Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Andijon shahrining Amir Temur va Sharof Rashidov shohko’chalari kesishmasi ertalabdan viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalari xodimlari, ta’lim dargohlarining talaba va o’quvchi yoshlari, shahar va tumanlardan kelgan 40 mingga yaqin aholi vakillari bilan gavjum bo’ldi. Ular orasida institutimiz professor-o’qituvchilari va talabalari o’zining faolligi bilan ajralib turdi.

     Piyoda yurish marafoni oldidan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shuhratbek Abdurahmonov yig’ilganlarni Butunjahon salomatlik kuni bilan muborakbod etib, yurishga start berdi.

    O’tkazilgan tadbir piyoda yurish bilan boshlanayotgani bejiz emas. Zero, mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarning jismoniy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 19-martida videoselektr yig’ilishida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusda ham o’z aksini topgan.

     Marafonni velosipedchilar guruhi boshlab berdi. So’ngra ularning ortidan tibbiyot xodimlari yosh sportchilar hamda viloyatimizdagi ta’lim muassasalari xodimlari, talaba yoshlar sog’lom turmush tarzi, jismoniy faollikka chorlovchi shiorlar ko’targan holda yurdilar.

    Piyoda yurish marafonida institutimiz professor-o’qituvchilari va talaba yoshlari faol ishtirok etdilar. Sport libosidagi sog’lom turmush tarzini targ’ib qilgan Andijon mashinasozlik instituti professor-o’qituvchilari va talabalari barcha qatori shaharning Alisher Navoiy ko’chasi bo’ylab 10 kilometrlik yo’lni piyoda bosib o’tib, eski shahardagi Registon maydoniga kelishdi.

     Salomatlik kunida faol ishtirok etgan “Mashinasozlik texnologiyasi” fakulteti dekani dots. M.A.Eshonovni suhbatga chorladik.

    -Bugungi Salomatlik kunida fakultetimizning ko’plab professor-o’qituvchilari va talabalari faol ishtirok etishmoqda. Barchamizni kayfiyatimiz ko’tarinki ruxda, o’ylaymanki, bunday Piyoda yurish marafoni har birimizning salomatligimiz uchun katta foyda bo’ladi. Har bir inson bugungidek sog’lom turmush tarzi bilan hayot kechirsa ish unumdorligi oshadi, eng asosiysi sog’ligi yaxshi bo’ladi.

 

 

 

VASIYEV Xayrullo, Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimlari