Ishonch raqami: (+998) 742234711 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

Andijon mashinasozlik institutida O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Andijon viloyat hokimligi va Andijon mashinasozlik instituti hamkorligida “Islom Karimov – O’zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti va buyuk davlat arbobi” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani o’tkazildi.

Anjumanda Toshkent Turin politexnika universiteti rektori professor Q.A.Sharipov, oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, Andijon viloyat hokimligi mutasaddilari, yosh olimlar va iqtidorli talabalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o’rta maxsus kasb-xunar ta’limi hamda xalq ta’limi boshqarmalarining vakillari ishtirok etdilar.

Ilmiy-amaliy anjumanni Andijon mashinasozlik instituti rektori U.R.Salomov ochib berdi:

             –Bugungi ilmiy – amaliy anjumanni tashkil qilishdan asosiy maqsadimiz, davlatimiz tarixida o’chmas iz qoldirgan, buyuk davlat arbobi, yetuk siyosatchi, birinchi prezidentimiz Islom Karimov ruhini shod etish, yurt tinchligi va taraqqiyoti yo’lidagi amalga oshirigan ishlarini, ilm-fanni rivojlantirishdagi ulkan va asrlarga yetgulik amaliy ishlarini yodga olishdan iboratdir. Bugungi anjumanga professor-o’qituvchilar, yosh olimlar, iqtidorli talabalar va turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizdan 400 dan ortiq ilmiy maqolalar kelib tushdi.

           Tadbirda Andijon viloyat hokimligi tashkiliy nazorat guruhi Bosh mutaxassisi B.Yunusov ham ishtirok etib, birinchi Prezidentimizni hayotlik davrida amalga oshirigan ishlari, ayniqsa viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo’yicha bergan tarixiy ko’rsatmalarini aniq misollar bilan gapirib o’tdi. Shuningdek, birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish bo’yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarni ham ta’kidlab o’tdi.

 

 

            Anjumanda Toshkent Turin politexnika universiteti rektori professor Q.A.Sharipov, Asaka shahridagi “GM-Uzbekistan” qo’shma korxonasi bosh mutaxassisi Sh.Yuldoshev,  Andijon mashinasozlik instituti professorlari U.Abdullaev va Q.Muftaydinov,  institut prorektori A.Ermatovlarning birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag’ishlangan ma’ruzalari tinglandi.

Tadbirda institut Yoshlar Ittifoqi BTning “Bobom ruhi biz yoshlarda yashaydi” mavzusida tayyorlagan videoroligi ham namoyish etildi.

Anjuman davomida viloyatdagi oliy ta’lim, o’rta maxsus va xalq ta’limi muassasalarida ta’lim olayotgan talaba va o’quvchilarning 200 dan ortiq innovatsion g’oyalari va ishlanmalari  hay’at a’zolari tomonidan o’rganildi va baholandi.

Ilmiy – amaliy anjuman 4 ta sho’baga bo’lingan holda o’z ishini davom ettirib, unda gumanitar, iqtisodiy, aniq va tabiiy fanlar va texnika yo’nalishlardagi 400 dan ortiq ilmiy maqolalar tinglandi. Tabiiyki, tinglanilgan ilmiy maqolalarda buyuk yurtdoshimiz, birinchi Prezidentimiz siymosi gavdalangan edi.

Ilmiy – amaliy anjumanning yakuniy qismida Toshkent Turin politexnika universiteti rektori Q.A.Sharipov hamda Andijon mashinasozlik instituti rektori U.R.Salomovlar tomonidan hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash maqsadida Memorandum imzolandi.

Tadbir g’oliblari esdalik sovg’alar, diplomlar, sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.