Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     2019-yilning 12-fevral kuni Andijon mashinasozlik instituti Avtomobilsozlik hamda Transport va logistika fakulteti talabalari o’rtasida “Odam savdosi-davr muammosi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

     Unda institut Ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i M.Xoliqova, Avtomobilsozlik fakulteti dekani M.Qo’chqarov, institut Boshlang’ich Xotin-qizlar qo’mitasi raisi R.Yusupova, Andijon viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig’i Murodjon G’ofurov, Andijon viloyati “Mehrimiz sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo’llab-quvvatlash markazi direktori Holidaxon Mirzarahimovalar  hamda  150 dan ziyod talabalar ishtirok etdi.

     Tadbirni institut Ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i M.Xaliqova olib bordi va talabalarga bugungi o’tkaziladigan tadbir mazmuni va mohiyatini chuqur anglab yetish uchun bor diqqatlarini jam qilgan holda qunt bilan mutaxassislar so’zlariga quloq solishga chaqirdi. Bu bilan esa hayotimiz davomida odam savdosi bilan bog’liq bo’lgan noxush holatlarga tushib qolmaslik uchun immunitet hosil bo’lishini ta’kidlab o’tdi.

     Tadbir avvalida Holidaxon Mirzarahimovaga so’z berildi. Markaz rahbari o’z so’zida hozirgi kunda dunyoda qurol-yaroq savdosida keyingi o’rinda turuvchi odam savdosi nafaqat bizning yurtimizda, balki dunyoning ko’plab mamlakatlarida o’z harakati bilan ko’plab insonlar hayotini izdan chiqarayotgani,  hozirda bu illatga yurtdoshlarimiz ham duchor bo’layotgani afsuski ular orasida o’zbek ayollarining ham borligini aytib talabalarni har qadamda ogoh bo’lishga undadi. Nutqida faoliyati davomida dunyoning bir qator davlatlarida bo’lib, unda norasmiy tarzda chet davlatga pul ishlash uchun ketib, o’z huquqini bilmasligi oqibatida aldanib qolib, oqibatda nopok yo’lga kirib qolayotgan ayollar, jinoyat qilib o’z jazosini o’z yurtidan, o’z uyidan yiroqda to’rt devor ichida afsus nadomat chekib o’tayotgan vatandoshlarimiz bilan bo’lgan uchrashuvlari haqida so’z yuritdi. Talabalarga esa oliy ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi sifatida olgan ma’lumotlarini do’stlari orasida keng targ’ib qilishda faol bo’lishlarini ta’kidladi. Bu bilan esa joylarda yuz berayotgan bunday achinarli holatlarni oldini olishga juda katta zamin bo’lishini eslatib o’tdi.

     Shundan so’ng so’z Viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig’i Murodjon G’ofurovga berildi. Bevosita ma’naviyat sohasi mutaxassisi sifatida M.G’ofurov inson ko’ngliga ozor berish, bu yaxshi insonning ish emasligi, boshqa birovni pul uchun sotib yuborish esa uni inson ham emasligidan dalolat deya bu illatni o’zlariga kasb qilib olgan kimsalarga ta’rif berib o’tdi. Qolaversa mana shu obod yurtning farzandi sifatida, oilada esa farzandlarning otasi sifatida kelajakda ularni yurt koriga yaraydigan, xalq uchun manfaatli inson bo’lib yetishishini, bir so’z bilan aytganda ularni kamolini ko’rishni niyat qilishini aytib o’tdi. Bu bilan esa tadbir ishtirokchilariga o’zlarining ota-onalari ulardan nimalarni orzu-umid qilishi va har sohada yuksak natijalarga erishishlariga ishonishlari haqida fikr yuritib, shunday bo’lishga intilishlari kerak ekanligini aytib o’tdi.

     Tadbirda so’z olgan R.Yusupova esa institut Boshlang’ich Xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan talaba-qizlar bilan ularning huquqiy ma’daniyatini shakllantirish, ularni oilaga tayyorlash borasidagi amalga oshirilayotgan va oshirilishi kerak bo’lgan loyihalarda talaba-qizlarni faol bo’lishini alohida ta’kidladi. Sababi hayotiy tajribaga ega bo’lmay turmush qurib oqibatda erta ajirim holatlariga tushib qolayotgan oilalar, bundan tushkunlikka tushib qolib oqibatda odam savdosi bilan shug’ullanuvchi kimsalar to’riga tez va oson ilinib qolish holatlari ham aynan bilimsizlikdan kelib chiqishini aytib o’tdi.

     Tadbir so’ngida Avtomobilsozlik fakulteti dekani M.Qo’chqarov bugungi tadbirni tashkillashtirishda va o’tkazishda yaqindan ko’mak bergan tadbir mehmonlariga tashriflari uchun chuqur minnatdorchilik izhor etdi. Talabalarga esa so’zlangan nutqlardan kerakli xulosa chiqarib, shu millatning farzandi sifatida vatan uchun kerakli, uni gullab yashnashi uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan kadr bo’lib yetishishlariga tilakdosh ekanligini aytib o’tdi.

 

 

Odilov Otabek

Institut matbuot va axborot xizmati xodimi