Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 10 may kunidagi 87-04-686 sonli va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi “Oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi 261-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2018 yil 9 apreldagi 43-son bayonida belgilangan vazifalarni o’z vaqtida sifatli bajarish maqsadida joriy yilning 14-22 may kunlari Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda kirish test sinovlari aprobatsiya jarayonini tashkil etilishi rejalashtirilgan bo’lib, Andijon viloyatida bakalavriatga 2018/2019 o’quv yili uchun o’qishga qabul qilish bo’yicha o’tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etuvchi Davlat test markazi vakillari, bino rahbarlari va guruh nazoratchilari uchun seminar mashg’ulotlarini o’tkazish hamda repetitsiyalarni tashkil etish jadval bo’yicha 15-16 may kunlari bo’lib o’tdi.

SHu munosabat bilan 2018 yilning 16 may kuni Andijon Davlat universiteti “Xorijiy tillar” fakultetining sport zalida 2018-2019 o’quv yili uchun qabul jarayonlarini o’tkazish bo’yicha repetitsiya bo’lib o’tdi. Ushbu repetitsiya jarayonida Andijon mashinasozlik institutidan “Materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi” kafedrasi katta o’qituvchisi U.Kasimov, “Mashinasozlik ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” kafedrasi assistenti I.Sultanov, “O’zbekiston tarixi” kafedrasi assistenti N.Buvaqov, “Metrologiya standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti” kafedrasi assistenti J.Qo’ldoshevlar guruh nazoratchisi sifatida va Andijon mashinasozlik instituti qoshidagi akademik litseyning 30 nafar talabalari abituriyent sifatida faol ishtirok etishdi.

Repetitsiya natijalaridan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, test sinovlariga kiritish paytida telefon, shpargalka, kalkulyator va turli axborot kommunikatsiya vositalarini olib kirishga harakat qilgan abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi va chetlashtiriladi. Bu yildan boshlab butun respublikada testga shpargalka, telefon va h.k. olib kirishga uringan abituriyent o’sha zahoti testdan chetlatiladi. Avvalgidek, kechirimli bo’lib, telefonini olib qolib, uni nomerlangan konvertga solib, abituriyentni o’zini testga kiritib yuborish bo’lmaydi. Olib kirishga urinishning o’ziyoq akt tuzib, chetlatishga sabab bo’ladi. Va bu juda to’g’ri qaror hisoblanadi.

Guruh nazoratchilari binoning tashqarisida guruhlarni to’playdi va test o’tkaziladigan joyga guruhlar ketma-ketligida olib boriladi.

Har bir abituriyent test o’tkaziladigan joyga kirayotganda maxsus o’rnatilgan kamera kuzatuvidan o’tadi bu esa boshqa shaxsning abituriyent o’rniga test sinovlariga kirishiga yo’l qo’ymaydi.

Xar bir guruh 30 nafar abituriyentdan tashkil topgan. Test o’tkaziladigan joyda 10 ta guruhdan iborat, jami 300 ta abituriyent shakllantiriladi. Bu joy maxsus kuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo’lib, xar bir abituriyent va gurux kuzatuvchisini nazorat qilib turishga mo’ljallangan.

 Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakli uchun  1 avgustdan 15 avgustgacha bo’lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o’tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi.

Test topshiriqlarini bajarish uchun 30 ta test topshirig’iga 1 soat,   60 ta test topshirig’iga 2 soat, 90 ta test topshirig’iga 3 soat vaqt belgilanadi. Bu vaqt test o’tkaziladigan joyda katta monitorda ko’rsatib turiladi. Bunda e’tibor berish kerakki, bu vaqt javoblar varaqasini to’ldirish bilan birga berilmoqda.  Aytishlaricha, test o’tadigan pavilonlardagi kameralar 31 iyul kuni yoqib qo’yiladi va 16 avgust kuni o’chiriladi.

Bu yil barcha fanga 2.1 balldan berilishi haqidagi gaplar – shunchaki mish-mish, haqiqat emas. Avvalgidek, 1.1, 2.1 va 3.1 balldan beriladi.

Ma’lum qilinishicha, test sinovlarining birinchi kuni ishlatilgan savollar keyingi kunlarda tushmaydi. SHuningdek, 15 kun davomida SMS xabarlar va telefon aloqasi o’chirilib qo’yilmaydi, balki respublika bo’ylab test o’tuvchi 57 ta katta pavilonlarga aloqani uzuvchi moslamalar o’rnatilishi rejalashtirilmoqda.

«Barcha hududlardagi test savollari kitobi Toshkentga maxsus feld’egerlik xizmatlari orqali samolyotlarda olib kelinadi va Toshkentda tekshiriladi. Test javoblari ertasi kuni DTM saytida e’lon qilinadi, avvalgidek test o’tkazilgan binoga javob varaqalari ilinmaydi. CHunki ertasi kuni u yerda boshqa testlar o’tayotgan bo’ladi».

Test sinovlari jarayonlari internet orqali translyatsiya bo’ladi va imkoni bo’lsa respublika hamda mahalliy telekanallar orqali to’g’ridan-to’g’ri namoyish etish ham rejalashtirilmoqda.​

Agarda sizda 2018-2019 o’quv yili uchun OTMda qabul test natijalari borasida savollar paydo bo’lgan bo’lsa, institutimizning https://andmiedu.uz elektron sayti yoki quyidagi https://atm.andmiedu.uz/qabul-boyicha-elektron-murojaat/ gipermurojaat orqali murojaat qilishingiz mumkin.