Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     O’zbekistonning Shvedsariyasi deya e’tirof etiladigan Andijonning Xonobod shahrida har yili may oyining dastlabki 10 kunligida o’tkazilishi an’anaga aylanib ulgurgan “Xonobod tarovati” yoshlar festivali bu gal o’zgacha ruhiyatda tashkil etildi. Shahar markazida joylashgan istirohat bog’i shu kuni viloyatimizdagi ko’plab ta’lim muassasalari, mutassaddilar, korxona va tashkilotlar xodimlari va yoshlar bilan gavjum bo’ldi. Bog’ markazidagi konsert paviloni erta tongdan xalqimizning suyukli, iste’dodli san’atkorlarining chiqishlari bilan tomoshabinlarni o’z bag’riga yig’a boshladi. Pavilonda O’zbekiston xalq artisti marhum san’atkor Soyib Xo’jayev xotirasiga bag’ishlangan kulgu dasturi tashkil qilinib unda kulgu ustalari askiya bazmi, yakkaxon san’atkorlar tomonidan esa bayramona kulgu dasturi festival qatnashchilarining kayfiyatiga ko’tarinkilik ulashdi desak mubolag’a bo’lmaydi.  

     Festivalda Andijondagi oliy ta’lim muassasalari ham talabalari va professor-o’qituvchilari faol ishtirok etdi. Ular qatorida Andijon mashinasozlik instituti jamoasi ham institut uchun ajratilgan hududda kitob targ’iboti, milliy liboslar va milliy an’analar aks ettirilgan kompozitsiya tashkil etdilar. Festivalning diqqatga sazovor jihati festivaldagi barcha yigit va qizlar milliy bosh kiyimimiz hisoblangan do’ppida bayramda ishtirok etdilar. Bu esa shu kuni bog’ ichida yaratilgan milliy muhitning bezagi bo’ldi desak to’g’ri bo’ladi.

 

 

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi