Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish, aholining barcha qatlamlari orasida huquqiy bilimlarni targ’ib qilish, sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, fuqarolarning davlat organlaridan rozi bo‘lishlari uchun bor imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanish maqsadida Andijon viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning 3-may kuni Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida “Adliya sayli” bo‘lib o‘tdi.

     “Adliya sayli”da Andijon viloyati hokimligi, Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi, Advokatlar palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim boshqarmalari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari jamoalari qatorida Andijon mashinasozlik instituti professor-o‘qituvchilari, faol talabalari hamda viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

     Saylda davlat notarial idoralari notariuslari, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari va yuridik xizmat xodimlari, advokatlar tomonidan aholiga bepul huquqiy maslaxatlar berildi.

     Viloyatimiz aholisi ushbu tadbirda ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab huquqiy savol, muammoli masalalar hamda boshqa xuquqiy holatlar yuzasidan mutaxassislardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy tushuntirishlar va maslahatlar olishdi.

     “Adliya sayli”da adliya organlari tizimida olib borilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

     Tadbirda institut rektori U.R.Salomov, Yoshlar ishlari bo’yicha  prorektor A.Ermatov, professor-o’qituvchilardan M.Matqosimov, iqtidorli talabalar safidan A.Sultanov, T.Xakimova boshqalar faol ishtirok etdilar. Saylda aholining madaniy xordiq chiqarishlari uchun konsert dasturlari, turli xildagi ko‘ngil ochar o‘yinlar, xalq sayllari, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmalari, milliy madaniy etnik markazlarining chiqishlari, yoshlar o‘rtasida huquqiy bilimlar bellashuvi musobaqalari, talaba yoshlar tomonidan yaratilgan innovasion ishlanmalar namoyishi tashkil qilindi.

 

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi