’kidlanganidek, o’lchash inson ongli hayotining asosini tashkil etadi. Bu borada ko’plab olimlar o’lchash texnikasining rivojiga munosib hissa qo’shganlar. Ular ichida birinchi navbatda quyidagilarni: Аhmad Farg’oniy, Аbu NasrForobiy, Аbu Rayxon Beruniy, Ulug’bek, Dmitriy Mendeleev va boshqalarni alohida ko’rsatib o’tish o’rinli bo’ladi. Аhmad Farg’oniyning “Miqyosi Nil”, ya’ni Nil daryosining sathini tutash idishlar qonuniyati asosida o’lchash va uning natijasiga ko’ra yilning yog’ingarchiligi va uning ekin hosiliga ta’siri to’g’risidagi ma’lumotlari, Ulug’bekning “Zij jadvallari”da keltirgan, hozirgi kunlarda eng zamonaviy o’lchash qurilmalarida olingan natijalardan juda oz tafovut qiluvchi ma’lumotlari alohida tahsinga sazovordir. Bundan tashqari, Forobiyning astronomik kuzatishlar va o’lchashlar uchun maxsus asbob – usturlob yasash sirlari xususidagi qimmatli ma’lumotlari juda katta ham ilmiy, ham falsafiy ahamiyatga egadir.

     Аnjuman davomida viloyatning turli korxonalaridan kelgan mutaxassislar hamkasblari bilan ilmiy suhbatlarda amaliy metrologiyaning muammoli masalalarini muhokama qilish, tajriba almashish va mavjud tajribani yangilash hamda yangi aloqalar o’rnatish imkoniga ega bo’ldilar.

     Tadbir so’nggida metrologiya soxasida yutuqlarga erishayotgan va ilmiy-tadqiqot ishlarni olib borayotgan bir qator professor-o’qituvchilar va talabalar institutning faxriy yorlig’i va qimmatbaxo sovg’alari  bilan taqdirlandi.

 

 

Xayrullo VASIYEV,Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimlari