Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     2019-yilning 28-mart kuni Andijon mashinasozlik instituti professor-o’qituvchi va talabalari o’rtasida “Biz radikalizm, missionerlik va prozelitizmga qarshimiz”, “Yoshlar – sog’lom hayot tarzi tarafdori” mavzularida davra suhbati o’tkazildi.

      Unda Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi Andijon viloyat bo’limi Bosh mutaxassisi O’tkirbek Rahmonov, O’zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashi raisi o’rinbosari Nodira Sotvoldieva, Andijon shahar “At-Termiziy” jome masjidi imom xatibi Abduxalim Xamraqulov, Viloyat “Oila” ilmiy-amaliy markazi psixologi Otabek Muxtorov Institut boshlang’ich Xotin-qizlar Qo’mitasi raisi Ra’noxon Yusupova, fakultet dekanlari va dekan muovinlari, 32 nafar professor-o’qituvchilar hamda 173 nafar talaba-yoshlar shu bilan birgalikda Toshkent agrar universiteti Andijon filialining 45 nafar talabalari ishtirok etdilar.

     Davra suhbatini institut “Ma’naviyat va ma’rifat” bo’limi boshlig’i M.Xaliqova kirish so’zi bilan ochib, yig’ilganlarga radikalizm, missionerlik va prozelitizm to’g’risida qisqacha tushuncha berib o’tdi hamda yig’ilganlarga davra suhbatiga tashrif buyurgan mehmonlar bilan tanishtirdi.

     Shundan so’ng so’z navbatini Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi Andijon viloyat bo’limi Bosh mutaxassisi O’tkirbek Rahmonovga berdi.

     Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi Andijon viloyat bo’limi Bosh mutaxassisi O’.Rahmonov o’z so’zida, Mamlakat va jamiyat xavfsizligi azaldan davlatning asosiy masalalaridan bo’lib kelayotganligi, ayniqsa, yurtimiz mustaqillika erishgach, xavfsizlikni ta’minlash vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etayotganligi xususida to’htaldi.

     Dunyo maydonida terrorizm, missionerlik, radikalizm, prozelitizm va diniy aqidaparastlik oqimi, buyuk davlat shovinizmi kabi yovuz niyatni ko’zlovchi oqimlar o’zga davlatlarning rivojlanishiga tahdid solish va bu orqali dunyoga hukmronlikka erishishga intilyotganligi hamda jahon miqyosida inson ongi va qalbi uchun kurash shiddat bilan davom etayotganligi to’g’risida fikr bildirib, Birinchi Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlaganidek “Bugun mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham xatarli. Chunki mafkura poligonlari bu inson ongidir. Unda sinash uchun quyilgan g’oya agar qalbdan joy olsa, insonni ma’lum maqsad yo’lida harakatga keltiradi” degan fikrlari qanchalik ahamiyatga ega ekanligi borasida so’z yuritdi. 

 

     O’zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashi raisi o’rinbosari Nodira Sotvoldieva yig’ilishda so’z olib, bugungi kunda dunyoda globallashuv jarayoni chuqurlashib borayotgan bir sharoitda jamiyatimizga yot bo’lgan g’oyalarni kishilarimiz ongiga singdirishga urinishlar kuchayib borayotganligini ana shunday g’oyaviy tahdidlardan biri diniy ekstremizm va terrorizm ekanligi hamda hozirgi kunda turli dinlarga targ’ib qiluvchi missionerlik harakati ham avj olayotganligini alohida ta’kidladi.

     Shuningdek, yoshlar orasidagi dolzarb muammolar – diniy ekstremizm, xalqaro terrorizm, narkotrafik, diniy missionerlik harakati xaqida so’zladi. O’zbekiston hududida diniy ekstremizmga qarshi kurash keng avj olganligini, radikalizm, missionerlik va prozelitizm hamda turli oqimlarining kelib chiqishi va ular ta’siriga tushib qolgan yoshlarning kelajakdagi ayanchli taqdiri, ular ongining narkotik moddalar bilan zaharlanishi, diniy missionerlik harakati ta’siriga tushib qolishi natijasida ular orasida milliylikning, milliy qadriyatlarning yo’qolib borayotgani achinarli hol ekanligini hamda shularni hisobga olib, respublikada bu oqimlarga, harakatlarga qarshi keng miqyosda kurash olib borilayotganligi haqida gapirib o’tdi.

     Viloyat “Oila” ilmiy-amaliy markazi psixologi Otabek Muxtorov so’zga chiqib, yosh avlodni tarbiyalashda mustahkam oilaning o’rni, oilani ijtimoiy-iqtisodiy, sotsial-ma’naviy jihatdan baquvvat, sog’lomligi to’g’risida, onalarning farzandlarni tarbiyalashdagi mas’uliyati to’g’risida fikrlar bildirdi.

     Shuningdek, yoshlarni kelajakda qanday inson bo’lib kamol topishlari har jihatdan oiladagi muhitga, ta’lim-tarbiyaga bog’liqligi, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz ildiz otadigan mahalla atalmish yana bir xilqat bor ekanligi, yoshlar tarbiyasida uning o’rnini hech bir narsaga qiyoslab bo’lmasligi to’g’risida gapirib o’tdi hamda farzandlarimizni samimiy, beg’ubor, mehribon va sadoqatli qilib tarbiyalash ustuvor vazifalardan biri ekanligi to’g’risida ta’kidlab o’tdi.

     Mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalari talaba-yoshlari orasida olib borilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar, yoshlarimizni huquqiy savodxonligini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilganligi islohotlar xususida to’htalib, jamiyat taraqqiyotiga tahsir etuvchi har qanday salbiy holatlarni oldini olish, kelajakda sog’lom fikrli, keng dunyo qarashga ega kadrlarni tayyorlash hozirgi davrning dolzarb masalasi ekanligi to’g’risida gapirdi.

 

     Davra suhbati davomida Andijon shahar “At-Termiziy” jomeh masjidi imom xatibi Abduxalim Xamraqulov so’z olib, dunyoning bir qator davlatlarida hukm surayotgan terroristik muhit, butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan diniy ekstremizm va terrorizmning kundan-kunga yangicha ko’rinishga kirib, yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko’rsatayotganligi, ayniqsa, bu holat musulmon davlatlari bo’lmish Yaqin sharq va arab davlatlarida ro’y berayotganligi xususida gapirdi.

     Shuningdek, yig’ilishda A.Hamraqulov institutda tahsil olayotgan talabalarni ogohlikka, tinchlikning qadriga yetishlik, jamiyatimiz va yurtimiz taraqqiyoti yo’lida barchamiz birdek mas’ul ekanligimiz xususida to’htalib, O’zbekiston bilan qo’shni davlat Afg’onistonda davom etayotgan fuqarolik urushi va uning oqibatlari, Suriyada ro’y berayotgan xunrezliklar to’g’risida ma’ruza qildi.

     Hozirgi kunda yoshlarga turli ijtimoiy tarmoqlar, mobil dasturlari va turli vositalardan axborot hurujlari orqali ta’sir qilishga urinishlar ko’p bo’lmoqda. Bu esa bizni doim ogoh bo’lishimiz zarurligini anglatadi deya o’z ma’ruzasiga yakun yasadi.

     Davra suhbati davomida so’z yuritilgan masalalar yuzasidan talabalarni qiziqtirgan savollariga davra suhbatiga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi