Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Xalqimiz azal-azaldan qalbi mehr-muhabbatga to’la, bolajon xalq sifatida butun dunyo mamalakatlarini lol qoldirib ulgurgan. Buning yaqqol isboti sifatida ulug’ vatan urushi davrlarida o’zga millatga mansub bo’lgan 14 nafar o’g’il-qizlarni bag’riga olgan, odamlar hatto o’z extiyoji uchun non topolmay halak bo’lib yurgan bir paytda oddiygina zavod  ishchisi bo’la turib murg’aklarga o’z joniyu nonini ilingan Shomahmudovlar oilasini keltirib o’tish mumkin. Xaligacha ushbu o’zbek oilasidan butun dunyo millatlari insoniylik jihatidan andoza olib kelmoqdalar desak mubolag’a bo’lmaydi. Millatimizga xos bo’lgan, insonni ardoqlash, unga mehr-muruvvat ko’rsatish kabi xislatlar har qaysi zamonda ham O’zbek millatiga yor bo’lgan ekanligi, shu millat farzandi ekanligimizdan yanada g’urur va iftixorga to’lishimizga sabab bo’ladi. Hozir esa tonglari nurafshon, osmoni musaffo, tinch va osuda yurtda farovon hayot kechirmoqdamiz. Demak mana shu millatning chin farzandi sifatida atrofimizdagi mehrga muxtoj insonlardan xabar olish, ularga e’tiborni ayamaslik biz uchun ham farz ham qarz ekanligini chuqur anglagan holda, millatga munosib farzand bolishga harakat qilishimiz zarur ekanligini unutmasligimiz kerak. Bugun  3-dekabr “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan  Andijon mashinasozlik instituti “Mashinasozlik texnologiyasi” fakulteti “Texnologik mashinalar va jihozlar” yo’nalishi 3-bosqich talaba va o’qituvchilari Andijon shahrida joylashgan 13-maxsus ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasi o’quvchilari bilan uchrashdilar. Talabalar ta’lim dargohi o’qituvchi-murabbiylari tomonidan iliq kutib olindi. Ta’lim muassasasiga kiraverishda bolajonlarning o’z qo’llari bilan yasagan ijodiy ishlari bu yerda bir-biridan iste’dodli yoshlarning kamol topayotganidan dalolat berib turardi.  Uchrashuv davomida talabalar imkoniyati cheklangan bolajonlarga keltirgan sovg’alarini topshirdilar. Garchand ularning juz’iy kamchiliklarini bartaraf etishning imkonini qila olmagan bo’lsalarda,  murg’ak qalblarini limmo-lim quvonch va shodlikka to’lishiga sabab bo’ldilar. Uchrashuv so’ngida talabalar bolajonlarga bu albatta oxirgi tashrif emasligini, ushbu ta’lim dargohiga muntazam ravishda tashrif buyurib turishlarini aytib o’tdilar.

  

 

 

 

Odilov Otabek

Andijon mashinasozlik instituti matbuot va axborot xizmati xodimi