Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

2019-yilning 28-mart kuni O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi, Andijon viloyat Ma’muriy sudi, Jinoyat ishlari bo’yicha Andijon viloyat sudi va Musulmonlar idorasi Andijon viloyat vakilligi hamkorligida Andijon mashinasozlik instituti professor-o’qituvchi va talabalari o’rtasida “Biz yoshlar – oilamizni, mahallamizni, yurtimizni korruptsiya illatidan saqlaymiz” mavzusida  davra suhbati o’tkazildi.

Unda O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi Xamidjon Omanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmaljon Jumaboev, Andijon viloyat Ma’muriy sudi raisi Otabek Mirzamahmudov, Jinoyat ishlari bo’yicha Andijon viloyat sudi sudya katta yordamchisi Komronshox Rasulov, Andijon viloyat Ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi Sardorbek Xasanov, Andijon shahar “Imomi A’zam” jome masjidi Imomi Isomiddin Shamsiddinovlar hamda Fakultet dekanlari va dekan muovinlari, 54 nafar professor-o’qituvchilar hamda 160 dan ziyod talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

 

   

Seminarni institut “Ma’naviyat va ma’rifat” bo’limi boshlig’i M.Xaliqova kirish so’zi bilan ochib, yig’ilganlarga davra suhbatiga tashrif buyurgan mehmonlar bilan tanishtirib, so’z navbatini O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi Xamidjon Omanovga berdi.

 

O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi X.Omanov o’z so’zida, jamiyatning taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi omil – korruptsiya to’g’risida to’htalib, uning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, korruptsiyaning davlat va jamiyat xavfsizligiga rahna soluvchi eng xatarli illatlardan biri ekanligi, shuningdek, aynan korruptsiya sababli boshqa havfli illatlarning shakllanishiga yo’l ochilishi xususida so’z yuritdi.

Shundan so’ng O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi X.Omanov yig’ilishda fikr bildirish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmaljon Jumaboevga so’z navbatini berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Jumaboev o’z so’zida Davlatimiz raҳbari tomonidan “Korruptsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi Qonunning imzolanishi aynan korruptsiya jinoyatiga qaratilgan ishlar uchun dastlabki qadam bo’lganligi, ushbu qonunning qabul qilinishi bilan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Respublikamiz bo’ylab bu jinoyatning sodir etilish holatlari sezilarli darajada kamayganligi, albatta, “Kasallikni davolagandan ko’ra uning oldini olgan yaxshi” deganlaridek, jamiyatda korruptsiyaning oldini olish yo’nalishida mana shunday profilaktik suhbatlarni doimiy o’tkazilib borilishi hozirgi zamon talaba ekanligi to’g’risida gapirib o’tdi.

Shundan so’ng davra suhbati qatnashchilari uchun mamalakatmizda korruptsiyaning oldini olish yo’nalishida tasvirga olingan videorolik namoyish etildi.

Davra suhbatida Jinoyat ishlari bo’yicha Andijon viloyat sudi sudya katta yordamchisi K.Rasulov so’zga chiqib, korruptsiyaning naqadar xavfli illat ekanligi, davlat va jamiyat shakllanishiga qanchalik to’siq bo’lishi hamda ushbu kunda mamlakatimizda bu illatni bartaraf etish bo’yicha qonuniy hamda ijtimoiy jihatdan amalga oshirilayotgan ishlar to’g’risida so’z yuritib, «Korruptsiyaga qarshi kurashish to’g’risida»gi qonun huquqiy munosabatlarni to’liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda amalga oshirilayotgan korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini ko’tarishga, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korruptsiyaning har qanday ko’rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi xususida alohida to’htalib o’tdi.

Davra suhbati davomida Andijon viloyat Ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi Sardorbek Xasanov so’zga chiqdi.

S.Xasanov o’z so’zida, ta’lim muassasalari talaba-yoshlari orasida olib borilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar, yoshlarimizni huquqiy savodxonligini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilganligi islohotlar xususida to’htalib, korruptsiyaning jamiyat taraqqiyotiga qay tarzda salbiy ta’sir ko’rsatishi to’g’risida gapirdi.

Jumladan, har birimiz qayerda, qanday muammoga duch kelsak, uning hal etilishida mas’ul shaxslarning mas’uliyatsizligi yoki ta’magirligiga guvoh bo’lganda sharoitga bo’ysunish, indamay ketaverish yoxud chidash o’rniga bong urishimiz kerakligi va mas’uliyatsizlikka, adolatsizlikka nisbatan murosasizlikni o’zimizdan boshlashimiz kerakligini ta’kidladi.

O’zbekiston Respublikasining «Korruptsiyaga qarshi kurashish to’g’risida»gi Qonunida bizning bu boradagi huquqlarimiz kafolatlanganligi, Qonunga ko’ra, jismoniy va yuridik shaxslarning korruptsiyaga oid huquqbuzarlik faktlariga doir murojaatlari to’liq, xolisona va o’z vaqtida ko’rib chiqilishi hamda korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar to’g’risida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishi ta’minlanganligi to’g’risida axborot berdi.

Shundan so’ng seminarda Andijon shahar “Imomi A’zam” jome masjidi imomi Isomiddin Shamsiddinov so’z ga chiqib, “Islom dinida korruptsiyaga munosabat” mavzusida ma’ruza qildi.

I.Shamsiddinov o’z ma’ruzasida – Biz bunda ko’rib, ko’rmaslikka, eshitib, eshitmaslikka olayotgan bu illat asta-sekinlik bilan odatiy holga aylanib boradi. Eng yomoni jamiyatda vositachilik vazifasini bajaradigan “yugurdaklar” paydo bo’lgan. Qonunchiligimizda pora olgan va pora bergan kishiga ham jazo chorasi qo’llaniladi. Bu jamiyatimizda jinoyat hisoblanadi.

Muqaddas dinimizda ham pora olish yoki berish qoralanadi. Jumladan, “Pora bergan va pora olgan kimsa bizdan emasdir”, deb zikr qilinadi. Bu islom dinida poraxo’rlik eng katta gunoh ekanligini anglatadi. Biz korruptsiya haqida ommaviy axborot vositalaridan juda ko’p ma’lumotlarni olamiz. Bu haqda juda ko’p aytiladi. Lekin unga qarshi kurashda vijdon amriga quloq solmoq, har bir joyda nazoratni o’rnatmoq muhimdir. Ayrimlar yomon ko’rsalarda, ularga oynada o’z aksini ko’rsatib, haqiqatni oshkor qilmoq kerak. To’g’ri, bu illatni butunlay yo’qotib bo’lmaydi. Lekin uning avj olishi ham adolatli jamiyat qurilishining buzilishiga olib boradi. Agar jamiyatni ana shunday illatlardan tozalasak, shundagina biz adolatli jamiyatning asl fuqarosi bo’la olamiz – deb, o’z fikr-mulohalarini yakunladi.

Davra suhbati davomida so’z yuritilgan masalalar yuzasidan talabalarni qiziqtirgan savollariga davra suhbatiga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

 

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi