Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Xalqimizning azaliy bayramlaridan biri xisoblangan Navro’z umumxalq bayrami bu gal O’zbekistonning Shvedsariyasi deya e’tirof etiladigan Xonobod shahrida keng nishonlandi. Honobod shahrining go’zal tabiatiga hamohang tarzda bezatilgan so’lim bog’ erta tongdan viloyatimiz aholisi va mehmonlari bilan gavjum bo’ldi. Istirohat bog’iga kiraverishda bayram kayfiyatini his etish uchun barcha tayyorgarlik a’lo darajada ko’rilganligi shundoq aks etgan bo’lib, ayniqsa bog’ning yon atrofidagi xalq amaliy san’ati namunalari, tashrif buyurgan mehmonlarga milliy libosda o’zbekona latofat va iffat bilan salom berayotgan o’zbek qizlari, milliy qadriyatlarimiz biri hisoblangan yor-yor va kelin salom kabi urf odatlar, karnay va sunray sadolariga jo’shib raqsga tushayotgan yoshlarimiz hamda manzaradan bahra olib keng va shinam so’rilarda shirin suhbat qurib o’tirgan keksa otaxonlar tashkil etilgan bayramning eng go’zal tasvirlarini aks ettirdilar desak mubolag’a bo’lmaydi.

  

     Bog’ning barcha nuqtalarida viloyatimizning turli mutassaddilari o’zlariga ajratilgan hududlarda bayramni milliy taomlar bilan bezatilgan dasturxon atrofida ko’tarinki kayfiyatda nishonladilar. Ular qatorida Andijon mashinasozlik instituti jamoasi ham bayramga o’zgacha tayyorgarlik ko’rdilar. Shu kuni Andijondagi oliy ta’lim muassasalari talaba-qizlari o’rtasida tashkil etilgan liboslar ko’rgazmasi va moda yo’lakchasida oliygohlarning dizayner talaba-qizlari tomonidan yaratilgan milliy liboslar keng ommaga namoyish qilindi.

     Shu kuni umumiy sayl bilan birgalikda respublikamizning taniqli san’atkorlari ishtirokidagi bayram konsert dasturi ham namoyish etildi. Unda institut rektori U.R.Salomov boshchiligidagi professor-o’qituvchilar jamoasi ham ishtirok etdilar.

 

 

 

Odilov Otabek 

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi