Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

     Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya, ilm-fanga bo’lgan e’tibor kun sayin  tobora ortib bormoqda. Ayniqsa yoshlarimizni chet davlatlar oliygohlarida tahsil olishga intilishlari, bugungi kunda yurtimizda dunyo mamalakatlari yoshlari bilan bilim va salohiyatda bemalol bellasha oladigan, tajriba almashish imkoniyatiga ega intellektual bilimga ega yoshlar ko’payib borayotganidan dalolatdir.

     Shu o’rinda yurtimizda ham yoshlarning mana shunday istak va hohishlaridan kelib chiqqan holda ta’lim sohasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari bilan chet davlatlardagi turdosh oliy o’quv yurtlari o’rtasida istiqbolli rejalar tuzilib, shartnomalar imzolanmoqda.

     Xususan, 2018-yil 7-noyabr kuni Andijon mashinasozlik institutiga “Education USA” dasturi doirasida Amerika Qo’shma Shtatlarining O’zbekistondagi elchixonasi xodimlari tashrif buyurdi.

     Mehmonlar institut rektori boshchiligidagi professor-o’qituvchilar tomonidan o’zbek an’analariga mos holatda iliq kutib olindi. Shundan so’ng aniq maqsadga asoslangan dastlabki muzokaralarga kirishildi.

     Tashrif davomida mehmonlar Andijon mashinasozlik instituti xodimlari hamda Andijon viloyatidagi boshqa oliy ta’lim muassasalaridan taklif qilingan professor-o’qituvchilar va talabalar bilan Amerika Qo’shma Shtatlarida ta’lim olish to’g’risida ma’lumotlar va ularning imkoniyatlariga bag’ishlangan axborot yig’ilishi o’tkazdilar.

 

     Yig’lishda Amerika Qo’shma Shtatlarining O’zbekistondagi elchixonasining “Jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi rahbari” Djon Braun, elchixona amaliyotchisi Yoshixaru Xevit, Amerika Qo’shma Shtatidan Fulbray dasturi doirasida yuborilgan ingliz tili o’qituvchisi Karolin Myurrey, Andijon mashinasozlik instituti rektori U.R.Salomov hamda 220 dan ziyod talabalar va 20 dan ortiq professor-o’qituvchilar ishtirok etdilar.

 

     Yig’ilish davomida elchixonaning “Jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi rahbari” Djon Braun talabalar va o’qituvchilarni ta’lim berishning yangi tizimi to’g’risida taqdimot o’tkazdi. Yig’ilish ishtirokchilari uchrashuv davomida tashrif buyurgam mehmonlar bilan ingliz tilida muloqotga kirishdilar va o’zlarining qiziqtirgan bir qator savollariga mutaxassislar tomonidan javob oldilar. 

     Yig’ilishdan so’ng elchixona xodimlari tomonidan ko’rgazma tashkil etildi. Ko’zgazmada Amerika Qo’shma Shtatlaridagi oliy o’quv yurtlari va ularda ta’lim olish uchun yaratilgan imkoniyatlar aks ettirilgan broshuralar talabalarga taqdim etildi. Shu bilan bir qatorda mehmonlar institutning xorijiy adabiyotlari fondiga 80000 ta so’zni o’z ichiga olgan Inglizcha-O’zbekcha lug’atlar jamlanmasini taqdim etdilar.

Odilov Otabek

Andijon mashinasozlik instituti matbuot va axborot xizmati xodimi