Ishonch raqami: (0374) 223-44-09 info@andmiedu.uz
Select Page

Oliy ta’lim muassasalarini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash to’g’risida Vazirlar Maxkamasining 816-son QARORI

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Oliy ta’lim muassasalarini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash to’g’risida

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida» 2018 yil 5 iyundagi PQ-3775-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish, oliy ta’lim muassasalarini ilg’or jahon tajribalari asosida yaratiladigan yangi avlod darslik, o’quv qo’llanmalari hamda davriy nashrlar bilan tizimli ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilar:

oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to’g’risida nizom 1-ilovaga muvofiq;

xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o’qituvchilar mehnatiga haq to’lash tartibi to’g’risida nizom 2-ilovaga muvofiq;

oliy ta’lim muassasalarini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darsliklar va o’quv qo’llanmalarini yangilab borish tartibi to’g’risida nizom 3-ilovaga muvofiq;

oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun o’quv adabiyotlarini yaratishga qo’yilgan talablar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Belgilab qo’yilsinki:

oliy ta’lim tizimini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash mavjud bo’lgan zarur o’quv adabiyotlarini xarid qilish, yangilarini yaratish va belgilangan tartibda nashr qilish (foydalanilayotgan adabiyotlarni qayta nashr qilish) hamda oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlariga joylashtirish yo’li bilan amalga oshiriladi;

o’quv adabiyotlarini xarid qilish hamda yaratish va nashr qilish bilan bog’liq xarajatlarni moliyalashtirish aniq hisob-kitoblarga asosan har yili O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu maqsadlar uchun nazarda tutiladigan Davlat byudjeti mablag’lari doirasida amalga oshiriladi;

o’quv adabiyotlarini xarid qilish, yaratish va nashr qilish bilan bog’liq xarajatlarni moliyalashtirish tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo’lgan vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari hamda homiylar mablag’lari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.

  1. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligiga:

ushbu qarorga muvofiq tegishli buyruq va boshqa ichki hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlash;

oliy ta’lim muassasalari uchun o’quv adabiyotlarini markazlashgan holda nashr qilish jarayonining belgilangan tartibda amalga oshirilishini tizimli ta’minlash vazifasi yuklansin.

  1. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo’lgan vazirliklar va idoralarga:

oliy ta’lim muassasalari o’z ixtisosligiga muvofiq yetakchi xorijiy va mahalliy davriy nashrlarni (jurnallarni) xarid qilishi va ularga obuna bo’lishi jarayonini tizimli muvofiqlashtirish;

oliy ta’lim muassasalari ushbu qarorga to’liq amal qilishi ustidan qat’iy nazorat o’rnatish va bu borada talabchanlikni oshirish vazifasi yuklansin.

  1. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A.A. Abduxakimov hamda oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2018 yil 10 oktyabr,

816-son

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 oktyabrdagi 816-son qaroriga
1-ILOVA

Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to’g’risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibini belgilaydi.
  2. Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish va ularni xarid qilish tartibi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

2-bob.Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi

  1. Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish vazifasi tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o’quv rejalariga kiritilgan fanlar bo’yicha quyidagi tartibda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

tayanch oliy ta’lim muassasasida xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish bo’yicha rektor boshchiligida komissiya tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga o’quv va ilmiy ishlar bo’yicha prorektorlar, tegishli fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, axborot-resurs markazi rahbari, oliy ta’lim muassasasining mahalliy va xorijiy hamkor tashkilotlarining vakillari hamda turdosh oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari kiritiladi;

komissiya tomonidan muayyan ta’lim yo’nalishi yoki mutaxassislik o’quv rejasiga kiritilgan fanlar bo’yicha o’n kun muddatda professor-o’qituvchilar tarkibidan mutaxassislar guruhlari belgilanadi;

bir oy muddatda mutaxassislar guruhlari mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda tegishli o’quv faniga oid zamonaviy, ilg’or nazariy va amaliy bilim, uslubiyot, ma’lumot, ilmiy va texnologik yangiliklarni o’z ichiga olgan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni izlab topadi va aniqlaydi;

fanlar bo’yicha mutaxassislar guruhlari aniqlagan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar o’n besh kun muddatda komissiya tomonidan jamlanadi, umumiy ro’yxatga kiritiladi va belgilangan talablarga javob berishi tahlil qilinadi,zarur hollarda umumiy ro’yxatga o’zgartirishlar kiritiladi va rektor tomonidan O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi (keyingi o’rinlarda Vazirlik deb ataladi) huzuridagi Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markaziga (keyingi o’rinlarda Markaz deb ataladi)belgilangan tartibda taqdim etiladi;

Markaz tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan kiritilgan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatlarini ikki oy muddatda umumlashtiradi, umumlashtirilgan ro’yxatda bilim va ta’lim sohalari, bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining fanlari bo’yicha takrorlanadigan xorijiy adabiyotlarni aniqlaydi, takrorlanishlarni tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda bartaraf qiladi, bir xil fanlar bo’yicha oliy ta’lim muassasalari tomonidan ro’yxatga kiritilgan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda optimallashtiradi va yakuniy umumlashtirilgan ro’yxatni hamda tayanch oliy ta’lim muassasalaridan Markazga taqdim etilgan ro’yxatlarni belgilangan tartibda Vazirlikka taqdim etadi;

Vazirlik, Markaz tomonidan taqdim etilgan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarning umumlashtirilgan ro’yxatini ikki oy muddatda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

  1. Tayanch oliy ta’lim muassasalarida xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarning umumiy ro’yxatini shakllantirishda unga faqat chet eldan markazlashgan holda xarid qilish zarur bo’lgan o’quv va ilmiy adabiyotlar kiritilishini, internet va boshqa yo’llar orqali oliy ta’lim muassasasi tomonidan xarid qilinadigan, chet eldan yakka tartibda olib kelinadigan,homiy va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar umumiy ro’yxatga kiritilmasligini tayanch oliy ta’lim muassasasining komissiyasi nazorat qiladi va bunga mas’ul hisoblanadi.
  2. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro’yxati tasdiqlangan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilinadi.
  3. Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish jarayonida ular tijorat maqsadlarida ishlatilmasligi, ulardan faqat bakalavriat va magistraturaning o’quv jarayonida foydalanilishi, shuning uchun ularning elektron nusxalarini yaratish, ularni o’zbek, qoraqalpoq va rus tillarga qisman yoki to’liq tarjima qilish, elektron nusxada ko’paytirish, ular asosida milliy o’quv adabiyotlarini yaratish va nashr qilish tadbirlari to’lovsiz amalga oshirilishi xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish shartnomasi shartlarida alohida belgilanishiga e’tibor qaratiladi.
  4. Markazlashgan tartibda xarid qilinib olib kelingan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar belgilangan tartibda Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasiga joylashtiriladi.
  5. Markazlashgan tartibda xarid qilingan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlardan foydalanish uchun oliy ta’lim muassasalari Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasiga murojaat qiladilar.
  6. Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasiga markazlashgan tartibda keltirilgan xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlardan foydalanish bepul amalga oshiriladi.

Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish shartnomasi shartlaridan kelib chiqib, ulardan foydalanish (tarjima qilish, elektron nusxalarini ko’chirish, ko’paytirish, xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar asosida milliy o’quv adabiyotlarni yaratish) tartibini belgilaydi.

  1. Oliy ta’lim muassasasining rahbariyati, professor-o’qituvchilari, mutaxassislari Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan belgilangan me’yorlar va berilgan ko’rsatmalarga to’liq amal qilgan holda xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlardan belgilangan tartibda foydalanadi.

3-bob.YAkunlovchi qoida

  1. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to’g’risidagi nizomga
ILOVA

Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlar ro’yxatini shakllantirish va ularni xarid qilish tartibining

SXEMASI

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 oktyabrdagi 816-son qaroriga
2-ILOVA

Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o’qituvchilar mehnatiga haq to’lash tartibi to’g’risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o’qituvchilar mehnatiga haq to’lash tartibini belgilaydi.
  2. Oliy ta’lim muassasalarida xorijdan keltirilgan o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima qilish, tahrir qilish va ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan mutaxassislar va professor-o’qituvchilar mehnatiga haq to’lashda quyidagi mablag’lardan foydalanish nazarda tutiladi:

oliy ta’lim muassasasining byudjet va byudjetdan tashqari mablag’lari;

homiylik xayriyalari, grantlar, jumladan xalqaro grantlari;

qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa mablag’lar.

2-bob. Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o’qituvchilar mehnatiga haq to’lashni tashkil etish

  1. Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida har bir fan bo’yicha professor-o’qituvchilar tarkibidan hamda jalb etilgan mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar (keyingi o’rinlarda Ishchi guruhlar deb ataladi) tashkil etiladi.
  2. Ishchi guruhlar tarkibiga kiritiladigan mutaxassislarga qo’yiladigan talablar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq belgilanadi.
  3. Ishchi guruhlar a’zolari xizmatiga haq to’lash tariflarini me’yorlashtirish xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarning mualliflik bosma tabog’i hajmiga muvofiq, eng kam oylik ish haqiga nisbatan koeffitsiyentlarda tarjima qilish, tahrir qilish, ekspertizadan o’tkazish jarayonlari uchun alohida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq belgilanadi.
  4. Ishchi guruh tomonidan bajariladigan xizmatlarga haq to’lash ishchi guruh a’zolari bilan tuziladigan fuqarolik huquqiy tusdagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

3-bob. YAkunlovchi qoidalar

  1. Ishchi guruh a’zolari xizmatiga haq to’lash masalalari bo’yicha nizolar qonun hujjatlari asosida hal etiladi.
  2. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o’qituvchilar mehnatiga haq to’lash tartibi to’g’risidagi nizomga
1-ILOVA

Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan ishchi guruh a’zolariga qo’yiladigan

TALABLAR

T/r

Ishchi guruh a’zosi Ma’lumoti bo’yicha talablar

Malakasi bo’yicha talablar

1. Tarjimon Tarjimon quyidagi uchta talabdan kamida bittasiga loyiq bo’lishi lozim:

1. Tarjimonlik, filologiya yo’nalishlari(mutaxassisliklari) bo’yicha oliy ma’lumot to’g’risidagi diplomga ega chet tili va ona tilini mukammal biladigan oliy ma’lumotli mutaxassis, bakalavr yoki magistr.

2. Mazkur yo’nalish bo’yicha PhD, fan nomzodi yoki fan doktori ilmiy darajasiga, dotsent yoxud professor ilmiy unvoniga ega olim-mutaxassis.

3. Tarjimon huquqiga ega (sertifikat yoki boshqa rasmiy hujjat bilan tasdiqlangan) bo’lgan, chet tilini IELTS-6.0va undan yuqori darajada(shu jumladan, boshqa chet tillaridan tarjima qilishda muvofiq daraja nazarda tutiladi)biladigan (tasdiqlovchi hujjat bilan) mutaxassis.

Tarjimon tarjima predmetini har ikkala til vositalarida oson ifoda qila oladigan, til xususiyatlarini biladigan va uni tarjimada to’laqonli amalga oshira oladigan bo’lishi hamda quyidagi malaka talablaridan kamida bittasiga loyiq bo’lishi lozim:

1. Professional tarjimon yoki professional xorijiy til filologi malaka talablariga javob beradigan mutaxassis.

2. CHet tilini o’zlashtirishning Umumevropa xalqaro standarti bo’yicha kamida V2+ yoki S1 darajasida biladigan yuqori malakali, og’zaki va yozma tarjima yo’nalishida tajribaga ega bo’lgan mutaxassis.

3. Respublikada yoki xorijiy mamlakatlarda ilmiy, ilmiy-ommabop, ilmiy-texnik (sohalar bo’yicha) matnlarni tarjima qilish tajribasiga ega, tarjimalari rasmiy matbuotda, ilmiy va ommabop nashrlarda chop etilgan va tan olingan mutaxassis.

4. CHet el oliy ta’lim muassasalarining bakalavriati yoki magistraturasini bitirgan yoxud kamida 2 yil davomida PhD dasturi bo’yicha o’qigan yoki malakasini oshirgan mutaxassis.

2. Muharrir Muharrir quyidagi talabdan kamida bittasiga loyiq bo’lishi lozim:

1. Fan, ta’lim yo’nalishi yoki ta’lim sohasi bo’yicha oliy ma’lumotli mutaxassis, bakalavr yoxud magistr diplomiga ega bo’lgan soha mutaxassisi.

2. Mazkur yo’nalish bo’yicha PhD, fan nomzodi yoki fan doktori ilmiy darajasiga, dotsent yoxud professor ilmiy unvoniga ega bo’lgan soha mutaxassisi.

Muharrir quyidagi malaka talabidan kamida bittasiga loyiq bo’lishi lozim:

1. Tegishli fan yoki turdosh o’quv fanlaridan kamida 5 yil dars berib kelayotgan professor yoki o’qituvchi.

2. Sohani mukammal biladigan, ilmiy maqola, o’quv va ilmiy adabiyotlarni tayyorlab nashr qilgan mutaxassis.

CHet tilini biladigan fan yoki yo’nalish mutaxassislariga afzallik beriladi.

3. Ekspert Sohaga oid ta’lim muassasasi, ilmiy muassasa va boshqa tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassis (rahbar). Sohani mukammal biladigan, sohaga oid respublika va jahondagi tendentsiyalardan xabardor bo’lgan mutaxassis.

CHet tilini biladigan fan yoki yo’nalish mutaxassislariga afzallik beriladi.

Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o’qituvchilar mehnatiga haq to’lash tartibi to’g’risidagi nizomga
2-ILOVA

Xorijiy o’quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o’tkazishni amalga oshiradigan ishchi guruh a’zolari mehnatiga haq to’lash

TARIFLARI

T/r

Ish nomi O’lcham birligi

Eng kam oylik ish haqiga nisbatan koeffitsiyent bo’yicha bir mualliflik tabog’i uchun mehnatga haq to’lashning minimal stavkasi

1. Tarjima qilish Mualliflik tabog’i *
2. Tahrir qilish Mualliflik tabog’i 1,2
3. Ekspertizadan o’tkazish Mualliflik tabog’i 1,2

Izohlar.

  1. Mualliflik tabog’i — 40 000 bosma belgilarga, grafik materialni (rasmlar, diagrammalar, jadvallar, musiqa notalari va hokazolar) nashr etishda 3000 kv. santimetrga teng bo’lgan nashr etiladigan asar hajmini o’lchash birligi. Harflar, tinish belgilari, raqamlar va boshqalar hamda so’zlar o’rtasidagi har bir oraliq bosma belgilar hisoblanadi.
  2. Ishchi guruh a’zolari mehnatiga haq to’lash ish tugallangandan so’ng, nashrga tavsiya etilgan hajmdan kelib chiqqan holda belgilangan tariflarga mos ravishda amalga oshiriladi.

* O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag’batlantirish bo’yicha qo’shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to’g’risida» 2017 yil 14 avgustdagi PQ-3201-son qarori bilan tasdiqlangan stavkalar asosida haq to’lash amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 oktyabrdagi 816-son qaroriga
3-ILOVA

Oliy ta’lim muassasalarini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darsliklar va o’quv qo’llanmalarini yangilab borish tartibi to’g’risida

Nizom

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom oliy ta’lim muassasalarini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darsliklar va o’quv qo’llanmalarini yangilab borish tartibini belgilaydi.
  2. Oliy ta’limning o’quv adabiyotlari darslik, o’quv qo’llanma, uslubiy qo’llanma, uslubiy ko’rsatma, uslubiy tavsiyanoma, ma’lumotlar to’plami (banki), ma’ruzalar kursi, ma’ruzalar to’plami, mashqlar (masalalar) to’plami, lug’at, daydjest kabi turlaridan iboratdir.
  3. Oliy ta’lim muassasalari uchun o’quv adabiyotlarini yaratish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

2-bob. O’quv adabiyotlarini yaratish tartibi

  1. Bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o’quv rejalariga kiritilgan fanlar bo’yicha yaratilishi zarur bo’lgan o’quv adabiyotlari ro’yxatini shakllantirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

oliy ta’lim muassasalari davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o’quv reja va fan dasturlariga muvofiq yaratilishi zarur bo’lgan o’quv adabiyotlarining ro’yxatini shakllantiradi va O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi (keyingi o’rinlarda Vazirlik deb ataladi) huzuridagi Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markaziga (keyingi o’rinlarda Markaz deb ataladi) kiritadi;

Markaz oliy ta’lim muassasalari tomonidan kiritilgan o’quv adabiyotlari ro’yxatlarini o’quv reja va fan dasturlariga mosligi nuqtai nazaridan o’rganib chiqadi, bilim va ta’lim sohalari, bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining fanlari bo’yicha takrorlanadigan adabiyotlarni aniqlaydi, takrorlanishlarni tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda bartaraf qiladi, bir xil fanlar bo’yicha oliy ta’lim muassasalari tomonidan ro’yxatga kiritilgan turli o’quv adabiyotlarini tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda optimallashtiradi va maqbul holatga keltirilgan o’quv adabiyotlarining ro’yxatlarini tegishli oliy ta’lim muassasalariga o’z tavsiyalari bilan yuboradi;

o’quv adabiyotlari ro’yxatlarini shakllantirgan oliy ta’lim muassasalarining rektorlari Markaz tomonidan tahlil qilingan tegishli o’quv adabiyotlari ro’yxatlarini Vazirlik tomonidan belgilanadigan yagona shakldagi jadval ko’rinishida ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va Markazga belgilangan tartibda taqdim etadi.

  1. O’quv adabiyotlarini yaratish uchun oliy ta’lim muassasalarida sohaning yetakchi mutaxassislari, professor-o’qituvchilari va olimlar tarkibidan muallif (mualliflar jamoasi) tayinlanadi. Mualliflar tarkibiga turdosh oliy ta’lim muassasalarining yetakchi professor-o’qituvchilari hamda xorijiy olim va mutaxassislar ham kiritilishi mumkin.
  2. Zarur hollarda, o’quv adabiyotlarini yaratish uchun mualliflar tanlov asosida belgilanishi mumkin. Tanlovda oliy ta’lim muassasalarining professor-o’qituvchilari, ishlab chiqarish, fan, ta’lim va tegishli boshqa sohalarning yuqori malakali mutaxassislari, shuningdek xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ham ishtirok etishi mumkin.
  3. O’quv adabiyotlari davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o’quv reja, fan dasturlari hamda o’quv adabiyotlariga qo’yiladigan talablarga mos holda tayyorlanishiga tegishli tayanch oliy ta’lim muassasasi mas’uldir.
  4. O’quv adabiyotlari matbaa va noshirlik me’yorlariga amal qilgan holda tayyorlanadi.
  5. O’quv adabiyotlari qo’lyozmalarini tayyorlash va ularni nashr qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

tayanch oliy ta’lim muassasalarida muallif (mualliflar jamoasi) tomonidan o’quv adabiyotining qo’lyozmasi tayyorlanadi;

tayyorlangan qo’lyozmaga fanning yetuk mutaxassislari, ta’lim yo’nalishi bo’yicha turdosh oliy ta’lim muassasalari, tegishli soha tashkilotlarining taqrizlari olinadi;

tayanch oliy ta’lim muassasasining kengashida o’quv adabiyoti qo’lyozmasi atroflicha muhokama qilinadi va nashr qilishga tavsiya etish to’g’risida oliy ta’lim muassasasi kengashining bayoni rasmiylashtiriladi;

ekspertizadan o’tkazish maqsadida o’quv adabiyotining qo’lyozmasi tegishli tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan Markazga kiritiladi;

Markaz tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan kiritilgan o’quv adabiyotlari qo’lyozmalarini ta’lim sohalari va yo’nalishlariga muvofiq jamlab, Vazirlik huzuridagi Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo’nalishlari bo’yicha O’quv-uslubiy birlashma va komissiyalarga (keyingi o’rinlarda o’quv-uslubiy birlashma va komissiyalar deb ataladi) taqdim etadi;

o’quv-uslubiy birlashma va komissiyalar o’quv adabiyotlari qo’lyozmalarini davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o’quv reja va fan dasturlari hamda o’quv adabiyotlariga qo’yilgan talablarga mosligi, talabalarga mukammal zamonaviy bilim, ko’nikma va malakalarni berishga xizmat qilishi yuzasidan ekspertizadan o’tkazadi, har biri bo’yicha asoslangan xulosa hamda uning o’zbek, rus, qoraqalpoq tilidagi adadi va nashr etish manbalari (markazlashgan byudjet mablag’lari, oliy ta’lim muassasalarining mablag’lari va boshqalar) yuzasidan tavsiya beradi;

o’quv-uslubiy birlashma va komissiyalarning o’quv adabiyotlari qo’lyozmalari yuzasidan bergan xulosasi Vazirlik huzuridagi Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo’nalishlari bo’yicha O’quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o’rinlarda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb ataladi) majlisida muhokama qilinadi;

muhokama natijasida ijobiy deb topilgan o’quv adabiyotlarning qo’lyozmalari Muvofiqlashtiruvchi kengash majlisi bayoni bilan nashr etishga tavsiya qilinadi, salbiy baholangan o’quv adabiyotlari qo’lyozmalari qayta ishlash uchun tegishli tayanch oliy ta’lim muassasalariga yuboriladi;

Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan nashr etishga tavsiya etilgan o’quv adabiyotlar qo’lyozmalarining ro’yxati ularni tayyorlagan oliy ta’lim muassasasi, mualliflar familiyasi va ismi, o’quv adabiyotining turi, uning hajmi, adadi va moliyalashtirish manbasi ko’rsatilgan holda Vazirlikka taqdim etiladi;

Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tavsiya etilgan o’quv adabiyotlarni Vazirlik buyrug’i bilan nashr etishga ruxsat beriladi;

nashr etishga ruxsat berilgan o’quv adabiyotlari belgilangan tartibda nashr qilinadi va ehtiyojga muvofiq tegishli oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlariga joylashtiriladi.

  1. CHop etilgan o’quv adabiyotlaridan talabalar foydalanishi uchun mualliflik huquqi va turdosh huquqlar bo’yicha qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga amal qilgan holda oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlariga o’quv adabiyotlarining bosma hamda elektron nusxalari joylashtiriladi.
  2. O’quv-uslubiy birlashma va komissiyalar tomonidan o’quv adabiyotlari qo’lyozmalarini ekspertizadan o’tkazish, muhokama qilish va xulosa ishlab chiqish tartibi Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilanadi.
  3. Oliy ta’lim muassasalarida tayyorlangan o’quv adabiyotlari qo’lyozmalarini Markazga kiritish, ushbu qo’lyozmalarni o’quv-uslubiy birlashma va komissiyalarga taqdim etish tartibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
  4. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan, zaruratga ko’ra, ko’zi ojiz talabalar uchun axborot-resurs markazlariga joylashtirilgan o’quv adabiyotlari asosida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar bo’yicha qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga amal qilgan holda tegishli o’quv adabiyotlarining tinglab o’rganadigan audio-darsliklari yaratiladi va axborot-resurs markazida saqlanadi.

3-bob. Oliy ta’lim muassasalarini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash me’yori va ularni yangilab borish davriyligi

  1. O’quv adabiyotlarining matbaa usulida nashr qilingan nusxalari hamda mualliflar bilan belgilangan tartibda kelishilgan holda o’quv adabiyotlarining elektron nusxalari saqlanadigan oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari ta’lim jarayonini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlaydigan asosiy manba hisoblanadi.
  2. O’quv adabiyotlari bilan oliy ta’lim muassasalarini ta’minlash me’yorlari muayyan oliy ta’lim muassasasining axborot-resurs markazida mavjud bo’lgan o’quv adabiyotlari soni tegishli ta’lim yo’nalishi yoki mutaxassisligida ta’lim olayotgan talabalar soni bilan nisbat ko’rinishida belgilanadi.
  3. Oliy ta’limning bakalavriat bosqichi uchun o’tilayotgan fanlar bo’yicha har 6 nafar talabaga kamida 1 (bir) dona o’quv adabiyoti to’g’ri kelsa, mazkur ta’lim yo’nalishi o’quv adabiyotlari bilan ta’minlangan hisoblanadi. Bunda ta’lim jarayonining o’quv adabiyotlari bilan ta’minlanishi axborot-resurs markazida o’quv adabiyotlarining elektron nusxalari mavjudligini nazarda tutadi.
  4. Nashr qilinayotgan o’quv adabiyotlarining adadi bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, o’qitilayotgan fanlar bo’yicha har 6 nafar talabaga kamida 1 (bir) dona hamda har 2 (ikki) nafar talabaga ko’pi bilan 1 (bir) dona o’quv adabiyoti to’g’ri kelishi miqdorlari oralig’ida belgilanadi.

Nashr qilinadigan o’quv adabiyotlarining adadi ushbu me’yorlarga amal qilgan holda, Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan o’quv-uslubiy birlashma yoki komissiyalar xulosasi asosida belgilanadi va Vazirlikka tavsiya qilinadi. Vazirlik tomonidan bu haqda tegishli qaror qabul qilinadi.

  1. Oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari fondidagi o’quv adabiyotlari mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, yangilanish, fan, texnika va texnologiyalarning so’nggi yutuqlari, ilg’or xalqaro tajriba va taraqqiyot tendentsiyalari, yangi fanlar va ta’lim yo’nalishlari kiritilishi, davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o’quv reja va fan dasturlari takomillashtirilishi va o’zgartirilishiga muvofiq yangilanib borilishi lozim.
  2. O’quv adabiyotlarini yangilab borish davriyligi bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari fanlarining turkumlari (o’quv reja bloklari)dan kelib chiqib ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq belgilanadi va tavsiyaviy xarakterga ega bo’ladi.
  3. Davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o’quv reja va fan dasturlari ilk bor kiritilishi yoki yangilanishi, yangi fanlar kiritilishi hamda Hukumat qarorlari va ko’rsatmalari asosida o’quv adabiyotlari tavsiya etilgan davriylikdan mustasno tarzda yangilanadi.
  4. YAngilanishi zarur bo’lgan o’quv adabiyotlari tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan chop etilishi rejalashtirilayotgan ro’yxatga kiritiladi. Bunda o’quv adabiyoti yangilanishining sabablari, mavjud o’quv adabiyoti nechanchi yilda chop etilgani ko’rsatiladi.

4-bob. YAkunlovchi qoida

  1. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Oliy ta’lim muassasalarini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darslik va o’quv qo’llanmalarini yangilab borish tartibi to’g’risidagi nizomga
1-ILOVA

Oliy ta’lim muassasalari uchun o’quv adabiyotlarni yaratish tartibining

SXEMASI

Oliy ta’lim muassasalarini o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darslik va o’quv qo’llanmalarini yangilab borish tartibi to’g’risidagi nizomga
2-ILOVA

O’quv adabiyotlarini yangilab borish davriyligi bo’yicha tavsiyaviy

Ko’rsatkichlar

O’quv bloklari bo’yicha adabiyotlar uchun

(yil)

Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiy fanlar bo’yicha o’quv adabiyotlari

Tabiiy-ilmiy va matematik fanlar bo’yicha o’quv adabiyotlari Umumkasbiy fanlar bo’yicha o’quv adabiyotlari

Maxsus fanlar bo’yicha o’quv adabiyotlari

5 10 7

6

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 oktyabrdagi 816-son qaroriga
4-ILOVA

Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun o’quv adabiyotlarini yaratishga qo’yilgan

TALABLAR

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Talablar oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun o’quv adabiyotlarini yaratishga qo’yilgan umumiy talablarni belgilaydi.
  2. Talablarning asosiy maqsadi oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining barcha ta’lim turlari uchun zamonaviy o’quv adabiyotlarining shakli, turi, funktsiyasi, yaratish tamoyillari va talablarini belgilash hamda o’quv adabiyotlarini yaratish jarayonida asosiy uslubiy va me’yoriy vosita bo’lib xizmat qilishdir.

2-bob. O’quv adabiyotlarining shakli va turlari

  1. O’quv adabiyotlari oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o’quv reja va fan dasturlari asosida muayyan o’quv fani bo’yicha zarur nazariy va amaliy bilimlar, o’quv materiallari, uslubiyot va didaktik ma’lumotlar ilm-fan, madaniyat, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlari, jahon tajribalari asosida tizimli bayon etilgan nashr bo’lib, asosan ikki xil shaklda tayyorlanadi:

an’anaviy (bosma) o’quv adabiyotlari — ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlari, o’quv materiallari va ma’lumotlar hajmi, shriftlar, qog’oz sifati, muqova turi va boshqa ko’rsatkichlarni hisobga olgan holda matbaa usulida tayyorlanib chop etilgan nashr;

elektron o’quv adabiyotlari — zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ma’lumotlarni jamlash, tasvirlash, yangilash, saqlash, bilimlarni interaktiv usulda taqdim etish va nazorat qilish imkoniyatlariga ega bo’lgan elektron majmua.

  1. O’quv adabiyotlarining quyidagi turlari mavjud:

darslik;

o’quv qo’llanma;

uslubiy qo’llanma;

uslubiy ko’rsatma;

uslubiy tavsiyanoma;

ma’lumotlar to’plami (banki);

ma’ruzalar kursi;

ma’ruzalar to’plami;

mashqlar (masalalar) to’plami;

lug’at;

daydjest.

  1. O’quv adabiyotlarining turlari quyidagicha ifodalanadi:

darslik — muayyan o’quv fanining mavzulari tizimli, chuqur va to’liq yoritilgan, tegishli fan mazmunini belgilangan hajmda mukammal o’zlashtirishga qaratilgan, mazmunan va shaklan ta’lim turlariga (o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim (bakalavriat, magistratura)) moslashtirilgan, o’quvchi va talabalarda fanga taalluqli bilim, ko’nikma va malakalar shakllanishiga, ijodiy qobiliyatlar rivojlanishiga xizmat qiladigan, rasmiy tasdiqlanadigan asosiy o’quv nashridir;

o’quv qo’llanma — darslikni qisman to’ldiruvchi, muayyan fan dasturi bo’yicha tuzilgan va mavzularni zaruriy hajmda tizimli yoritib beradigan, fan asoslarining mukammal o’zlashtirilishini ta’minlovchi, mazmunan va shaklan ta’lim turlariga (o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim (bakalavriat, magistratura)) moslashtirilgan, nazariy yoki amaliy mashq va mashg’ulotlarga mo’ljallangan, o’quvchi va talabalarda fanga taalluqli bilim, ko’nikma va malakalar shakllanishiga xizmat qiladigan, rasmiy tasdiqlanadigan o’quv nashridir;

uslubiy qo’llanma — professor-o’qituvchilar va bilim oluvchilar uchun mo’ljallangan bo’lib, unda bir darsning maqsadi, dars o’tish vositalari va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy mashg’ulotlar, qo’shimcha topshiriqlar va boshqalar haqida tavsiyalar bayon qilinadigan, ta’lim muassasalarining kengashi (pedagogika kengashi) tavsiyasi asosida chop etiladigan nashr;

uslubiy ko’rsatma — muayyan fanning o’quv dasturi bo’yicha kurs ishlari (loyihalari), laboratoriya va amaliy ishlarni, shuningdek bitiruvchilarning bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik dissertatsiyalarini bajarish tartibi aniq va batafsil ifodalangan hamda ushbu fan bo’yicha bilim oluvchilarda zarur amaliy ko’nikmalar hosil qilishga mo’ljallangan, ta’lim muassasalarining kengashi (pedagogika kengashi) tavsiyasi asosida chop etiladigan kichik adadli nashr;

uslubiy tavsiyanoma — muayyan fanning o’quv dasturi bo’yicha mavzularning asosiy mazmunini yoki ayrim murakkab mavzular va masalalarni o’zlashtirish, nazariy va amaliy vazifalar, topshiriqlarni bajarish bo’yicha uslubiy yordam ko’rsatish va pedagogik tavsiya berishga qaratilgan yordamchi o’quv adabiyoti hisoblanadigan, ta’lim muassasalarining kengashi (pedagogika kengashi) tavsiyasi asosida chop etiladigan kichik adadli nashr;

ma’lumotlar to’plami (banki) — foydalanishga qulay shaklda yaratilgan, muayyan fanni yoki ta’lim yo’nalishini o’zlashtirish uchun zarur bo’lgan, isbot talab qilmaydigan ma’lumotlar, ilmiy ko’rsatkich va o’lchamlar, turli belgi va raqamlardan, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ishlab chiqarish, texnika, madaniy va boshqa sohalardagi qisqa ilmiy, amaliy, ma’lumotlardan tashkil topgan, ta’lim muassasalarining kengashi (pedagogika kengashi) tavsiyasi asosida chop etiladigan nashr;

ma’ruzalar kursi — fanning o’quv dasturi bo’yicha ma’ruzalar kursining nomi tegishli fan nomi bilan atalgan, undagi barcha mavzularning asosiy mazmuni qisqa yoritilgan, birlamchi yangi bilimlarni olishga qaratilgan, foydalaniladigan asosiy va qo’shimcha o’quv adabiyotlari ko’rsatilgan, o’zini o’zi nazorat qilishga oid savollar turkumi, mavzuga tegishli tayanch atama va iboralar keltirilgan, ta’lim muassasalarining kengashi (pedagogika kengashi) tavsiyasi asosida chop etiladigan nashr;

ma’ruzalar to’plami — muayyan fanning o’quv dasturi bo’yicha undagi ayrim mavzularning asosiy mazmuni qisqa yoritilgan, birlamchi yangi bilimlarni olishga qaratilgan, foydalaniladigan asosiy va qo’shimcha o’quv adabiyotlari ko’rsatilgan, o’zini o’zi nazorat qilishga oid savollar turkumi, mavzuga tegishli tayanch atama va iboralar keltirilgan, ilmiy-tadqiqot izlanishlari asosida muntazam yangilanib turiladigan, ta’lim muassasalarining kengashi (pedagogika kengashi) tavsiyasi asosida chop etiladigan kichik adadli nashr;

mashqlar (masalalar) to’plami — muayyan fanning mavzulari bo’yicha amaliy mashqlar, masalalar, shuningdek ta’riflash, ifodalash, shakllantirish, hisoblash, ishlab chiqish bo’yicha misollar keltirilgan, mavzularga oid me’yoriy, uslubiy, sonli va tayanch ma’lumotlar bilan to’ldirilgan, o’quvchi va talabalarda amaliy ko’nikmalarni shakllantirishga qaratilgan, ta’lim muassasalarining kengashi (pedagogika kengashi) tavsiyasi asosida chop etiladigan nashr.

lug’at — aniq bir tartibda joylashgan so’zlar (yoki so’z birikmasi va hokazo) to’plami, ularning mazmuni, ishlatilishi, kelib chiqishi, boshqa tildagi tarjimasi to’g’risida ma’lumot beruvchi yoki so’zning tushunchasi, u bilan belgilanuvchi predmetlar haqida axborot beruvchi, ta’lim muassasalarining kengashi (pedagogika kengashi) tavsiyasi asosida chop etilgan nashr;

daydjest — ilmiy, ilmiy-uslubiy, o’quv, davriy adabiyotlar, qonunlar, farmonlar, qarorlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmunining qisqacha bayoni va sharhi keltirilgan, sohalarga oid ma’lumotlar to’plami sifatida foydalaniladigan nashr.

3-bob. O’quv adabiyotlarini yaratishga qo’yiladigan umumiy talablar

  1. O’quv adabiyotlari rivojlantirish strategiyasining demokratik, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy yo’nalishlarida mamlakat taraqqiyotining ustuvor masalalariga asoslangan holda yaratiladi va o’quvchi yoki talabaning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, shuningdek soha bo’yicha ilg’or xalqaro tajribalar, jahon ilm-fani, uslubiyot, texnika va texnologiyalarning so’nggi yutuqlari, taraqqiyot tendentsiyalarini hisobga oladi.
  2. O’quv adabiyotlari tasdiqlangan davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o’quv reja va fan dasturlari asosida tayyorlanadi. O’quv adabiyotlarining nomi o’quv rejalaridagi fanlar nomi bilan mos kelishi maqsadga muvofiqdir.
  3. O’quv adabiyotlarini yaratishda:

mamlakatda joriy etilgan uzluksiz ta’lim tizimining ta’lim turlari (o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim (bakalavriat, magistratura)) o’rtasidagi uzviylik va uzluksizlik ta’minlanadi hamda fanlar mavzularining asossiz takrorlanishiga yo’l qo’yilmaydi;

fanlarda mavzular izchilligiga, oddiydan murakkabga, xususiydan umumiylikka o’tib borish tamoyillariga amal qilinadi.

  1. YAratilayotgan o’quv adabiyotlarining mazmuni ta’lim olish, mustaqil va erkin fikrlash, olingan bilimlarni bosqichma-bosqich boyitish, mukammallashtirib borish, mustaqil ta’lim olish, yangi bilimlarni o’quv adabiyotlaridan izlab topish ko’nikmalarini o’quvchi va talabalarda shakllantirishga yo’naltirilgan bo’lishi ta’minlanadi.
  2. O’quv adabiyotlari tushunarli, sodda va ravon tilda yozilishi, ma’lumotlar o’quvchi va talabalar tomonidan imkon darajasida oson va qiyinchiliksiz qabul qilinadigan, xotirada saqlanadigan tarzda berilishi hamda ta’lim oluvchilarning bilim va ko’nikmalarini nazorat qilish imkoniyatini yaratishi lozim.
  3. Elektron o’quv adabiyotlari bilim oluvchilarning tasavvurini kengaytirishga, dastlabki bilimlarini rivojlantirish va chuqurlashtirishga, qo’shimcha ma’lumotlar bilan ta’minlashga mo’ljallangan bo’lib, ko’pincha chuqurlashtirib o’qitiladigan fanlar bo’yicha yaratiladi. Uzluksiz ta’lim tizimida fan va texnologiyalar rivojlangani sari mazmuni tez o’zgaruvchan, chuqurlashtirib o’qitiladigan, kasbiy va maxsus fanlar bo’yicha elektron o’quv adabiyotlari tayyorlanadi.

4-bob. O’quv adabiyotlariga qo’yiladigan talablar va uning funktsiyalari

  1. Ta’lim turlarining xususiyatlaridan va nashr shaklidan qat’i nazar, barcha o’quv adabiyotlariga qo’yiladigan asosiy talablar quyidagilar:

muayyan fanning mohiyati, mazmuni va mavzularini fan dasturida belgilangan hajmlarda izchillik bilan yoritilishi, o’quv materiallarining mazkur fan orqali ta’lim oluvchilarga berilishi zarur bo’lgan bilim, malaka va ko’nikmalarni shakllantirishga qaratilgan tartibda tizimli bayon qilinishi;

yuqori darajada umumlashtirilgan va zamonaviy bilimlarga asoslangan ma’lumotlar (qonunlar, ayniyatlar, tasniflar va hokazo)dan tashkil topishi, illyustratsiyalarga boy, zamonaviy ko’rgazmali tasvir va badiiy-uslubiy jihatdan amaliy faoliyatga qaratilgan bo’lishi;

bilimlarning mutlaqligi va nisbiyligini yorqin ifodalashi;

nazariy va amaliy ma’lumotlar maqbul, puxta, ravon, ijodiy va qiziqtiruvchan shaklda ifoda qilinishi, zarur hollarda fanga oid keng qamrovli misol va masalalar, uzoq va yaqin o’tmishdagi boy intellektual merosimiz namunalari bilan boyitilishi;

jahon ilm-fani, texnika va texnologiyalarning eng so’nggi yutuqlarini inobatga olishi, uning ahamiyatini ifodalashi, soha va fanga oid milliy va xorijiy tajriba va ma’lumotlar mantiqiy bir tizimda bayon etilishi;

asosiy tushuncha va xulosalarning ta’riflari nihoyatda aniq va ravshan yozilishi, atamalarning umumiyligiga erishilishi;

ta’lim-tarbiya jarayoniga hamkorlik pedagogikasi va o’qitishning interfaol uslublarini tatbiq qilishga ko’mak berishi;

bilimlarni ongli ravishda o’zlashtirish, qiziqish uyg’otish va mustaqil fikrlashga yo’naltira oladigan xususiyatlarga ega bo’lishi;

bilim oluvchilarning yoshi, psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olishi, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilishi, mustaqil ta’lim olishga qiziqish uyg’otishi;

ta’lim oluvchilarning bilimi, uquvi va ko’nikmalarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo’lishi;

intellektual insonparvarlik g’oyalarining aks ettirilishi, insonning tabiat va ijtimoiy hayotda o’ta mas’uliyatliligini anglatishga qaratilishi;

vatanparvarlik hissi, ma’naviy-axloqiy sifatlar shakllantirilishi, ta’lim va tarbiya uzviyligini ta’minlashga e’tibor berishi.

  1. Ta’lim turlarining xususiyatlaridan va nashr shaklidan qat’i nazar, barcha o’quv adabiyotlariga qo’yiladigan umumiy talablar quyidagilar:

o’quv adabiyotlaridagi mavzu, mazmun va matnlar uzluksiz ta’limning boshqa turlari va bosqichlaridagi turdosh fanlarning mavzu, mazmun va matnlarini takrorlamasligi;

o’quv materiallarining mazmuni dalillardan namunalarga, namunadan farazga, farazdan izlanishga, izlanishdan amaliy qo’llashga, abstrakt ilmiy bilimdan aniq kasbiy bilimga, bilimdan amaliy ko’nikmaga o’tishga yo’naltirilishi;

mavzularda «oddiydan murakkabga», «umumiydan xususiyga» kabi tamoyillarga rioya etilishi;

rasmlar, grafiklar, jadvallar, sxema va diagrammalar mantiqan maqbul darajada joylashtirilishi, berilgan ma’lumotlar va tushuntirishlar bilan uzviy bog’langan bo’lishi;

matnlar dizayni maqbul va mukammal bajarilishi, takrorlanuvchi tushunchalar, rioya qilinishi kerak bo’lgan qoidalar, e’tiborni jalb etish uchun zarur bo’lgan jumlalar, misollar va xulosalarni ajratish maqsadida maxsus belgilardan hamda ta’sirchan grafik vositalardan foydalanish;

kasbiy xarakterga ega bo’lgan va bilim oluvchilar mustaqil ishlashi uchun mo’ljallangan muammoli savollar, topshiriqlar, mashqlar, loyihalar bilan ta’minlanishi;

topshiriqlar va vazifalar keng ko’lamli bilim oluvchilar bajaradigan amaliy ishlarni juftlikda yoki kichik guruhlarda tashkil etish imkoniyatini berishi;

o’quv materiallarida talabalarni faol bo’lish va tanqidiy fikrlashga undash va ularning fanga bo’lgan qiziqishlarini kuchaytiruvchi jihatlarning mavjud bo’lishi;

O’zbekistonning turli hududlaridagi o’ziga xos madaniy xususiyatlar, tabiiy iqlim sharoitlari hisobga olinishi.

  1. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining o’quv adabiyotlariga qo’yiladigan qo’shimcha talablar quyidagilar:

kasbga qiziqishni kuchaytirish, uni mustahkam egallashga va zamonaviy bilimlar asosida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanishiga xizmat qilishi;

mustaqil va erkin fikr yuritish, mas’uliyatli qarorlar qabul qilishga qodir shaxslarni tarbiyalashi;

qaysi fanga tegishliligidan qat’i nazar, nazariy bilimlarning amaliyot bilan keng bog’liqligini ta’minlashi;

o’quvchida yaxlitlikni idrok qilish hissining shakllanishi uchun barcha ma’lumotlar mantiqiy bir tizimda berilishi;

muayyan fan sohasiga xos xususiyatlardan kelib chiqib, estetik va dizayn ko’rsatkichlarda ilm-fan yutuqlarini tasvirlaydigan ko’rgazmali ma’lumotlar-qurilma, apparatlar yoki ularning ma’lum qismlari va boshqalar turli rangda berilishiga e’tibor qaratilishi;

matnni tushunarli va mantiqiy usulda tuzish, o’rganish jarayonini osonlashtirish uchun rasmlar, sxemalar va chizmalarni qo’shib joylashtirish;

o’quv adabiyotida o’rganiladigan mavzu va mashg’ulotlar guruhda o’quvchilarning turli qobiliyatga ega ekanligi inobatga olingan holda berilishi;

fanlararo va fan ichida o’zaro bog’liqlik ta’minlanishi;

o’quvchilarning mustaqil ishlashi uchun amaliy topshiriqlar, mashqlar, loyihalar bilan ta’minlanishi;

matnda atrof-muhit, uning ifloslanishi va jamiyat salomatligi muammolari hamda ularni hal qilish yo’llari aks ettirilishi.

  1. Oliy ta’limning o’quv adabiyotlariga qo’yiladigan qo’shimcha talablar quyidagilar:

o’qitiladigan fanlar va ularga tegishli o’quv adabiyotlarining mazmun-mohiyati nihoyatda chuqur ilmiy-uslubiy, yuqori sifat ko’rsatkichlarda bo’lishi;

o’quv adabiyotlaridagi har bir bob yoki mavzuning mazmuni tushunarli, ilmiy g’oya va tushunchalarning mohiyati aniq va ravshan bayon etilishi;

matnni xotirada saqlashni osonlashtirish, mavzular ixcham chizmalar, turli tasviriy ifodalar, jadval, infografika hamda rasmlar bilan muvofiq tarzda ta’minlanishi;

aniq va tabiiy fanlar bo’yicha ilmiy tushuncha va g’oyalar, qonun va qonuniyatlar, tarixiy hodisa va ijtimoiy jarayonlarning hayotiyligiga e’tibor qaratilishi, tahliliy munosabatning yetarli darajada bo’lishi;

muallif va talaba o’rtasida fikrlarning mantiqiy bayoni jarayonida o’zaro bog’liqlik ta’minlanishi;

amaliy va tajriba mashg’ulotlarini bajarish hamda mashqlarni yechish bo’yicha uslubiy ko’rsatmalar berilishi, matn, illyustratsiya va grafiklar yordamida bilim olish orqali kengaytirilgan amaliy ko’nikmalarni shakllantirish imkoniyati bo’lishi;

o’quv maqsadlari va vazifalarining aniq belgilanishi, fanlararo va fan ichida o’zaro bog’liqlikni ta’minlanishi, nazariy va amaliy mazmunning o’zaro maqbul va bog’liq holda taqsimlanishi;

mazmun ishonchli va salohiyat bilan yoritilishi, unda mualliflarning fan, texnika va texnologiyalarning so’nggi yutuqlaridan foydalanganligi ko’rinib turishi;

tasviriy materiallardan maksimal foydalanish, dinamik jarayonlarni o’rganishni osonlashtirish maqsadida elektron ta’lim vositalarini (multimedia, animatsiya, virtual stendlar va x.k.) qo’shimcha material sifatida ishlatish imkonini berishi;

o’quv materiallarida talabalarni faol bo’lish va tanqidiy fikrlashga undash va ularning fanga bo’lgan qiziqishlarini kuchaytiruvchi jihatlarining mavjud bo’lishi;

zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarining yaratilishi.

  1. Oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun yaratiladigan o’quv adabiyotlarining asosiy funktsiyalari quyidagilar:

axborot funktsiyasi — ta’lim oluvchi muayyan fan bo’yicha egallashi zarur bo’lgan bilim va ko’nikmalar mazmunini qamrab olganligi;

tizimlovchi funktsiyasi — o’quv fani mazmuni tizimlangan shaklda qat’i ketma-ketlikda va izchillikda oddiydan murakkabga rioya qilingan holda bayon qilinishini ta’minlashi;

muvofiqlashtiruvchi funktsiyasi — fan o’quv materialini loyihalash jarayonida boshqa o’quv manbalarida keltirilgan materiallarni o’rganish, ular orasida uzviylikni ta’minlash, axborot oqimini tez o’zlashtirish, olgan bilimlarni chuqurlashtirish va amaliy faoliyat jarayonida qo’llash yo’llarini topishga xizmat qilishi;

mutaxassislikka yo’naltirilganlik funktsiyasi — o’quv adabiyotining mazmuni o’quvchi-talabaning mutaxassislik bo’yicha ishlab chiqarish jarayonlari, ob’ektlari, texnika va texnologiyalar to’g’risidagi asosiy fundamental tushuncha va bilimga ega bo’lishini ta’minlashi hamda kelajakda ularga tayanib yangi ma’lumotlarni mustaqil tahlil qilish va o’zlashtirish ko’nikmalarini shakllantirishga qaratilishi;

didaktik funktsiyasi — ta’lim oluvchining qobiliyati va ehtiyojiga mos ravishda o’quv materialini mustaqil o’zlashtirishga hamda asosiy mazmunni ajratish, tahlil qilish, umumlashtirish va xulosalash ko’nikmalarini shakllantirish uchun xizmat qilishi;

o’zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash va o’zini o’zi nazorat qilish funktsiyasi — ta’lim oluvchining o’qituvchi rahbarligida yoki mustaqil tarzda darslikdagi nazorat savollari, test materiallaridan foydalanib, o’zining bilimini tekshirishi hamda bilimiga tayangan holda amaliy mashg’ulotlarni bajara olishiga qaratilgan faoliyatlarga ko’maklashishi;

ta’lim oluvchilarni mustaqil ta’lim olishga qiziqtirish va ijodkorlikka undovchi funktsiyasi — ta’lim oluvchilarda mustaqil tarzda ta’lim olishga bo’lgan ishtiyoq, ehtiyoj va zaruratni uyg’otishi, yetishmaydigan bilimlarni mustaqil tarzda to’ldirishga yordam berishga yo’naltirilganligi. Ta’lim oluvchilarga mustaqil ravishda bajarishi lozim bo’lgan loyihalar, muammoli savollar va topshiriqlar berilishi orqali ularda izlanuvchanlik qobiliyatlarini rivojlantirishi;

rivojlantiruvchi-tarbiyalovchi funktsiyasi — o’quv materiallari asosida shaxsning davlat va xalqiga e’tiqodni, ma’naviy-insoniy xislatlarni, vatanparvarlikni, mehnatsevarlik kabi boshqa ijobiy fazilatlarning faol shakllanishiga ko’mak berishi.

  1. Har bir bilim va ta’lim sohalari xususiyatidan kelib chiqib, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tayanch oliy ta’lim muassasalarining kengashi qarori asosida o’quv adabiyotlariga qo’shimcha maxsus talablar belgilanishi mumkin.

5-bob. Elektron o’quv adabiyotlarini yaratish tamoyillari va ularga qo’yiladigan talablar

  1. Elektron o’quv adabiyotlarini (darsliklarni) yaratish tamoyillari:

modullilik tamoyili — o’quv materialini hajmi bo’yicha kichik, ammo tarkibi bo’yicha bir butun bo’lgan modullardan (bo’limlardan) iborat bo’lgan bo’laklarga bo’lib chiqilganligi;

to’liqlik tamoyili — har bir yaratilayotgan bo’lim (modul) uni tashkil etuvchi nazariy va amaliy qismlar, nazariy bilimlarni tekshirish bo’yicha tuzilgan nazorat savollari (testlar), mustaqil yechish uchun topshiriq va amaliy ko’nikmalarni o’rganishga yo’naltirilgan mashqlar, tajribalar va tegishli sharhlardan iborat bo’lishi maqsadga muvofiqligi;

ko’rgazmalilik tamoyili — har bir bo’limda (modulda) yangi tushunchalar, fikrlar hamda uslublarni tushunarli va eslab qolishni yengillashtiruvchi matnlar hajmi o’lchamlari kichik bo’lgan kadrlarning ketma-ketligidan iborat bo’lishi;

tarmoqlanish tamoyili — har bir bo’limlardan (modullardan) gipermatnli havolalar orqali boshqa bo’limlar bilan bog’lanish imkoniyatlari mavjudligi, o’rganilayotgan fan materiallari cheklanmagan holda bosqichma-bosqich o’zlashtirib borish imkoni bo’lishi.

boshqaruvchanlik tamoyili — ta’lim oluvchilar ekranda tasvirlanadigan kadrlarning almashuvini o’zlari mustaqil boshqara olishlari, istalgan mavzu yoki ma’lumotlarni, tushunchalar, fikrlar, illyustratsiya materiallari va multimediyalarni ekranga chiqarish imkoniga ega bo’lishi, o’quvchi va ta’lim oluvchilarga bilim va ko’nikmalarni nazorat savollari, testlar va amaliy mashg’ulotlar orqali tekshirish imkoniyati mavjudligi;

ko’nikuvchanlik tamoyili — elektron darslik o’quv jarayonida aniq foydalanuvchi ehtiyojlariga ko’nikib borishini ta’minlashi, o’rganilayotgan materialning chuqurligi va murakkabligini hamda ta’lim oluvchining kelgusi ta’lim bosqichiga bog’liq holda amaliy yo’naltirilganligini o’zgartirib borishga imkoniyat yaratishi, foydalanuvchilar o’z ehtiyojlariga ko’ra qo’shimcha illyustratsiya materiallarini yuzaga keltira olishlari, o’rganilayotgan tushunchalarni chizma va geometrik jihatdan talqin qila olishlariga xizmat qilishi;

kompyuterli qo’llab quvvatlash tamoyili — ta’lim oluvchilar o’rganish jarayonining istalgan paytida o’quv materialining mohiyatiga o’ziga diqqatni jalb etishga undovchi topshiriq va masalalarni qarab chiqish hamda ularni bajarishda kompyuterdan foydalanishlari uchun sharoit mavjudligi. Elektron o’quv adabiyotini kompyuterda o’rganishda murakkab almashtirish amallarini, turli xil hisoblashlarni va grafiklarni tuzib chiqish, rasm va sxemalarni chizish, murakkab darajadagi turli amallarni bajarish imkoniyatlari mavjudligi;

yig’iluvchanlik tamoyili — elektron darslikni yangi bo’limlar va mavzular, fan va texnika yangiliklari bilan kengaytirib va to’ldirib borishga imkon berishi hamda maxsus va alohida fanlar bo’yicha elektron kutubxonalarni yoki ta’lim oluvchilar, (u o’qiyotgan mutaxassislik va kursga mos holda) o’qituvchilar yoki tadqiqotchilarning xususiy elektron kutubxonalarini shakllantirishiga imkon yaratishi.

  1. Elektron darslikka qo’yiladigan umumiy talablar quyidagilar:

elektron darslikning mazmuni va tarkibi ta’lim standartlari, malaka talablari, o’quv reja va fan dasturlariga mos kelishi kerak;

elektron darslikning tuzilmasi va mazmuni o’quv materialini chuqur o’rganishga mo’ljallash bilan bir vaqtda o’rganilayotgan fanning o’quv dasturiga mos kelishi kerak;

o’qitishda ilmiylikni, fan, texnika va texnologiyalarning so’nggi yutuqlarini hisobga olishda o’quv materiali mazmunining yetarlicha chuqurligini, ishonchliligini ta’minlash, o’quv materialini elektron darslik yordamida o’zlashtirish jarayoni o’qitishning zamonaviy usullari bilan mos ravishda qurilishi zarur;

elektron darslik ta’lim oluvchilarning yoshi hamda alohida xususiyatlariga xos o’quv materialini o’rganishning murakkablik va chuqurlik darajasini aniqlashi zarur, o’quv materialini haddan ziyod murakkablashtirish va ortiqcha yuklashga yo’l qo’ymasligi lozim;

ta’lim oluvchiga an’anaviy o’quv adabiyotlarida imkoni bo’lmagan muammoli topshiriqlar, mashqlar, amaliy mashg’ulotlarni bajarishga imkon yaratishi kerak;

o’qitishning ko’rgazmaliligini ta’minlashi, ta’lim oluvchilar tomonidan o’rganilayotgan ob’ektlar, ularning maketlari, uch o’lchamdagi modellarini sezgili qabul qilish va shaxsan kuzatish imkonini berishi lozim;

elektron darslikdan foydalanishda bilimlarni o’zlashtirish mustahkamligi ta’lim oluvchilarning o’quv materialini mustahkam o’zlashtirishlari uchun, ularni chuqur fikrlash, xotirada saqlash kabi qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi kerak;

elektron darslik o’quv faoliyatining izlash, yig’ish, saqlash, tahlil, ishlov berish kabi ko’rinishlarini avtomatlashtirishni, hisoblashlarni, loyihalash va konstruktsiyalashni, tajriba, eksperimentning natijalariga ishlov berishni, nazorat topshiriqlarni, axborotli ishlov berishni avtomatlashtirishni ko’zda tutishi kerak;

elektron darslik murakkab ob’ektlar (mashina, uskuna, apparat, moslama va h.k.) ishining imitatsiyasini, turli jarayonlarni real, tezlashtirilgan yoki sekinlashtirilgan vaqt masshtabida o’tish vositalarini tarkibida saqlashi kerak.

  1. Elektron darslikka qo’yiladigan o’ziga xos didaktik talablar quyidagilar:

moslashuvchanlik talabi — elektron darslik ta’lim oluvchining xususiy imkoniyatlariga, ya’ni o’qitish jarayonida ta’lim oluvchining bilimi, ko’nikmalari va psixologik xususiyatlariga moslashtirilgan bo’lishi;

o’qitishning interfaollik talabi — elektron darslik o’qitish jarayonida ta’lim oluvchi bilan o’zaro hamkorlikni ta’minlashi, interfaol muloqot va qaytarma aloqani ta’minlashi;

vizuallashtirish talabi — elektron darslik o’quv axborotini taqdim qilishida kompyuter vizuallashtirish imkoniyatlarini joriy qilish zarurligi;

ta’lim oluvchining intellektual qobiliyatini rivojlantirish talabi — fikrlash, murakkab vaziyatlarda mustaqil qarorlar qabul qila olish mahorati, axborotga ishlov berish bo’yicha ko’nikmalarni shakllantirishga imkon berishi;

tizimlilik talabi — elektron darslik o’quv materialini namoyish qilishning tizimlilik va funktsional bog’liqligini, to’liqligi va uzluksizligini ta’minlashi.

Elektron darslik o’zida muammoli va izlanish topshiriqlarining intellektual o’rgatuvchi tizimiga ega bo’lishi, o’quv materialini taqdim etishning tushunchali, obrazli va harakatli komponentlarining o’zaro bog’liqligiga tayangan holda qurilishi kerak.

  1. Elektron darsliklarga qo’yiladigan umumiy texnik, texnologik talablar. Elektron darslik:

lokal va boshqa tashqi axborot tashuvchilarda, tarmoqli tartibotda harakatlanishi;

multimediya va telekommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy vositalarini maksimal qo’llash imkonini berishi;

ishlash qobiliyati puxta va barqaror bo’lishi;

turli elektron tashuvchilarni qo’llash imkoniyatiga ega bo’lishi;

lokal va tarmoqli tartibda ishlash imkoniyati mavjud bo’lishi;

jamoaviy ishlash imkonini (o’qituvchi ta’lim oluvchilar bilan interaktiv va qaytarma aloqada bo’lishi) berishi kerak.

  1. Elektron darsliklarni yaratishning o’quv-uslubiy, texnik, texnologik tartibi tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqiladi.

6-bob. YAkunlovchi qoida

  1. Ushbu Talablarning bajarilishida aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.10.2018 y., 09/18/816/2032-son)