Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

      Inson yaralibdiki albatta uning farovon hayot kechirishiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi, tinchligiga rahna soluvchi xavf-xatarlar har qaysi zamonda uchrab kelgan. O’z navbatida insonlar ham bunday muammolarni yechimini qidirish, ularga qarshi kurashish va bartaraf etishga urinishi tabiiy holdir. Texnika va texnologiyalar asriga qadar bo’lgan davrni esga oladigan bo’lsak, insoniyatning ko’p qismi suv toshqinlari, zilzila, yong’in yoki yirtqich hayvonlarning hujumidan aziyat chekkanlar va o’z-o’zidan o’zlariga berilgan aql-zakovatga tayangan holda bunday muammolarga yechim topish maqsadida turli usullarda taraddud ko’rganlar. Ana endi bizning davrga kelib insoniyatning aql-zakovati ilgarigilardan ko’ra ancha ilg’or desak adashmagan bo’lamiz, tabiiyki muammolar ham shunga yarasha murakkablashib bormoqda. 20-asrning o’rtalariga kelib butun jahon ahli yadroviy qurollar, atom bombalaridan aziyat chekkan bo’lsa, bugungi kunga kelib esa inson ruhiyatiga ta’sir qiluvchi “qurollar” bilan kurashish dunyo mamlakatlarining asosiy diqqat markazida bo’lib turibdi. Bu- bugungi kunda barchani har daqiqada tahlikaga solayotgan terrorizmdir. Unga qarshi kurashishning birdan bir usuli esa o’sib kelayotgan yosh avlodning mafkuraviy bo’shlig’ini yot g’oyalar bilan band bo’lib qolishida avval, vatanparvarlik, insoniylik g’oyalari bilan to’ldirish va muntazam ravishda nazorat qilib borishdir. Ana shunday maqsadga yo’naltirilgan tadbirlar yurtimizning barcha ta’lim muassasalari,korxona va tashkilotlarida muntazam tashkil qilinib kelinmoqda.

      2018-yilning 26-noyabr kuni Andijon mashinasozlik instituti Ma’naviyat va ma’rifat bo’limi hamda O’zbekiston Respublikasi Adolat sotsial demokratik partiyasi  tashabbusi bilan institutning asosiy binosi anjumanlar zalida “Diniy ekstrimizmga yo’l yo’q” mavzusida talabalar bilan davra suxbati o’tkazildi.

      Tadbirda   O’zbekiston Respublikasi Adolat sotsial demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi raisi v.v.b M.Musayeva, Andijon shahar Chinor masjidi imom-hatibi A.Mo’minov, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Andijon hududiy bo’linmasi bosh mutaxassisi F.Ataxonovlar hamda 200 dan ziyod talabalar va professor-o’qituvchilart ishtirok etdi.

      Tadbirni institut yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor v.v.b M.Xaliqova olib bordi. M.Xaliqova o’z so’zida bugunnning yoshlari qanday bolishi kerak, o’zga yurtda turib o’z vatani tomon qurol o’qtaladigan emas, yoki  insonlarni qonini to’kadigan emas, qaysidir tinch va totuv yashab kelayotgan xalqning hayotiga o’zining yomon amallari bilan xavf soladigan emas, balki o’z oilasiga, yaqinlariga, yon-atrofdagi insonlarga yordami tegadigan yetuk inson bo’lib yetishishni maqsad qilgan holda munosib kadr bo’lishim kerak degan g’oyani olg’a suradigan bo’lishi kerak ekanligini aytib o’tdi.

      Shundan so’ng so’zga Andijon shahar Chinor masjidi imom-hatibi A.Mo’minov chiqdi va ishtirokchilarga Islom dini niqobi ostida dunyoning ko’plab mamlakatlarida nizo urug’ini tarqatayotgan ekstrimistik guruhlarning mudxish holatlarga sabab bo’layotgan harakatlari dunyo aholisida go’yoki bular musulmonlar tomonidan amalga oshirilayapti degan tushunchaga kelishga sabab bo’layotganligi, aslida esa Islom dinida xaqiqiy musulmon o’zganing joniga va moliga zulm qilmaydi deyilgan, demak xozirgi kundagi qabix ishlarga qo’l urayotgan kimsalarni Islom diniga e’tiqod qiluvchi xaqiqiy musulmon deb atash noto’g’ri ekanligi haqida so’z yuritdi. Bundan tashqari talabalarga xozirgi kunda yoshlarga yaqin bo’lgan va kundalik hayotda foydalanadigan  ijtimoiy tarmoqlar orqali ta’sir ko’rsatuvchi ekstrimistik guruxlarning ta’siriga tushib qolmaslikka, Islom dini, shariat haqidagi savollarga O’zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan ochilgan rasmiy sahifalardan javob olishlari mumkin ekanligi to’g’risida ma’lumot berdi.

      Shundan so’ng O’zbekiston Respublikasi Adolat sotsial demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi raisi v.v.b M.Musayeva so’z oldi va bugungi kunda xalqaro vaziyatning shiddat bilan o’zgarishi, davlatlararo ziddiyatlarning kuchayishi, keskinlikning yanada ortishi, yer yuzining turli nuqtalarida yangi nizo o’choqlarining paydo bo’lishi – ayni mana shunday o’tkir masalalar jahon jamoatchiligida katta tashvish va xavotir uyg’otayotganligi, xususan qo’shni Afg’onistondagi o’ttiz yildan ziyod davom etayotgan urush va qon to’kishlar, oradan shuncha vaqt o’tishiga qaramasdan, Afg’onistondagi mavjud vaziyatni ko’pchilik xalqaro siyosatchilar tomonidan nochor, o’ta og’ir va qaltis, deb baholanayotganligi, o’z o’rnida ushbu mamlakatdagi vaziyat bizning hududimiz, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikka eng katta xavf-xatar bo’lib qolayotganligi haqida so’z yuritdi. Bundan tashqari bu mojaroning yechimini topish, jafokash afg’on zaminida tinch va osuda hayotni qaror toptirish masalasi O’zbekiston va qo’shni mamlakatlar, qolaversa, dunyodagi ko’pgina yirik davlatlarning e’tibor markazida bo’lib kelayotgani, o’ttiz yildan ortiq tarix davomida bu mintaqada qancha-qancha qon to’kilgani, millionlab odamlar boshqa o’lkalarda qochoq bo’lib kun kechirayotgani, minglab kishilar bedarak yo’qolgani, qancha mablag’ va sa’y-harakatlar sarflangani haqida gapirib o’tdi.

      Tadbir davomida so’z olgan F.Ataxanov davlatimizda  terrorizmga qarshi kurash olib borayotgan bir qator tashkilotlar faoliyati haqida so’z yuritar ekan mana shu yurtning tinchligi, osmonning musaffoligi yo’lida nafaqat tegishli tashkilotlar balki  har bir O’zbekiston  fuqarosi mas’ul bo’lishi kerak deya yoshlarni ogohlikka chaqirdi.

      Tadbir so’ngida  O’zbekiston Respublikasi Adolat sotsial demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi a’zosi Andijon mashinasozlik instituti O’zbekiston tarixi kafedrasi assistenti Z.G’afforov partiyaning institutdagi vakili sifatida partiyaga a’zo bo’lgan bir qator institut professor-o’qituvchilari va talabalariga a’zolik guvohnomalarini topshirdi.

 

 

Odilov Otabek

Andijon mashinasozlik instituti matbuot va axborot xizmati xodimi