Ishonch raqami: (+998) 742234409 info@andmiedu.uz
Select Page
image_pdf

Umaraliyeva M.- AndMI Mashinasozlik texnologiyasi fakulteti “Iqtisodiyot” yo’nalishi 3-bosqich 148-guruh talabasi

Ilmiy rahbar: “SICHTE” kafedrasi dotsenti M.YUSUPOVA

   

Har kuni,har soatda fidoyi bo’lish,o’zini tomchi va tomchi, zarrama-zarra buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirish –  haqiqiy qahramonlik aslida mana shu.

                                  Islom Karimov[1]

 

   

Erishilgan har qanday yutuqning zamirida qanchadan qancha mehnat, mashaqqat yotadi. Bugungi rivojlanayotgan mustaqil O’zbekistonimizning jahon minbarida  adil qad ko’tarib turishi minglab insonlarning sa’y-harakatlari, mehnatlari, yurt uchun jonini fido aylashlari evaziga  erishilgan. Olis ko’hna tariximiz zarvaraqlaridan munosib o’rin egallagan, aziz nomlari mangulikka muhrlangan shaxslarning el boshiga mushkul kunlar tushgan qaltis tarixiy jarayonlarda ko’rsatgan jasoratlari bunga jonli guvohdir. Bunday shaxslarning hayot yo’llarini  o’rnak sifatida o’rganish, xotirasini abadiylashtirish bizning asosiy burchlarimizdan biridir. Ular  yurt ozodligi, mustaqilligi yo’lida aziz jonlarini qurbon qildilar. Xalqimizning shunday asl  farzandlaridan biri Sharof Rashidov atoqli davlat va jamoat arbobi, iste’dodli adib sifatida Vatanimiz tarixida o’chmas iz qoldirgan.

Ey yurak, vatan deb elga qasam ich,

Navbating kelibdir, kurash beayov.

Mana shunday chaqiriq bilan badiiy adabiyot deb atalmish kurash maydoniga chiqqan va o’zining o’tkir qalami bilan mana shu maydonni zir titratgan o’zbegimning erk yigiti bo’lmish  Sharof Rashidov quyoshli o’lkaning jannatmakon go’shasi bo’lmish Jizzaxning so’lim bir vodiysida 1917-yilning        6-noyabrida  mehnatda irodasi toblangan, ko’ngli ham qo’lidek ochiq bo’lgan, halol  dehqon oilasida tavallud topdi. Buyuk xalqning shonli tarixida o’z nomlarini abadiyatga muhrlagan ne-ne buyuk zotlarni o’zining  bag’rida   kamol toptirgan mana shu zaminda o’sib ulg’aydi.  Ko’nglida g’ubori bo’lmagan , qaynoq qoni ila g’ayrati ko’ksiga sig’magan Sharof  keyinchalik bolalikning beg’ubor damlarini tark etib, yoshlikning shijoatkor pallasiga qadam qo’ygach, shahardagi pedagogika texnikumiga qabul qilindi.   Ushbu dargohni imtiyozli diplom bilan yakunlagach, dastlabki faoliyatini badiiy adabiyotning yorqin yulduzi, o’zining  diltortar misralari bilan qalblarni mahv etgan nozik qalam sohibi bo’lmish Hamid Olimjon tahsil olgan maskan- Narimonov nomidagi to’liqsiz o’rta maktabda sharafli kasb hisoblanmish o’qituvchilik bilan boshladi. Bir muddat ushbu dargohda muvaffaqiyatli faoliyatlaridan so’ng azim va muhtasham shahar Samarqandda joylashgan Davlat universitetining  filologiya fakultetiga o’qishga kirdi. Bilim bulog’iga  sho’ng’ib ketgan Sharof mashaqqatli o’qish bilan birgalikda Samarqanddagi “Lenin yo’li’’ gazetasida muharrir o’rinbosari, so’ngra mas’ul sekretar lavozimlarida ishladi. Mana shu dargohda olingan ko’plab amaliy ishlar Sharofning porloq kelajagining istiqbolidan darak berardi. Gazeta yosh shoirning kamolotiga katta yo’l ochib berdi. K.Fedin aytganidek: “Yosh yozuvchi uchun gazetada ishlash juda foydali… Gazeta maktabdir. Adabiyotda uning o’rnini bosadigan narsa yo’q”[2].  O’zining o’tli misralari bilan sekin-asta Sharof vaqtli matbuot nashrlarida ko’rina boshladi. Uning dastlabki ijodi texnikumda o’qib yurgan damlarda uchqunlagan bo’lsa-da, ilk marotaba qo’liga qalam olib, qaynoq dilning nolalarini oq qog’ozga qoralash ishtiyoqi birinchi marotaba universitetda alangaladi. Bu alanganing  tafti esa dastlabki she’rlarining bag’riga jo bo’lgandi.

Fashizmga qarshi Ikkinchi jahon urushi boshlangach, 1941- yil noyabr oyida frontga safarbar qilindi.  Ulug’ Vatan urushida  qatnashib, og’ir yarador bo’lib qaytdi. Shunda ham qonli urush o’chog’ining dahshatli alangasi haqida ko’plab  asarlar yozdi. Asta-sekin Sharof Rashidov mana shu davr jabrdiydalarining qalb tug’yonlarini yoritgan yozuvchi sifatida xalq e’tiborini qozondi. Shu yillari yozgan she’rlarining bir qismi “Qahrim” nomi bilan 1945-yilda nashr etildi. Sh.Rashidovning “Qahramon xotirasi” she’ri dushmanga qarshi kurashda qahramonlarcha jang qilgan va bu muqaddas jangda xalok bo’lgan o’zbek xalqining farzandi G’anijon To’ychiyevning abadiy xotirasiga bag’ishlagan.

O’zining butun hayotini suyukli xalqining dardiga darmon bo’lish yo’liga bag’ishlab, 1944-1947-yillarda Samarqand viloyati miqyosida rahbarlik lavozimlarida ish yurita boshladi. Mashaqqatli faoliyat pilapoyalaridan sekin-astalik bilan yuqorilay boshladi. 1947 – 1949-yillarda “Qizil O’zbekiston” (hozirgi “O’zbekiston ovozi”)  gazetasiga muharrirlik qildi. Keyingi 1949 – 1950-yillarda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining raisi bo’lib ishladi.

50-yillardan boshlab Sharof Rashidov  faoliyatida yanada mas’uliyatli davr boshlandi. U 1950-yilda O’zbekiston Oliy Kengashi  Rayosatining Raisi etib saylandi. Shu daqiqadan boshlab uning  mas’uliyat yuki yanada og’irlashgandi va yuqorida unga berilgan ishonch ikki barobar oshgandi, desak mubolag’a bo’lmaydi.  Sh.Rashidov 1959-yildan e’tiboran to umrining oxirigacha respublikaning birinchi rahbari sifatida O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo’mitasini boshqardi. Mana shu yillar davomida uning fikr-u xayoli, odimlab yurgan har bir qadami faqat birgina ulug’ maqsad yo’lidagina edi. U qariyb chorak asr davomida respublikaga yetakchilik qildi. Bosib o’tilgan barcha yillar tag zaminida esa uning vataniga bo’lgan muhabbati, kelajak uchun qilgan ming-minglab islohotlari va olib borgan adolatli siyosati uning haqiqatdan ham naqadar fidokor rahbar ekanligini yana bir bora isbotlab  berdi. O’zining bilimi, tajribasi, kuchi va iste’dodini xalq xizmatiga bag’ishlagan Sharof Rashidov bir asari qahramoni orqali xalqi oldidagi mas’uliyatini yoritib berdi: ”Xalq meni umid va ishonch bilan saylab qo’yibdi. Hammaning umidi va ishonchi shuki, poyonsiz yerlar xalq baxtiga xizmat qilsin. Agar shu katta ishga munosib hissa qo’shar ekanman, xalq ishonchini oqlagan bo’laman. Men xalq farzandiman. Xalqqa xizmat qilishdan ham katta baxt bo’lishi mumkinmi, axir”[3].

Shuningdek, u Ittifoq Partiya Markaziy qo’mitasi Siyosiy Byurosi a’zoligiga nomzod ham edi. Qilingan mehnat samaradorligi o’laroq , uning mevalaridan nishona sifatida o’n bir marta Lenin ordeni, ikki marta Sotsialistik Mehnat   Qahramoni va Lenin mukofoti bilan taqdirlandi.

         Yillar davomida misqollab to’plangan tajribalar esa Sharofning ijodiyotida o’zining aksini topa boshladi. Urush yillarida ham tinimsiz ijod bilan shug’ullanish uning xayollarini tark etmagandi. Urushda yurt uchun qurol ushlab, g’animlarning dodini berayotgan mard yurtdoshlariga hamisha dalda bo’lguvchi go’zal satrlarni bitdi. Qog’ozga ko’chgan dilrozlarda esa yozuvchi kelajakning nurafshon kunlaridan darak berguvchi onlarini, yigitlarning yor vasliga yetgan damlarini, qadrdonlarning diydor ko’rishgan kunlarini, otani farzand mehriga to’ydirgan, onaning farzand diydoriga yetkazgan kunlarning kelajagini kuylab, madh etdi. Mana shunday sog’inch kuylariga to’lgan she’rlar to’plami ilk marotaba nashrdan chiqarilib, ommaga taqdim etildi.  Adibning “G’oliblar” qissasi esa qayta ishlanib, 1972-yilda o’zining zaminida butun bir ko’taringi ruhni mujassamlashtirgan yirik roman holida nashrdan chiqdi.  So’ngra har biri ko’hna adabiyot xazinasi bo’lgan “Bo’rondan kuchli”, “Qudratli to’lqin” nomli romanlari yaratildi. Ikki asar ham qalamga olingan mavzu ko’lami kengligi, tafakkur doirasi cheksizligi bilan boshqa yaratilgan asarlardan keskin farq qilar edi. Adib “Qudratli to’lqin” romanining bosh qahramoni Po’lat timsolida butun o’zbek xalqining yosh alp o’g’lonlari qonida jo’sh urayotgan shijoatni, yurt uchun xolis xizmatni mukammal tasvirlangan. Berilgan birgina qahramon taqdiri orqali xalqning buyukligi, uning tarixi naqadar muhim ekanligi, hech qanday kuch insonning pok qalbida tug’yon urayotgan  ezgu-maqsadlariga  to’sqinlik qila olmasligi haqqoniy tarzda yoritib berilgan. Ijodkorning “Kashmir qo’shig’i”, “Komde va Mo’dan”  lirik qissalari va “Koinot”  kinoqissalari  an’anaviy Sharq dostonchiligi uslubida bitilgan bo’lib, yoshlik, bahor, go’zallik, hayot nashidasi madhiga bag’ishlangan. Bundan tashqari Sharof o’zining publisistik maqolalari bilan ham ushbu janrni boyitgan. Mana shu janrdagi adabiy maqolalari uni qanchalar chuqur teranlikda asarlar mohiyatini tushuna oladigan yozuvchi ekanligini ko’rsatib berganligi bilan ahamiyatlidir.  Ushbu yo’nalishda yozilgan ijod namunalarida  yosh shoirlarga qarata xalqning talabi va didiga mos keluvchi, uning zamirida esa ana shu xalqning butun borlig’ini aks etib beruvchi asarlar yaratishlari kerakligi qayta va qayta uqtirilgan. Shuningdek, yosh yozuvchilarni tarbiyalash, ularga g’amxo’rlik qilish haqida to’xtab: “Yosh yozuvchilar bilan ishlash masalasi – butun adabiyotni rivojlantirishning asosiy masalasidir”, – deb ta’kidlaydi. ”Yozuvchi,- deb yozadi adib,- hech kim ko’rmaganini ko’rishi, hech kim bilmaganini bilishi kerak. U muttasil yangilik qidiruvchi, muttasil yangi fikr, yangi stil, yangi forma, yangi janr axtaruvchidir”. Bu nafaqat uning davridagi havaskorlar uchun, balki hozirgi bizning zamondosh ideal yozuvchilarimiz uchun ham xuddi ogohlantiruvchi bir chaqiruvday jaranglaydi.

Sharof Rashidovning rahbarlik faoliyatiga nazar tashlasak, o’sha davrning o’ta murakkabligi, ziddiyatliligi yaqqol ko’zga tashlanadi. Vatanga bo’lgan so’nmas muhabbat har qanday insonni qahramonga aylantiradi deganlaridek, shaxsiyati yuksak bo’lgan Sharofning metin irodasini bundayin muammolar aslo buka olmadi. Ana shunday tahlikali pallada ham o’zini yo’qotmadi.  Eng og’ir vaziyatlarda ham Sharof Rashidov yurt manfaatini ko’zlagan holda ish yuritdi. Buni zamondoshi M.Gorbachyov yordamchisi V.Boldin so’zlarida ham ko’rishimiz mumkin: ”Hokimiyat tepasiga Andropov kelishi bilan, Gorbachyov shu zahoti o’ziga erk berib yubordi. O’zining muvaffaqiyatlarini ko’z-ko’z qilishni boshladi. Eslayman, Rashidov paxta topshirishni oshirishi uchun, Gorbachyov qanday qilib O’zbekiston rahbarining qo’llarini qayiltirganini. Rashidov tushuntirishga, ko’ndirishga harakat qilardi: ”Bizda yomg’ir bilan qor yog’di, hammasi muzlab qolgan. Agar shu ahvolda ham terib oladigan bo’lsak, buni quritishimiz uchun yarim yil ketadi”. Gorbachyov esa: “Baribir ko’proq topshiringlar”-dedi”[4]. Yuqoridan kelayotgan buyruqlarni yumshatishga, Markaziy hokimiyatdan  yurt obodonligi, farovonligi uchun butun choralar bilan foydalanishga harakat qilardi. Bu esa buyuk xalqning ma’naviy madaniyati o’sishiga,  butun olamni ongli tarzda chuqurroq anglashiga, yangidan yangi izlanishlar-u kashfiyotlarning dunyo yuzini ko’rajagiga  hissa qo’shish uchun mustahkam poydevor vazifasini o’tadi. U xalqni yuksaltirish borasidagi maqsad va vazifalarni aniq belgilagan holda, xalqni birdamlikka chaqirdi. O’zi ta’kidlaganidek: ”Xalqimizning do’stligi jonajon vatanimizning kuch manbaidir. Bu do’stlik bor ekan, bu do’stlik yashar ekan, bizga hech qanday dushman, na ichki, na tashqi dushman qo’rqinchli emas”[5].  U o’z asarlarida xalqlar o’rtasidagi quyoshdan porloq, bo’rondan kuchli, po’latdan mustahkam do’stlikni juda baland ruh va yuksak g’urur bilan tasvirlaydi.

Jamiyat va davlatimiz taraqqiyoti yo’lida o’zining fidoyiliklarini ayamadi. Bu buyuk inson faoliyatiga muhtaram birinchi Prezidentimiz Islom Karimov shunday ta’rif beradi: ”Bu murakkab shaxs, bir tarafdan, milliy manfaatlarni o’ylashga, ikkinchi tarafdan, Markazdan kelgan, tub manfaatlarga zid buyruqlarni hayotga tatbiq etishga majbur bo’lganini unutmasligimiz zarur. Uning umri sandon bilan bolg’a o’rtasiga qo’yilgan edi, desak aslo mubolag’a bo’lmaydi”[6]. Mavjud olib borilgan keng ko’lamdagi ishlar hozirgi erishilgan yutuqlarimizning tamal toshi ekanligini unutmasligimiz lozim. Uning asoschisi esa yurtning vatanparvar o’g’loni  Sharof  Rashidovdir.

Sharof Rashidov rahbarligi davrida ko’plab sanoat korxonalari, yirik inshootlar bunyod etildi. Mirzacho’l, Qarshi, Jizzax, Yozyovon, Surxon-Sherobod cho’llarining o’zlashtirilishida  uning xizmatlari katta. Kechagi cho’l-u biyobonlar bog’-rog’larga aylantirildi, bu ishlardan esa yuzminglab yurtdoshlarimizning uylariga barokat, halol rizq-u nasiba kirib keldi. Bularning barchasi xalqparvar yetakchimizning sa’y-harakatlari samarasidir. O’zbekistonda Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Yangiyer va Guliston kabi odamlarning ehtiyojlarini qondirguvchi, barcha shart-sharoitlarga ega turar-joy va maishiy binolarga ega, ko’chalari keng va fayzli yirik shaharlar, o’nlab boshqa shahar va tumanlar barpo etildi. Sharof Rashidov sa’y-harakati natijasida Toshkentda tuzilgan xalqaro harakat 1966-yilda jahonda “Toshkent ruhi” degan mashhur tushunchani vujudga keltirdi. Bu tushuncha o’zining tom ma’nodagi asliyatidan ko’proq narsani anglatar edi. U boshqa davlatlar bilan siyosiy aloqani ham yaxshiladi va ular o’rtasida nafaqat savdo-tijorat, balki madaniy-ijtimoiy sohalardagi o’zaro hamkorlikni ham yaxshiladi. Endilikda nafaqat Osiyo balki Yevroosiyo madaniyatining sharq xalqlari bilan uyg’unlashuvini ko’rish mumkin. Sh.Rashidov Dehli, Toshkent va Qohirada bo’lib o’tgan Osiyo va Afrika yozuvchilar hamkorligi harakatining, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari xalqaro kinofestivalining, Hindiston va Pokiston o’rtasida tinchlik sulhi imzolanishining tashabbuskoridir.

Shuncha qilgan mehnatlariga qaramay, shu davrning barcha davlat arboblari singari vafotidan so’ng Sharof Rashidovning ham xotirasi oyoqosti qilindi. Hayoti va ijodini o’rganish taqiqlandi. Sovet davlatining so’nggi yillarida ruslar uchun Sharof Rashidov nomi korrupsiya va Sovet Ittifoqining ma’muriy buyruqbozlik boshqaruvining bosh timsoliga aylanib qoldi. Ushbu davrda sovet hokimiyati hali to’laqonli hukmronlik kuchini yo’qotmagan, ne-ne begunoh insonlarning qaynoq qoniga to’ymagan, murg’ak go’daklar qalbini vayron etish, bobolar orzu-istaklarini toptash ishtiyoqi jo’sh urayotgan qonli pallalarda o’zlarining zulm kuchining asosi talqinida olib borayotgan “paxta ishi” degan quruq tuhmat va bo’htonlarga asoslanib zaminimizning deyarli barcha rahbarlarini o’zlarining turmaxonalarida nomlarini qora bo’yoqlarda qayd qilgan holda aziz umrlariga zomin bo’ldilar.

Mustaqillikka erishgach, yurtboshimiz jamiyatda sodir bo’layotgan ijtimoiy jarayonlar, shu jumladan, milliy o’zlikni anglash, ajdodlar xotirasini tiklash, xalqning boy tarixiga, ma’naviy merosi va moddiy boyliklariga  e’tibor qaratib, ularni har jihatdan asrashga, kelajak avlodga bus-butunicha topshirishga alohida ahamiyat qaratdi. Mustaqilligimiz sharofati bilan  Sharof Rashidovning nomi oqlandi va avlodlar tomonidan hurmat va g’urur bilan tilga olinadigan tarixiy xotira bo’lib qoldi. Endilikda uning faoliyati, hayot yo’llari ibrat maktabi bo’libgina qolmay, unib-o’sib kelayotgan yosh avlod uchun buyuk maqsadlar yo’lini yoritib boruvchi yo’lchi yulduz hamdir. Albatta, o’sha davrning mash’um kunlarida yuz bergan qanchadan qancha fojialar, ayovsiz tarzda olib borilgan keng ko’lamdagi, zo’ravonchilik asosiga tayanib qilingan ishlarda o’zini  tuta bilish, har qanday og’ir damlarda ham ko’zlangan maqsadlarni yoddan chiqarmaslik va ular tomon ildam odimlab borishdek jasorat va qat’iyatga ega bo’lmoqlik faqatgina  Sharof Rashidovdek inson shaxsiyatigagina xos ekanligini tarixda qilingan ishlarning natijasidan bilishgina mumkin. Hech qanday uydirmalarga asoslanmagan bu haqqoniy tarixda esa bu muhtaram va mo’tabar insonning butun mo’jizalarga boy borlig’i oltin harflar bilan kelajak avlodlar uchun  tarix kitobiga muhrlangandir.

Insonning qadri kimligi bilan emas, uning qilgan ishlari bilan o’lchanadi. Bu ishlarning tog’ qadar yuksaklikka bo’y cho’zganligini esa insonga yaratgandan in’om etilgan oliy tuhfa bo’lmish umrning ma’no va mazmunida aks etadi. Mana shunday hikmat va zafarlarga to’la hayot yo’llari esa o’zini butunlay vatanga bag’shida etgan yurt o’g’lonlarigagina nasib etadi. M.Oxundov aytganidek: ”Vatanparvar – o’z vatani kamoloti yo’lida, o’z xalqiga muhabbati tufayli ezguliklari tugal, jonini ham ayamaydigan insondir, xalqqa va vatani ozodligi, farovonligi uchun o’zini qurbon qiluvchi insondir”. Shunday insonlar safida qad ko’tarmoqlik esa inson zotiga berilgan oliy saodatdir. Biz hech ikkalanmay Sharof Rashidovni vatanparvar deya olamiz. O’zini kuchli rahbar va mohir diplomat sifatida ko’rsata olgan o’zbek xalqining qahramoni kamchiliklarga to’la sovet boshqaruv tizimini o’zbek xalqining o’lchab bo’lmas rivoji uchun yo’naltirgan. Uni xalqni ezgulikka, tinchlik va bunyodkorlikka yetaklagan,  chin insoniy xislatlarga ega bo’lgan davlat arbobi, xalqning suyukli farzandi deya  atasak xato bo’lmaydi.  U xalqiga chin farzandlik burchini ado etgan. O’zbek nomini ulug’lash uchun uning eng yuksak fazilatlarini namoyon qilish yo’lida jonini fido etgan insondir. Shu tufayli ham bu hurmatli inson xalqimiz yuragidan munosib joy olgan va uning mehriga sazovor bo’lgan. Sharof Rashidovning qutlug’ nomi Vatanimiz tarixidan munosib o’rin egalladi.

 

 Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati

 

  • Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”  Toshkent “Ma’naviyat” 2016
  • Karimov “Xalqimizning otashqalb farzandi”  T.:O’zbekiston  1992
  • O’zbekiston milliy ensiklopediyasi
  • O’zbek sovet adabiyoti tarixi 3-tom O’zbekiston SSR “Fan” nashriyoti Toshkent – 1972
  • Usmonov, M.Sodiqov “ O’zbekiston tarixi” (1917 – 1991-yillar) “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati Toshkent-2009
  • Rashidov “Bo’rondan kuchli” roman Toshkent O’zadabiynashr 1961
  • Rashidov  “Do’stlik bayrog’i”    1954 “Sharq yulduzi” 
  • Fedin “Mahorat haqida”  Toshkent O’zadabiynashr 1960      “Badiiy ijod haqida” maqolalar to’plami,

[1] “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”  Toshkent “Ma’naviyat”  2016    165-bet

[2] K.Fedin, Mahorat haqida, “Badiiy ijod haqida” maqolalar to’plami, Toshkent O’zadabiynashr 1960. 34-bet

[3] Sharof Rashidov  “Bo’rondan kuchli” roman, Toshkent O’zadabiynashr 1961

[4] Kommersant-vlast    15-may 2001. 61-bet

[5] Sharof Rashidov  Do’stlik bayrog’i  “Sharq yulduzi” 1954. 5-son 2-bet

[6] Islom Karimov. Xalqimizning otashqalb farzandi. T.:O’zbekiston, 1992. 15-bet.