Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     2019-yilning 30-aprel kuni institutning “Sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish” kafedrasi mudiri iqtisodiyot fanlari doktori U.A.Madrahimov tashabbusi bilan Andijon mashinasozlik instituti va TDIU huzuridagi “O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy – tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “O’zbekiston va uning hududlari iqtisodiyotiga investitsiya resurslarini faol jalb qilishning maqbul shakllari va ustuvor yo’nalishlari” mavzusidagi mintaqaviy ilmiy seminar tashkil etildi.

     Ilmiy seminarda Andijon mashinasozlik instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori–t.f.n., dots. B.Mamadjanov, institutning Yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori, i.f.d., dots. A.Ermatov, Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti dekani iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent M.Eshonov, TDIU huzuridagi “O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy – tadqiqot markazi, Moliya bozori va moliya-bank tizimini rivojlantirishning metodologik muammolari” sektori mudiri B.Valiev, ushbu sektorning katta ilmiy xodimi M.Sultanov hamda institut professor-o’qituvchilari hamda talaba yoshlari qatnashdilar.

     Mintaqaviy ilmiy seminarni institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori B.Mamadjanov o’z nutqi bilan ochib berdi. U seminar ishtirokchilarini kun tartibi bilan tanishtirib, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga integratsiyalashuvi va investitsiyalarni jalb qilish davr talabi ekanligi, 2019-yilning nomlanishi ham faol investitsiya siyosatini yuritish va ijtimoiy himoyani oqilona tashkil etish maqsadlariga mos kelishi, ushbu dolzarb masalalarning yil dasturidan o’rin olganligini seminar qatnashchilari e’tiboriga yetkazdi.

    Shundan so’ng, Andijon mashinasozlik instituti Yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori  A.Ermatov mamlakatimizda yoshlarni kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, investitsiya resurslarini yangi ishlab chiqarishni tashkil etish va yoshlarning yangidan o’z bizneslarini boshlashdagi rolini ochib berdi. Shu bilan birga, Andijon mashinasozlik institutiga o’quv jarayonini samaradorligini oshirish va innovatsiyalarni joriy qilish bo’yicha jalb qilinayotgan investitsiya mablag’larining zaruriyatini asoslab berdi.

      Seminar davomida U.Madrahimov so’z olib, ushbu yilni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilinganligining iqtisodiy va ijtimoiy jihatlariga hamda belgilangan ustuvor yo’nalishlariga alohida to’xtalib o’tdi. Ma’ruzachi so’zi davomida iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishda investitsiyalarning zamonaviy tendentsiyalariga alohida urg’u berib, makroiqtisodiy jihatdan investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari bo’yicha ma’lumotlar berdi. Iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda investitsiyalarning faol o’zlashtirish yo’llari haqida fikrlar bildirdi. Jahon tajribasida investitsiyalarni faol o’zlashtirishga xizmat qiladigan asosiy omillar bo’yicha atroflicha ma’lumotlar berdi.

     So’ngra ilmiy seminar asosiy ma’ruzachilaridan TDIU huzuridagi “O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy – tadqiqot markazi, Moliya bozori va moliya-bank tizimini rivojlantirishning metodologik muammolari” sektori mudiri PhD B.Valiev so’zga chiqdi.  Ma’ruzachi 2017-2021 yillarga mo’ljallangan “Harakatlar strategiyasi” va 2019-yil Davlat dasturidan o’rin olgan vazifalar qatorida mintaqalarda ishlab chiqarishni moliyalashtirishda faol investitsiya siyosatini ta’minlash bo’yicha belgilangan chora-tadbirlar mohiyatini ochib berdi. B.Valiev mamlakatga jalb qilinayotgan investitsiyalarning hududiy jihatlari, moliyalashtirish manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari bo’yicha tarkibi, xorijiy investitsiya tendentsiyalarini tahlil qilib berdi. Investitsiya sohasidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari bo’yicha fikrlar bildirdi.

     Ilmiy seminar mavzusi doirasida TDIU huzuridagi “O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy – tadqiqot markazi, Moliya bozori va moliya-bank tizimini rivojlantirishning metodologik muammolari” sektori,  katta ilmiy xodim M.Sultanov “Iqtisodiyotda institutsional investorlar faol ishtirokini ta’minlash yo’llari” – deb nomlangan mavzusi bilan chiqish qildi. U o’z ma’ruzasida institutsional investorlarning ilmiy–nazariy asoslari, turlari, maqsadi va O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishdagi ahamiyati borasida ma’lumot berdi. Jumladan, aktsiyalarni muomalaga chiqarishda moliyaviy sektorda institutsional investor sifatida AJ asosalangan tijorat banklarining  ulushi 98,5 % ni tashkil etishiga alohida urg’u berib, u yerda davlat ulushi ya’ni kvazi aktsiyalarni xajmi ko’pligini ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, keyingi yillarda AJ sug’urta kompaniyalarining ham moliyaviy sektorda emitent sifatida faolligi oshayotgani,  investor sifatida esa bank omonatlari va qimmatli qog’ozlarni tanlangani taxliliy mahlumotlar asosida seminar ishtirokchilari e’tiboriga yetkazildi. Shu bilan birga, jahon moliya bozori institutsional investorlar tarkibida aholi pul mablag’larini jalb qilishda faolligi bilan ajralib turadigan investitsiya fondlarining respublikamiz iqtisodiyotida munosib o’rin topaolmayotgani to’g’risida fikr yuritib o’tildi. 

     Ma’ruzani davom ettirish uchun so’z Andijon mashinasozlik instituti Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti dekani, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent M.Eshonovga berildi. Ma’ruzachi o’z nutqida moliya bozorini rivojlantirishda portfel investitsiyalarning ahamiyati, qimmatli qog’ozlar emissiyasi va uni joylashtirish yo’llari, islomiy moliyalashtirish tamoyillarining mohiyati va uni mamlakatimizda qo’llash imkoniyatlari, jahon iqtisodiyotining globallashuv sharoitida O’zbekistonning moliya bozoriga integratsiyalashuvi istiqbollariga oid mulohazalarini bildirdi. Respublikamiz Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasida tashkil etilgan “Bir makon, bir yo’l” ikkinchi xalqaro forumida ishtiroki davomida xalqaro bozorga integratsiyalashuv bo’yicha bildirgan fikrlari muhokama qilindi.

     Ma’ruzachilarga taqdimotlar yakunida talabalar tomonidan bir qator savollar bilan murojaatlar bo’ldi. Berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi