Ishonch raqami: 0(374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

 

Qobuljon ERMATOV: Yangi tizimda o’tkaziladigan test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustgacha o’tkaziladi.

 

Barchamizga yaxshi ma’lumki 2018-2019 o’quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlariga o’zgartirishlar kiritildi. Shu munosabat bilan Andijon mashinasozlik instituti o’quv ishlari bo’yicha prorektori t.f.n.dotsent, Q.Ermatovga savollar bilan murojaat qildik.

Qobuljon Muminovich yangi tizimda o’tkaziladigan test sinovlari haqida qanday fikrdasiz?

– Joriy yilning 3 aprel kuni Muxtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev «Oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to’g’risida»gi 261-sonli qarorni qabul qildi. Hujjatda qayd etilishicha, keyingi yillarda test sinovlarini o’tkazish tartib-qoidalari, ularning natijalarini e’lon qilish borasida olib borilayotgan ishlar bugungi kun talablariga to’liq javob bermayapti. Bu esa jamoatchilik, xususan, ota-onalarning haqli ravishdagi e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda va har yili ularning ushbu masala yuzasidan ko’plab murojaatlar kelib tushmoqda.  YAngi qaror bilan tanishib chiqar ekansiz, u test sinovlarini adolatli, xolis va shaffof o’tkazilishiga zamin bo’lishiga ishonch hosil qilish mumkin.

Avvalgi test sinovlarini o’tkazish tartibi bilan yangisini o’rtasida qanday o’zgarishlar bor?

-Albatta qaror bilan tanishar ekansiz, unga bir qator yangiliklar kiritilganligini ko’rishimiz mumkin. Ushbu qarorga ko‘ra, 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari 1-avgustdan 15-avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazilishi va test sinovlari natijalari test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi belgilandi. 

Shuningdek, ushbu hujjatda abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan. 
           Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, 2017/2018-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida hamda uning hududida qo‘shimcha yig‘ma pavilonlar o‘rnatilib, ulardan samarali foydalangan holda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki joylardagi boshqa muassasalarning katta sig‘imdagi binolarida, test jarayonining oshkora va shaffofligini ta’minlagan holda, videokuzatuvlar orqali onlayn tizimda jamoatchilikka, shu jumladan, abituriyentlarning ota-onalariga ko‘rsatib o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon mashinasozlik instituda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

  • Qaror ijrosini ta’minlash, uning ilovasida ko’rsatib o’tilgan vazifalarni bajarish institutimiz professor-o’qituvchilarini muhim vazifalaridan biridir. SHu munosabat bilan qarorning mazmun-mohiyati institut fakultetlarida va kafedralarida keng o’rganildi. Institutning qabul jarayoniga jalb etiladigan xodimlarning vazifalarini aniq belgilab olindi va ularning ma’suliyatini yanada oshirish bo’yicha tushuntirishlar berildi.

SHu bilan birgalikda 2018/2019 o’quv yili  abituriyentlar  qabuli uchun qabul jarayonini yuqori darajada uyushqoqlik bilan tartibli ravishda tashkil etish, test jarayonining xolisona va adolatli o’tishini ta’minlash, abituriyentlarga ularning test sinovlari jarayonidagi vazifalari, huquq va majburiyatlarini tushuntirish maqsadida institutga kirish devorida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o’qishga qabul qilish tartibi to’g’risida Nizom”, abituriyentlarga test sinovlari paytida ishlatish mumkin bo’lmagan aloqa vositalari, mobil telefonlar va boshqa ta’qiqlangan vositalar haqidagi eslatmalar, institutdagi mavjud bakalavr ta’lim yo’nalishlari va ularning tavsifnomalari bannerlarga chiqarilib  “O’qishga marhamat yoshlar” deb nomlangan abituriyentlar e’lonlar taxtasiga joylashtirilgan.

Bir so’z bilan aytganda test sinovlariga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborildi. O’ylaymanki, institutimizning jonkuyar professor-o’qituvchilari yangi tizimda o’tkaziladigan test sinovlarida faol ishtirok etishadi.

 

Xayrullo VASIYEV – Andijon mashinosozlik instituti, matbuot va axborot xizmati xodimi