Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari 43-sessiyasining kun tartibidagi masalasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-yilning 3-may kuni Andijon mashinasozlik instituti asosiy binosi faollar zalida yoshlarni oilaga tayyorlash maqsadida “Oilalarni mustahkamlash, oiladagi ma’naviy muhitni barqarorligini ta’minlash, onalik va bolalikni ijtimoiy muxofaza qilish davlatimizning ustuvor yo’nalishi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

     Unda Andijon shahar bosh imomi Nuriddin  Xoliqnazarov, Andijon viloyati Ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i M.G’ofurov, institutning Yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori A.Ermatov hamda 200 dan ziyod talabalar va professor-o’qituvchilar ishtirok etdilar.

     Davra suhbati davomida Andijon shahar bosh imomi Nuriddin  Xoliqnazarov jamiyatning asosiy negizi hisoblangan, oila deb atalmish muqaddas dargohga so’ngi vaqtlarda yoshlarimiz tomonidan yengil munosabat bilan qarash holatlari ko’payib borayotganligi, buning oqibatida asosan yosh oilalar o’rtasidagi kelishmovchiliklar va ushbu ziddiyatlarning ko’pi oilani barbod bo’lishi bilan yakun topayotgani haqidagi fikrlari bilan o’z so’zini boshladi. Bunga sabab sifatida esa ikki taraf roziligi asosida bunyod etilayotgan yosh oilalarning oila qurayotgan ikki yoshning faqatgina jismoniy holatiga qarab tuzilayotgani, ularning ma’naviy salohiyati, oilani boshqara olish, uni asrab-avaylashda mas’uliyat bilan yondoshish kabi tomonlariga e’tiborsizlik bilan qaraliyotganini keltirib o’tdi. Institut yoshlariga esa kelajakda oila barpo qilishda avvalo ushbu jarayonga mas’uliyat bilan yondoshish kerak ekanligini, muqaddas dinimizda oila va uning aziz ekanligi to’g’risida ma’ruza qildi.

Shundan so’ng  Andijon viloyati Ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i M.G’ofurov so’zga chiqdi. M.G’ofurov o’z so’zida inson oilada o’z o’rniga ega bo’lishi va o’sha oilani mustahkamligi tinch-totuvligining bardavom bo’lishiga erishish uchun turmushda uchraydigan turli hil kichik kamchiliklarga u qadar ham e’tibor qaratmaslik, shu bilan birgalikda oiladagi ma’naviy muhitni go’zal holatda shakllantirib mavjud kamchiliklarni o’z-o’zidan bartaraf bo’lishiga erishish mumkin ekanligi haqida so’z yuritdi.

     Davra suhbati davomida talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi